Bu guruhchani xrom Cr, molebden Mo va volfram W elementlari tashkil etadi. W bilan Mo siyrak elementlardir. Xrom va molebdenning sirtqi qavatida 1 ta, sirtdan ikkinchi qavatida 13 ta, volframning sirtqi qavatida 2 ta va sirtdan ikkinchi qavatida 12 ta elektron bor. Sirtqi qavatlarda elektronlari kam bo’lgani uchun, ular elektronlar berib reaksiyaga kirishadi. Bu esa ularda metallik xossalarini borligini ko’rsatadi. Ular shu xossalari jihatdan VI guruh bosh guruhi elementlardan farq qiladi. Bosh guruhcha elementlarining sirtdan ikkinchi qavatlarida ba’zilarida 8 ta, ba’zilarida esa 18 ta elektron bo’ladi, shuning uchun bu elementlar birikmalar hosil qilganda, barqaror qavatlardagi elektronlar ishtirok etmay, faqat sirtqi qavatlardagi elektronlar ishtirok etadi. Yonaki guruhcha, ya’ni xrom guruhcha elementlarida esa sirtdan ikkinchi qavat barqaror emas, shuning uchun bu qavatlarning elektronlari ham birikmalar hosil qilishda ishtirok etadi. Xrom guruhchasi elementlarining elektron konfiguratsiyalari quyidagicha:
Cr[Ar]3d54s1; Mo[Kr] 4d55s1; W[Xe] 4f145d56s1;
Shunday qilib, bu elementlarning valentligi 2 dan 6 gacha bo’ladi. Xrom guruhchasidagi elementlar 6 valentli birikmalarida kislota xarakterida bo’ladi, ya’ni bosh guruhcha elementlariga o’xshaydi, masalan: CrO3, MoO3, WO3, K2CrO4, (NH4)2MoO4, CaWO4. Bu elementlarning past valentliklarida metall xossalar namoyon bo’ladi, masalan: CrCl2, Cr2(SO4)3, CrO2Cl2, MoO2F2, WO2Cl2 va hokazo. 3 valentli xrom birikmalari ham muhimdir. Bu elementlarning kislotalik xossalari Cr dan W ga tomon zaiflashadi.
Xromning atom massasi 52 (Z=24) ga teng. Uning 50Cr (4,31%), 52Cr (88,76%), 53Cr (9,55%), 54Cr (2,38%) tabiiy izotoplari va bitta radioaktiv izotopi 51Cr bor. Xrom yer po’stlog’ining 0,03% ni tashkil etadi. U 1727 yilda Sibir rudasi RbCrO4 dan topilgan va chiroyli rangda bo’lgani uchun xrom (rang) deb atalgan: 4 ta tabiiy va 6 ta sun’iy izotopi mavjud.
Xrom tabiatda ko’pincha xromit (xromli temirtosh) Fe(CrO2)2 holida uchraydi va odatda FeO∙Cr2O3 shaklida yoziladi. Xrom ba’zan krokoit RbCrO4 holda ham uchraydi. Xromning eng muhim konlari Ural, Kavkaz va Qozog’istondadir. Oyda ham xrom borligi aniqlandi.
FeO∙Cr2O3 ga ko’mir ta’sir ettirilsa, undan temir va xrom qaytariladi:
FeO∙Cr2O3 + 4С = Fe + 2Cr +4CO
Fe(CrO2)2 + 4СO → Fe + 2Cr +4CO2 Bundan temir bilan xrom qotishmasi olinadi, bu qotishma ferroxrom deb ataladi va to’g’ridan – to’g’ri xromli po’latlar ishlab chiqarishga ketadi. Agar toza xrom olinishi kerak bo’lsa, xrom rudasidan avval Cr2O3 olinadi, keyin u alyuminotermiya usuli bilan qaytariladi:
Cr2O3 + 2Al = Al2O3 + 2Cr
Bu usulda olingan xrom toza bo’lmay, unga ozroq alyuminiy aralashib qoladi. Shu sababli toza xrom olish uchun Cr2O3 kremniy bilan qaytariladi:
2Cr2O3 + 3Si → 3SiO2 + 4Cr
Xrom och kulrang tusli qattiq va yaltiroq metalldir: uning solishtirma og’irligi 7,1 ga teng tc= 1890 0C, t = 26600C havo va nam ta’siriga berilmaydi, ya’ni korroziyalanmaydi, chunki xrom havoda oksidlanib uning sirti yupqa zich oksid Cr2O3 qavat bilan qoplanib qoladi, bu qavat xromni havo va nam ta’siridan saqlaydi. Suyultirilgan qaynoq xlorid va sulfat kislotalar ta’sir eritilganda, xrom sirtidagi Cr2O3 qavati kislotalarda eriy boshlaydi va kislota tarkibidagi vodorodni siqib chiqaradi. Xrom suyultirilgan nitrat kislota ta’sirida oksidlanadi, konsentrlangan nitrat kislota ham xromni passivlashtiradi. Agar xrom sirtidagi passiv parda qirilib yoki HCl qo’shib isitish yo’li bilan eritib yuborilsa, passiv xrom faollashib ketadi. Xrom faollashgandan keyin sovuq HCl va H2SO4 da ham yaxshi erib, vodorodni siqib chiqaradi. Bunday xromning elektr musbat ionlanish qobiliyati ancha kuchlidir, u faollik qatorida rux bilan temir orasida turadi. Passiv xrom oltin va platinadan ham passivroq deyish mumkin.