45-rasm. Saramas. aramasning eritematoz shaklida giperemiya sog‘lom teridan aniq chegaralar bilan ajralib turadi. Yallig‘lanish o‘chog‘ining qirralari notekis bo‘lib, geografik karta tuzi- lishini eslatadi. Yallig‘lanish sohasi sog‘lom teri sathidan ko‘tarilgan, paypaslaganda is- siq, og‘riqli bo‘ladi. Shish darajasi odatda yallig‘lanish jarayonining joylashgan yeriga bog‘liq: yuz sohasida (ayniqsa qovoq va lablarda), barmoq- larda, jinsiy a’zolarda shish
ko‘proq rivojlangan bo‘ladi. Mahalliy yallig‘lanish jarayonining xarakteri bo‘yicha eritematoz (faqat giperemiya va shish) va eritematoz-bullyoz (giperemiya, shish va yallig‘lanish o‘chog‘ida epidermiyaning ko‘chib tushishi natijasida pufaklar — bullalar hosil bo‘lishi) kuzatiladi. Teri osti klet- chatkasining yiringli yallig‘lanishi natijasida flegmona rivojlanadi. Saramasning eritematoz-bullyoz shaklida bir necha soatlar yoki 3 kundan keyin terining ayrim zararlangan joylarida epidermis ko‘chib tusha boshlaydi, har xil kattalikda seroz suyuqlik bilan to‘lgan pufakchalar hosil bo‘ladi. Keyinchalik pufakchalar yorilib, suyuqlik chiqadi, po‘st tushishi natijasida nozik teri ko‘rinadi. Kasallikning bu shaklida chandiqlar qolmaydi.
Saramasdagi umumiy belgilar kuchli, lekin ko‘p davom etmay- digan harorat reaksiyalari, bosh og‘rig‘i, umumiy holsizlik bilan xarakterlanadi. Ba’zan kuchli intoksikatsiya rivojlanishi mumkin. Qo‘zg‘alish va alahsirashlar kuzatilishi mumkin. Yuqori harorat odatda 3—4 kun davomida doimiy turadi, so‘ngra esa ertalabki va kechki harorat o‘rtasida ozroq o‘zgarishlar paydo bo‘ladi (ko‘pincha 1°C atrofida). Asta-sekinlik bilan harorat subnormal ko‘rsat- kichgacha tushishi mumkin. Xuddi shunday mahalliy yallig‘lanish o‘chog‘i ham asta-sekin tuzala boshlaydi. 8—12 kundan keyin sog‘ayish kuzatiladi. Kasallik o‘chog‘idagi mahalliy o‘zgarishlar ularning rivojlanish intensivligiga qarab 5—15-kunlari yo‘qoladi. Asoratlariga teri po‘stining tushishi va pigmentatsiyalar kiradi. Saramas residivlari kasallikdan keyin bir necha kundan to 2 yilgacha kuzatilishi mumkin. Kasallik residivida yallig‘lanish o‘chog‘i boshqa joylarda uchraydi. Kasallik residivining sabablari to‘la bo‘lma- gan va noto‘g‘ri davolanish hamda qoldiq asoratlar bo‘lishi mumkin. Tez-tez uchraydigan residivlarda isitma davri odatda qisqa (1—2 kun), mahalliy jarayonlar kam rivojlanadi va bemorlar ko‘pincha o‘zlarini yaxshi his etadilar. Saramasning asoratlari turlichadir. Ular barcha streptokokkli kasalliklar (revmatizm, miokardit, nefrit, sepsis va b.) uchun umumiy va saramas uchun spetsifik bo‘lishi mumkin. Spetsifik asoratlarga teridagi yaralar va teri nekrozlari (saramasning gangrenoz shakli), abssesslar va teri osti kletchatkasidagi flegmonalar, bullez elementlarning yallig‘lanishi va tromboflebitlar kiradi. Saramasning ko‘p marta kuzatilgan residivlari bir joyda uchrasa, limfa aylanishi buzilib, qo‘shuvchi to‘qima o‘sishi va saramasning og‘ir asorati — fillashuv (teri va teri osti kletchatkalarining keskin qalinlashuvi tufayli biror a’zo, ko‘pincha oyoqlarning g‘oyat katta bo‘lib ketishi kasalligi)ga olib keladi. Fillashuv (yiriklashuv) ko‘pincha oyoqlarda uchraydi, chunki oyoq terisi ko‘p zararlanadi — shilinishlar, tirnalishlar va yaralar eski o‘choqlarning