Dialektika (yunon. dialektika — bahs, suhbat) tabiat, jamiyat va bilish taraqqiyoti qonuniyatlari hamda ularning asosida shakllanadigan umumiy tafakkur uslubi va amaliy faoliyat haqidagi ta’limotdir.
"Metafizika"(yunon.— fizikadan keyin) - olamdagi narsa va hodisalarni o‘rganishda ularning muayyan vaqt davomida nisbatan o‘zgarmasdan, alohida turgan holatiga diqqatni ko‘proq qaratadigan usuldir.
Sofistika - "sopism" so‘zi asosida, ya’ni ataylab xilma-xil ma’noga ega bo‘lgan tushunchalarni ishlatish orqali kerakli, ammo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, ko‘chma ma’no-mazmunga erishish usuli, deb ta’kidlanadi. Sofizm — qarama-qarshi fikrlar asosida ixtiyoriy tanlangan foydali mulohaza bo‘lib, uning yordamida har qanday narsa yoki fikrni isbotlay olish mumkin. Eklektika – hech qanday bilim faoliyati bilan bog‘lanmagan, bir-biriga zid dalillarga asoslanadi va olamni buzib yolg‘on aks ettiradi. U narsa va hodisalarning ikkinchi darajali belgi xususiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish orqali noto‘g‘ri bilim hosil qiladi.
Sinergetika — olamning o‘z-o‘zini tashkil etishi, makon va zamonda narsa va voqealarning azaliy ketma-ketligi, o‘zaro aloqadorligi, ularning muayyan tizimlardan iborat sababiy bog‘lanishlar asosida mavjudligini e’tirof etishga asoslangan ilmiy qarashlar majmuidir.
Umumilmiy yondashuvlar va tadqiqot metodlari ular falsafa bilan maxsus fanlarning fundamental nazariy-metodologik qoidalari o‘rtasida o‘ziga xos «oraliq metodologiya» bo‘lib xizmat qiladi. Umumilmiy tushunchalar qatoriga ko‘pincha «axborot», «model», «tuzilma», «funksiya», «tizim», «element», «oqilonalik», «ehtimollik» singari tushunchalar kiritiladi.
Xususiy ilmiy metodlar–materiya harakatining asosiy shakliga mos bo‘lgan muayyan fanda qo‘llaniladigan bilish usullari, tamoyillari, tadqiqot usullari va tartib-taomillari majmui. Mexanika, fizika, kimyo, biologiya va ijtimoiy-gumanitar fanlarning metodlari shular jumlasidandir.
Fan metodlari–ma’lum fan tarmog‘iga kiruvchi yoki fanlar tutashgan joyda vujudga kelgan muayyan fan sohasida qo‘llaniladigan usullar tizimi. Har bir fundamental fan, mohiyat-e’tibori bilan, o‘z predmetiga va o‘ziga xos tadqiqot usullariga ega bo‘lgan sohalar majmuidir.