Mil. avv. IV asrdaXorazm Ahamoniylar davlatidan ajralib chiqib, mustaqil davlatga aylandi. Makedoniyalik Aleksandr va salavkiylar hukm ronligi davrida ham Xorazm davlati mustaqil edi. Bu o‘lka aholisi xo‘jaligining asosini dehqonchilik tashkil etgan. Milodiy II–III asrlarda Tuproqqal’a shahrida ulug‘vor va muhtasham qurilish ishlari amalga oshirilgan edi. Shahar qudratli mudofaa devorlari bilan o‘ralib, devor burchaklarida burjlar qurilgan. Markazdan o‘tgan ko‘cha shaharni ikki qismga bo‘lgan, undan esa, yon-atrofga ko‘chalar ketgan, mahallalar bir-biridan ajralib turgan. Markaziy maydonda muhtasham saroy va ibodatxonalar joylashgan. Qasrdagi saroy devorlari shohlar, lashkarlar, sozandalar, shuningdek, hayvonlar va qushlar tasviri bilan bezatilgan. 20 dan ortiq bo‘yalgan loy haykallar zallardan biridagi tokchalarda devor bo‘ylab o‘rnatilgan. Xorazmda ayniqsa hunarmandchilik yuksak darajada rivoj topgan. Kulolchilik, temir, mis asboblar, qurollar, zargarlik buyumlariga talab katta bo‘lgan. Xorazm aholisi So‘g‘diyona, Marg‘iyona, Baqtriya va dasht ko‘chmanchilari bilan yaqindan savdo munosabatlarini o‘rnatgan. Bu o‘lkadan muhim karvon yo‘llari o‘tgan. Mil. avv. I asrda va milodiy dastlabki asrlarda Xorazmda kumush va mis tangalar zarb qilingan.