Jonli muloqot – o'qituvchi tomonidan tashkil etiladigan, har qanday ta'lim-tarbiyaviy tadbir mohiyatini og'zaki so'z bilan o'quvchilarga yetkazadigan, ziddiyatli jarayonlardan olib chiqish qudratiga ega bo'lgan faoliyatdir. O'qituvchi-o'quvchi o'rtasida tashkil etiladigan jonli muloqot ijtimoiy-psixologik jarayon bo'lib, quyidagi funksiyalari bilan xarakterlanadi:
-o'quvchilarning psixik holatini mukammal bilishi;
-ta'lim-tarbiyaviy faoliyatni birgalikda tashkil etishi;
-o'quvchini erkin fikr-mulohaza yuritishga o'rgatishi;
-salbiy holatlarni o'quvchilar jamoasi bilan birgalikda bartaraf etishi;
-o'quvchilarni faollikka, erkin fikrlashga, o'z fikr-mulohazalarini qo'rqmasdan bayon qilib unga tayanishga o'rgatish;
-o'quvchilarning yashirin qobiliyatlarini uyg'otish va boshqalar25.
II bob bo'yicha xulosa 1. Oila va ta'lim muassasasi hamkorligining asosiy shakllari, usullari va tamoyillari o'rganildi. Shuningdek, ijtimoiy institutlar: oila, mahalla va ta'lim muassasasining hamkorlikdagi faoliyatda bajaradigan vazifalari, majburiyatlari yoritib berildi.
2. Hozirgi kunga kelib, ta'lim-tarbiya jarayonida texnologik yondashuvning keng targ'ib qilinishi, o'quvchi shaxsini rivojlantirishning har bir bosqichini, amalga oshiriladigan pedagogik vazifalarini, kutiladigan natijani oldindan aniqlashtirib olish va harakatlar ketma-ketligini tizimlashtirish pedagogik faoliyatni yanada samaraliroq amalga oshirilishini ta'minlamoqda. Mazkur jihatlarni hisobga olgan holda, o'quvchilarda sog'lom tafakkurni shakllantirish texnologiyasini shakllantirdik. Shuningdek, texnologiyani amalga oshirishning didaktik ta'minotini ishlab chiqdik. O'quvchilarda sog'lom tafakkurni shakllantirish texnologiyasi to'rt bosqichda amalga oshirilishi belgilab olindi:
1) Motivatsion-diagnostik bosqich – o'quvchi-yoshlarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olgan holda, ularda tafakkur, tafakkur tushunchasining mazmun-mohiyati, sog'lom tafakkurni belgilovchi mezonlarni, tafakkur qonuniyatlari va turlarini egallashga qiziqish, ehtiyoj va istakni qaror toptirishga qaratilgan jarayon.
2) Axborotli-kognitiv bosqich – o'quvchi-yoshlarda shakllantirilishi lozim bo'lgan sog'lom tafakkurga doir tasavvur, tushuncha va bilimlar majmuini ishlab chiqish.
3) Faoliyatli bosqich – o'quvchilarda sog'lom tafakkurni shakllantirishga doir aniq vaziyatlar, faoliyat shakllarini yaratish orqali ularni amaliy faoliyatga jalb etish.
4) Qadriyatli bosqich – hayotiy faoliyati davomida sog'lom tafakkur yuritish tarzini qadriyatga aylantirish, ularda mustahkam e'tiqodni shakllantirish maqsadida tashkil etiluvchi ta'limiy va tarbiyaviy jarayonning yuqori bosqichi.
3. O'quvchilarda sog'lom tafakkurni shakllantirish texnologiyasini amaliyotga joriy etish maqsadida uning didaktik ta'minoti yaratildi, ya'ni;
- texnologiyaning har bir bosqichining mazmuni yoritildi;
- sog'lom tafakkurni shakllantirish texnologiyasining modeli va xaritasi ishlab chiqildi;
- texnologiyaning har bir bosqichida qo'llaniladigan shakl, metod va vositalari aniqlashtirildi hamda qo'llanilish tartibi keltirildi.