Fikrlashning ijodiyligi va mustaqilligi shaxs faolligining yuqori rivojlanganligi, hayotiy faoliyat jarayonida yuzaga keladigan muammolarga javob topa olish, muammoni yechishga yordam beradigan yo'llar, usullar, vositalar, qoidalar va ko'nikmalarni qidirish, ularni tanlash hamda mazkur faoliyatda ulardan oqilona foydalana olish tushuniladi. Fikrni mustaqilligi deganda kishining shaxsiy tashabbusi bilan o'z oldiga aniq maqsad, yangi vazifalar qo'ya bilishi, ular yuzasidan amaliy va ilmiy xarakterdagi yechimni va natijani ko'z oldiga keltira olishi, qo'yilgan vazifani mustaqil ravishda hal qilishdan iborat aqliy qobiliyat tushuniladi.
Fikrning tizimliligi va aniqligishundan iboratki, bunda ayrim narsalar, faktlar, hodisa va bildirilayotgan mulohazalar muayyan tartibda, ichki bog'lanish va munosabatlarda aks etishi, shuningdek nazariy va amaliy ko'nikmalarni shaxs tomonidan tizimli o'zlashtirilishi tushuniladi.
Tafakkurning kengligi va tanqidiyligi o'zining mazmundorligi, chuqurligi kabi sifatlari bilan muntazam aloqada bo'lib, o'zida hayotiy voqea-hodisalarning xususiyatlarini mujassamlashtirgan o'tmish yuzasidan, hozirgi davr haqida, shuningdek, kelajak to'g'risida mulohazalar, muammolar va tushunchalarni aks ettiradi. Tanqidiy fikrlovchi shaxs muammo yuzasidan shaxsiy qarorlar qabul qila oladi va uni aniq dalillar bilan asoslay oladi.
Odamlarning turmush tarzimuayyan muhitni tashkil etib, ularning tafakkuri ta'sirida barqarorlashib, ijodiy yo'nalish va mazmun kasb etadi. Ya'ni, turmush tarzining sog'lomlik darajasi va insonning o'z-o'zini sog'lomlashtirishi uning fikrlashini, ongini rivojlantiradi.
Barqarorlik shaxsiy sifat tarzida atrof muhit va ichki olam harakatini tashkillashtirishdir. Shaxslararo munosabatlarning barqarorligi esa o'zida o'quvchining mustaqil turli hayotiy ziddiyatli vaziyatlarni hal etishi, birgalikda hamkorlikdagi faoliyatga tayyorligini, insonlar bilan muloqotga kirishishda samarali usullarni qo'llay olish ko'nikmalarini aks ettiradi.
Mazkur ko'rsatkichlar asosida o'quvchilarda sog'lom tafakkurni namoyon bo'lishining turli darajalari tavsifiy belgilari aniqlashtirildi.
1. Yuqori daraja mezonlari: o'quvchining o'z kuchiga va imkoniyatlariga ishonishi, shaxsiy tashabbuskorligi, fikrlashning mustqilligi va tanqidiyligi, nutqning boyligi, fikrning mazmundorligi, sog'lom turmush tarziga oid nazariy va amaliy bilimlarga egaligi, shaxsning o'z faoliyatini mustaqil va tizimli tashkillashtira olishi, muloqotchanlik ko'nikmalariga egaligi, axloqiy sifatlarning yuqori darajada aks etishi.
2. O'rta daraja mezonlari: tanqidiy fikrlay olish, shaxs faolligining rivojlanganligi, muammoni hal etishning samarali usullarini tanlay bilishi, sodir bo'lgan voqea-hodisa yuzasidan mustaqil fikr bildirishi, muloqotchanlik ko'nikmalarining shakllanganligi, o'z-o'zini sog'lomlashtirishga intilishning mavjudligi, birgalikda hamkorlikdagi faoliyatga tayyorligi.
3. Quyi daraja mezonlari: ijtimoiy fikrni hisobga olgan holda qat'iy qaror qabul qilish, aqliy qobiliyatni rivojlantirishga bo'lgan intilishning mavjudligi, o'quv vazifa va topshiriqlarni erkin o'zlashtirish, ular orasidagi sabab-oqibat va bog'lanishlarni aniqlashi, hayotiy muhitni sog'lom tashkil etishga doir bilimlarning mavjudligi hamda shaxslararo munosabatlarni o'rnata olishi va rivojlantirishi.
4. Qoniqarsiz daraja mezonlari: fikr yuritishdagi mustaqillikning yaqqol namoyon bo'lmasligi, muqobil fikrlarni e'tirof etishi, qo'yilgan vazifani mustaqil hal etishda qiyinchiliklarning mavjudligi, bildirilayotgan mulohazalarning mantiqan bog'lanmaganligi, shaxslararo munosabatlarning sust rivojlanganligi, birgalikdagi faoliyatga moyilligining yuqori emasligi, hayotiy turmush tarziga e'tiborning sustligi, odamlar orasida shaxsiy fikrini ochiq bayon qila olmaslik.
Asoslovchi va ta’kidlovchi tajriba-sinov ishlari jarayonida respondentlarda inson tafakkuri, o`quvchilarda sog'lom tafakkurning rivojlanganlik darajasini aniqlashga qaratilgan maxsus savolnoma ishlab chiqildi (1-ilova).