yangilanishi va yangilari- ning paydo bo‘lishiga sharoit yaratadi. Tashxisi. Saramas tipik kechganda, ya’ni o‘tkir boshlanib, tana harorati baland, sog‘lom teridan aniq ajralib turadigan giperemiya, chegaralovchi valik, mahalliy shish, zararlangan sohaning og‘rishi va boshqa xarakterli o‘zgarishlar bo‘lganda unga tashxis qo‘yish qiyin emas. Bemorlar mahalliy o‘zgarishlar rivojlangunga qadar kasal- likning dastlabki soatlarida tibbiy yordam uchun murojaat qilgan- larida, saramas boshning sochli qismlarida uchraganda, eritema kam rivojlanganda va sochlar bilan yashiringan holda hamda uncha bilinmaydigan shakllarida, antibiotiklarni erta qo‘llagan vaqtda tashxis qo‘yish ancha qiyinlashadi. Laboratoriya tekshiruvlari kam ahamiyatga ega. Bemorlarda leykositoz, neytrofilyoz, biroz oshgan yoki normal ECHT kuzatiladi. Davolash. Penitsillin qatoridagi antibiotiklar ancha samarali hisoblanadi. Penitsillin mushak orasiga 500000 TB birlikda har 6 soatda 7—10 kun davomida tayinlanadi. Asoratlar kuzatilganda residivlar profilaktikasi uchun bitsillin-5 (1500000 TB birlikda mushak orasiga) buyuriladi. Penitsillin mumkin bo‘lmagan hollarda eritromitsin (0,3 g dan kuniga 5 mahal) yoki tetrasiklinni (0,3—0,4 g dan kuniga 4 mahal) 7—10 kun davomida (mahalliy simptomlar yo‘qolganidan keyin 2—3 kungacha) qo‘llash mumkin. Tez-tez residivlanib turuvchi saramasda yarimsintetik penitsillinlar: oksa- sillin, metisillin, ampitsillinlar ishlatiladi. Antibiotiklar bilan davolash muddati — 8—10 kun. Organizmning streptokokka sezgir- ligini kamaytirish uchun antigistamin preparatlar tayinlanadi. Vitaminlar, pentoksil va metilurasilni ham tayinlash mumkin. Kasallik og‘ir kechganda antibiotiklar bilan davolash jarayonida kortikosteroid preparatlardan prednizolon ham buyuriladi. Mahalliy muolajalar hozirgi vaqtda tavsiya etilmaydi. Faqatgina terining zararlangan sohasiga (yallig‘lanish sohasi atrofidagi 5 sm sog‘lom teri bilan birga) eritem dozada ultrabinafsha nurlar tayinlanishi mumkin. Davolashning birinchi 5 kunida qat’iy yotoq rejimi buyuriladi. Bemorlar kompleks davolash tugagandan va mahalliy o‘zgarishlar ancha kamaygandan yoki yo‘qolgandan so‘ng kasallikning asoratlari
terining po‘st tashlashi, pigmentatsiya va giperemiyaga qaramay, tana harorati normaga tushganidan kamida 7 kundan keyin shifoxonadan chiqarilishlari mumkin. Sog‘ayib chiqqanlar 3 oy davomida, tez-tez residivlar uchrab turadigan bemorlar esa tuzal- ganidan keyin kamida 2 yilgacha ro‘yxatda turishlari zarur.
Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar.Har doim teri tozaligi va butunligiga ahamiyat berish, gigiyenik qoidalarga rioya qilish, ayniqsa oyoqlarda yorilishlar, shilinishlar va kesilishlar bo‘lishining oldini olish zarur. Yuzda va burun shilliq qavatlarida tirnalishlarga yo‘l qo‘ymaslik lozim, chunki tirnoq osti sohasida ko‘plab streptokokklar mavjud bo‘lib, ular kasallikka olib kelishi mumkin. Yaralarni birlamchi tozalash yara infeksiyasi sifatida saramas profilaktikasidagi ishonchli vositalardan biri hisoblanadi. Saramasning residivli shaklida bitsillinoprofilaktika o‘tkaziladi. Bitsillin-5 1500000 TB birlikda mushak orasiga 3—4 hafta oraliq bilan 1—3 yil davomida tayinlanadi. O‘choqda profilaktika tadbirlari o‘tka- zilmaydi.