Dehqonchilik ishlab chiqarish xarajatlari hisobi va mahsulot tan-fayllar.org
2.4. Dehqonchilik xarajatlari va mahsulotlar olinishining dastlabki, analitik va sintetik hisobi. Dehqonchilik xarajatlari va mahsulotlar olinishi toʼgʼrisidagi barcha yozuvlar tegishli dastlabki hujjatlar maʼlumotlariga asosan yoziladi. Bunday dastlabki hujjatlar toʼrt guruhga: mehnat, mehnat buyumlari va mehnat vositalari sarfi hamda mahsulot chiqishiga oid hujjatlar.
Mehnat sarfini hisobga olish hujjatlarida dehqonchilik tarmogʼida oʼstirilayotgan ekinlar boʼyicha muayyan ishlarni bajarish uchun sarflangan mehnat va hisoblangan toʼlov aks ettiriladi. Mexanizatsiyalashtirilgan ishlarda traktorchi mashinistning hisob varaqalari (67- va 67-b shakllar), mexanizatsiyalashtirilmagan ishlarda mehnat hisobi va bajarilgan ishlar varaqalari (66- va 66-a shakllari) qoʼllanadi. Shuningdek, ishbay ishlarda ishlangan vaqtni hisobga olish uchun – ish vaqtini hisobga olish tabeli (64-shakl) qoʼllanadi.
Mehnat predmetlari sarfi hisobga olinadigan hujjatlarda dehqonchilik tarmogʼida sarflangan turli moddiy qiymatlar: urugʼlik, oʼgʼit, zaharli ximikatlar, gerbitsidlar, ehtiyot qismlar va hokazolarni qayd etadi. Ekishga sarflangan urugʼ va ekish materiallari urugʼ va ekish materillarini sarflash dalolatnomasi (119-shakl), oʼgʼit, zaharli ximikat va gerbitsidlar sarfi – maʼdanli, organik va bakterial oʼgʼitlar zaharli ximikatlar va gerbitsidlarni ishlatish toʼgʼrisida dalolatnoma (118-shakl), mayda inventar va buyumlar – ishlab chiqarish va xoʼjalik inventari va buyumlarni hisobdan chiqarish dalolatnomasi (126-shakl) bilan rasmiylashtiriladi va hokazo. Dastlabki hujjatlar koʼrsatkichlari oy oxirida moddiy qiymatlar harakati haqidagi hisobotlarda (121-shakl) umumlashtiriladi, shundan soʼng boʼlinmalarning ishlab chiqarish hisobotlariga moddiy qiymatlar sarfi haqida tegishli yozuvlar kiritiladi.
Mehnat vositalari sarfini hisobga olish hujjatlari dehqonchilik tarmogʼida foydalanilgan mehnat vositalari boʼyicha xarajatlar, xususan hisoblangan amortizatsiya ajratmalari aks ettiriladi. Bunga amortizatsiyani hisoblash va taqsimlash boʼyicha turli hisob-kitoblar: yil boshidagi holatiga koʼra asosiy vositalar boʼyicha amortizatsiya ajratmalar hisob-kitobi kelib (52-shakl) tushgan va chiqib ketgan asosiy vositalar boʼyicha amortizatsiya ajratmalari hisob-kitobi (60-shakl), bir oylik amortizatsiya ajratmalarini hisoblash qaydnomasi (62-shakl), dehqonchilik tarmogʼidagi asosiy vositalari boʼyicha hisoblangan amortizatsiyasi taqsimlash qaydnomasi (63-shakl).
Bu guruh bilan asosiy vositalarni joriy taʼmirlash boʼyicha hujjatlar uzviy boglangan. Bularga mashinalarni taʼmirlash uchun defektlar qaydnomasi (130-shakl), joriy taʼmirlash xarajatlarini taqsimlash qaydnomasi taalluqlidir.
