So‘zning ob’ektiv borliqdagi narsa va hodisalar haqidagi dastlabki ma’nosi so‘zning leksik yoki denotativ ma’nosi deyiladi. Masalan: non-oziq-ovqat, keldi-harakat. So‘zning leksik ma’nosi uning o‘zak negizida bo‘ladi.
So‘zning leksik ma’nosiga qo‘shimcha tarzda sub’ektning his-tuyg‘u, kayfiyatini, turli munosabatini ifodalovchi ma’no so‘zning qo‘shimcha (konnotativ) ma’nosi deyiladi. Masalan: yuz, aft, chehra. Bu sinonimik qatorda atash ma’nosi bitta, qo‘shimcha ma’no har xil. Emotsional-ekspressiv yoki qo‘shimcha ma’no so‘zning semantik tarkibida bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Masalan: novcha so‘zining leksik ma’nosi-uzun, qo‘shimcha ma’nosi yo‘q. Naynov so‘zida leksik ma’no va salbiy munosabat mavjud, ya’ni emotsional-ekspressiv munosabat bor. So‘zlardagi uslubiy belgi so‘zning nutq funksional stillaridan biriga xosligini ham ko‘rsatadi. Masalan: ozod so‘zi neytral, hur so‘zi badiiy uslubga xosdir.
Demak, so‘zlardagi qo‘shimcha ma’no emotsional-uslubiy va funksional-uslubiy ma’nolar shaklida ifodalanishi mumkin. Leksik ma’no va grammatik ma’no
Gapni tashkil etgan har bir so‘z o‘zining leksik ma’nosi bilan bir qatorda kamida ikki va undan ortiq grammatik vazifani bajaradi. Paxta gulladi. Paxta so‘zi texnika o‘simligining bir turini, gulladi esa holati-o‘zgarganligi, ya’ni gullaganini bildiradi. Bu gapdagi so‘zlar yuqorida qayd qilingan ma’nolardan tashqari, paxta predmet nomini bildiradi, bosh kelishik va birlik sonida, gapda ega vazifasida kelgan. Gulladi so‘zi fe’l, o‘tg‘an zamon, birlik, uchinchi shaxs, o‘timsiz, aniqlik maylini bildiradi, gapda esa kesim vazifasida kelgan.
Shunday qilib, so‘zning biror tushuncha, ya’ni denotat ifodalashi so‘zning leksik ma’nosi deyiladi.
So‘zning morfologik va sintaktik xususiyatlari uning grammatik ma’nosi deyiladi.
So‘zlar gapda ma’lum sharoitda o‘z leksik-grammatik ma’nosini o‘zgartirishi mumkin.
1. Yakka so‘zlar boshqa so‘zlar bilan aloqaga kirmay leksik-grammatik ma’noga ega bo‘ladi: tosh, yog‘och, temir so‘zlari predmet, bosh kelishi, birlikni bildiradi.
2. So‘zlar bir-biri bilan grammatik jihatdan bog‘langanda dastlabki leksik-grammatik ma’nosini saqlagan holda, ya’ni boshqacha leksik-grammatik ma’no kasb etadi: tosh yul, yo‘g‘och ko‘prik temir eshik. Bu so‘zlar asl leksik ma’nolarini saqlagan holda predmet ma’nosidagi keyingi so‘zlarning belgisini, qanday materialdan yasalganligini ko‘rsatyapti.
Leksik-grammatik ma’no nutqda so‘z ma’nolarini va vazifalarini turini anglashga yordam beradi. Jumladan, o‘zbek tilida ot va otlashgan so‘zlar egalik, kelishik affikslarini qabul qiladi. Fe’llar tuslanadi: Rejali ish buzilmaydi. Ikkinchidan, predmetga so‘zlovchining munosabatini bildiradi: Kichkina dekcha - ichi to‘la mixcha. Bu munosabatlar gapdagi grammatik shakllar-gina -kina, -cha kabi kichraytish erkalash ma’nosidagi qo‘shimchalar bilan ro‘yobga chiqqan.