Mahsulotlar chiqishini hisobga olish boʼyicha hujjatlar: don, texnik ekinlar, sabzavot, meva, ozuqa kabi dehqonchilik tarmogi mahsulotlarini kirim qilish qayd etiladi. Bularga: don ekinlari boʼyicha – don va boshqa mahsulotlarni daladan joʼnatish qaydnomasi (77-shakl), mahsulotni daladan olib chiqish yoʼllanmasi (77-a-shakl), donni talonli hisobga olish usulida talonlar (77-b,77-v,77-g-shakl), don va boshqa mahsulotlarni qabul qilish reestri (78-shakl), donni tarozibon tomonidan qabul qilish reestri (78-a-shakl), don va boshqa mahsulotlar harakati qaydnomasi (80-shakl); kartoshka, sabzavot, meva, rezavor meva va boshqa ekinlar boʼyicha - qishloq xoʼjalik mahsulotining kelib tushish qaydnomasi (82-shakl), yopiq yerga ekilgan mahsulotning kelib tushish qaydnomasi (83-shakl), bogʼdorchilik mahsulotlarini kelib tushish qaydnomasi (84-shakl); ozuqa ekinlari boʼyicha – dagʼal va shirali ozuqalarni qabul qilish dalolatnomasi (92-shakl), yaylov ozuqalarini kirim qilish dalolatnomasi (93 va 93-a-shakllari) kiradi. Dehqonchilik tarmogʼida xarajatlarni hisobga olish boʼyicha ham, mahsulotlar chiqishini hisobga olish boʼyicha ham koʼp miqdordagi xilma-xil hujjatlardan foydalaniladi. Har bir guruh hujjatlaridagi maʼlumotlar ularga ishlov berilganda maʼlum belgilariga koʼra hujjatlarning harakatlanishi va ishlatilish tavsifiga koʼra bir tizimga solinadi. Mehnat sarflari hisobga olinadigan hujjatlarning maʼlumotlari ish haqi hisoblash va toʼlash uchun har bir xodim hamda xodimlar toifasi boʼyicha ish haqi fondidan foydalanishni nazorat qilish maqsadida umumlashtiriladi. Mehnat predmetlarini hisobga olinadigan hujjatlarning maʼlumotlari moddiy javobgar shaxslar hamda moddiy qiymatlarning kelib tushishi va sarflanishi yoʼnalishlari boʼyicha bir tizimga solinadi. Mehnat vositalarining sarflanishi hisobga olinadigan hujjatlarning maʼlumotlari bir turdagi asosiy vositalar guruhlari va turlari hamda asosiy vositalardan foydalanish yoʼnalishlari boʼyicha bir tizimga solinadi. Mahsulotlar chiqishi hisobga olinadigan hujjatlar maʼlumotlari mahsulot turlari, moddiy javobgar shaxslar, mahsulotning kelib tushish va sarflanish yoʼnalishlari boʼyicha bir tizimga solinadi.
Shuningdek, dehqonchilik sohasidagi barcha hujjatlarning maʼlumotlari xarajatlarni hisobga olish obʼektlari – ish turlari hamda ekinlar (ekin guruhlari) boʼyicha albatta bir tizimga keltiriladi. Bunday bir tizimga keltirishda maxsus ishlab chiqilgan jamgʼarma vedomostlar va jurnallardan foydalaniladi. Masalan, yuqorida aytib oʼtilgan mehnat sarflari toʼgʼrisidagi va boshqa ayrim hujjatlarning maʼlumotlari yuqorida koʼrib chiqilgan, taʼmirlash ustaxonasidan foydalanish, jamgʼarma qaydnomasi (73-shakl) hamda ish va boshqa xarajatlarni hisobga olish jurnalida (37-shakl) toʼplanadi.
Ish va xarajatlarni hisobga olish jurnallari ishlab chiqarish boʼlinmalarida yuritiladi. Ularda har bir ekin (ekinlar guruhi), bajariladigan ishlar va hisobning boshqa obʼektlari uchun taxmin qilinayotgan yozuvlar miqdoriga koʼra sahifalar ajratiladi. U yoki bu ekinga taalluqli ish turlari texnologik kartaga muvofiq tarzda yoziladi. Har bir hisob obʼekti boʼyicha bajarilgan ishlarning hajmi naturada hamda shartli etalon gektarga aylantirib, ishlangan vaqt soatlarda va hisoblab oʼtkazilgan toʼlov (traktorchilar va boshqa xodimlar boʼyicha alohida-alohida), yoqilgʼi sarfi (norma boʼyicha va haqiqiysi), yorugʼlik va ekish materiallarining sarfi va boshqa xarajatlar qayd etiladi. Ish va xarajatlarni hisobga jurnali dastlabki hujjatlar asosida, taʼmirlash ustaxonasi xarajatlari boʼyicha esa taʼmirlash ustaxonasidan foydalanish jamgʼarma qaydnoma (37-a-shakl) asosida qilinadi.
Dehqonchilik tarmogʼida qilingan xarajatlar va yetishtirilgan mahsulotlar 2010-«Dehqonchilik» schyotida hisobga olinadi.
Bu schyot debetida mahsulot yetishtirish uchun qilingan xarajatlar hisobga olinsa, kreditida esa yetishtirilgan mahsulotlarning reja tannarxida baholangan qiymati va yil oxirida reja tannarxi bilan haqiqiy tannarx oʼrtasidagi tafovut aks ettiriladi.
Tugallanmagan ishlab chiqarish xarajatlari yil oxirida ushbu schyot debetida qoldiq tarzida aks ettirilib, yillik balansda koʼrsatiladi.
Boshqaruv buxgalteriya hisobini tashkil etishda xoʼjalik boʼyicha xarajat obʼektlarini toʼgʼri belgilab olish muhim ahamiyatga ega. Dehqonchilikda xarajat obʼektlari boʼlib ekin turlari yoki guruhlari, ishlar, taqsimlanadigan xarajat turlari va boshqa obʼektlar hisoblanadi.
Dehqonchilikda xarajatlar va olingan mahsulotlarning analitik hisobi “Dehqonchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot chiqishini hisobga olish qaydnomasi”da yuritiladi. Ushbu qaydnoma maʼlumotlari xarajat limitlariga rioya qilinishini nazorat qilish hamda butun xoʼjalik boʼyicha analitik va sintetik hisobni tashkil etish uchun foydalaniladi. Qaydnomada xarajatlar har oyda oʼsimliklar (oʼsimlik guruhlari) va tegishli xarajat moddalari boʼyicha bir oylik va yil boshidan oʼsib boruvchan tartibda aks ettirib boriladi.
Аyrim oʼsimliklarni parvarishlash uchun qilingan xarajatlarni hisobga olishga moʼljallangan analitik schyotlardan tashqari, mustaqil hisob obʼektlarini aks ettirish uchun quyidagi analitik schyotlar ochiladi: «Oʼsimlikchilikda ishlatilgan asosiy vositalar boʼyicha taqsimlanmagan amortizatsiya ajratmalari», «oʼsimlikchilikda ishlatilgan asosiy vositalarning taqsimlanadigan joriy taʼmirlash xarajatlari», «taqsimlanadigan sugʼorish xarajatlari», «shoʼr yuvish xarajatlari» va h.k. Bu analitik schyotlarda oʼsimlik turlari(oʼsimlik guruhlari)ga bevosita oʼtkazib boʼlmaydigan tegishli xarajatlar yil davomida toʼplanib boradi.
Oʼsimlik va ish turlari boʼyicha guruhlangan jami maʼlumotlar oy oxirida ishlarni va xarajatlarni hisobga olish jurnali (37-shakl)dan qaydnomaga oʼtkaziladi.
Аmortizatsiya, joriy taʼmirlash xarajatlari, sugʼurta toʼlovlari va oʼsimlikchilik boʼlinmasiga biriktirilgan qishloq xoʼjalik mashinalarini saqlash va ulardan foydalanish xarajatlari yordamchi ishlab chiqarishlar, asosiy vositalarni saqlash va ishlatish boʼyicha yil davomida toʼplanib boriladi. Koʼrsatilgan xarajatlar yil oxirida tegishli oʼsimliklar (oʼsimliklar guruhi) va boʼlinmadagi hamda boshqa boʼlinmalardagi hisob obʼektlariga bajarilgan shartli etalon gektarlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Buning uchun mazkur qaydnomada ishlangan shartli etalon gektarlarda oʼsimliklar (oʼsimliklar guruhi) boʼyicha aks ettiriladi. Bundan tashqari, yil oxirida, tegishli oʼsimlik turlari (guruhlari)ga xizmat koʼrsatgan boshqa boʼlinmalardagi asosiy vositalarning amortizatsiyasi, joriy taʼmirlash xarajatlari, sugʼurta toʼlovlari va boshqa qishloq xoʼjalik texnikalarini saqlash va foydalanish boʼyicha boshqa xarajatlar oʼtkaziladi.
Oy oxirida, korrespondentsiyalanuvchi schyotlar boʼyicha bir tizimga keltirilgan jami xarajatlar, qaydnomadan 10-АSK jurnal-orderga oʼtkaziladi.
Qaydnomaning II «Oʼsimlikchilik mahsulotlari chiqishi» boʼlimida yigʼib-terib olingan maydon, kirim qilingan mahsulotlar miqdori, qiymati koʼrsatiladi.
Bundan tashqari, qaydnoma maʼlumotlaridan fermer xoʼjaligining faoliyatini yakunlash, mahsulot yetishtirish boʼyicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishi va ishlab chiqarish xarajatlari limitlariga rioya qilinishini aniqlanadi.
Oy davomida 2010-schyoti kreditining korrespondentsiyalanuvchi schyotlar boʼyicha barcha muomalalar bir tizimga keltirilib, jami maʼlumotlar qaydnomadan 10-АSK jurnal-orderga oʼtkaziladi.
Yil davomida oʼsimlikchilikdan olingan mahsulotlar reja tannarxi boʼyicha baholanib, 2010—schyot kreditidan 2811-«Ombordagi oʼsimlikchilik mahsulotlari» schyotining debetiga kirim qilinadi.
Аgar mahsulot olinayotgan paytida urugʼlik yoki yem-xashak sifatida foydalanilishi maʼlum boʼlsa, 2010 schyot kreditidan toʼgʼridan-toʼgʼri 1010-«Xom-ashyo va materiallar» schyotiga tegishli oʼsimlik turi boʼyicha urugʼlik analitik schyoti (masalan, «urugʼlik sholi») ochilib qabul qilinadi.
Yil oxirida, 2010 schyot boʼyicha yordamchi ishlab chiqarish bajargan ishlarning reja va haqiqiy tannarxi oʼrtasidagi farqlar, hamda umumishlab chiqarish xarajatlarining oʼsimlikchilikka toʼgʼri keladigan ulushi aks ettirilgandan soʼng oʼsimlikchilik mahsulotlari tannarxini hisoblashga doir tayyorgarlik ishlariga kirishiladi.