Shakllantiruvchi tajriba bosqichida o‘quvchilarda sog'lom tafakkurni rivojlantirish texnologiyasi hamda mazkur texnologiya asosida ishlab chiqilgan maxsus kurs-dasturlarga binoan amaliy-metodik faoliyat tashkil etildi. Bunda o’qituvchilar va o’quvchilar faoliyatini bevosita va bilvosita pedagogik kuzatish, ular ishtirokida amaliy treninglarni tashkil etish, hamkorlikda o’qitish, suhbat va anketa so‘rovi kabi metodlar yordamida o’quvchilarda sog’lom tafakkurni shakllantirishga qaratilgan umumiy pedagogik ta’sir hamda mustaqil hayotda sog’lom tafakkur yuritish sifatlarining tarbiyalanishiga katta ahamiyat qaratildi. Nazariy tadqiqotlar natijasida aniqlangan ilmiy echimlar modulli ishlanmalar yaratishda amaliy qo‘llanildi, hamda ular asosida tajriba-sinov mashg‘ulotlari olib borildi. Tajriba-sinov ishlarining ikkinchi bosqichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar qatorida o’quvchilarda sog’lom tafakkurni rivojlantirishda muhim o‘rin tutuvchi blok-modulli ta’lim texnologiyasidan foydalanish borasidagi ko‘nikma va malakalarni hosil qilishga erishildi. Tajriba-sinov ishining 2-bosqichi amalga oshirildi.
Ta’kidlovchi tajriba bosqichida real hayotiy va pedagogik vaziyatli topshiriqlar metodiga tayangan holda magistrant tomonidan tavsiya etilayotgan metodikaning samaradorligi, shuningdek, o’quvchilarda sog’lom tafakkurni rivojlanganlik darajasining holati aniqlandi. O’quvchilarda sog’lom tafakkurni rivojlanganlik darajasini baholash uchun mezonlar ishlab chiqildi. Shakllantiruvchi tajriba-sinov mashg‘ulotlari o‘tkazildi, tadqiqot natijalari amaliyotga tatbiq etildi. Tajriba-sinov ishining yakunlovchi bosqichi amalga oshirildi.
Tajriba-sinov ishlarining muvaffaqiyatli kechishi quyidagi ob’ektiv va sub’ektiv omillarning mavjudligi hisobiga ta’minlandi:
o’quvchilarda sog’lom tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan metodik shart-sharoitlarning yaratilganligi;
umumiy o‘rta ta`lim maktablarining etarli moddiy-texnik bazaga egaligi;
o‘quv va tarbiyaviy ishlar jarayonida zamonaviy texnik vositalar va axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish;
o’quvchilarning mustaqil ta’lim olishlariga alohida e’tiborning qaratilganligi;
o’quvchilarda sog’lom tafakkurni rivojlantirish jarayoniga nisbatan tizimli yondoshuvning qaror topganligi.
Tajriba-sinov ishlari 2020-2021, 2021-2022 o‘quv yillari mobaynida amalga oshirilib, unga 236 nafar respondent jalb etildi. Tadqiqotning asosiy tajriba-sinov ishlari Termiz shahridagi 9-umumiy o`rta ta`lim hamda Termiz tumanidagi 30-umumiy o`rta ta`lim maktablarida amalga oshirildi. Muammoning alohida jihatlarini tadqiq qilishda tajriba-sinov uchun respondent sifatida tanlangan o‘qituvchi hamda o’quvchilar jalb etildi.
Tajriba-sinov ishlarining samaradorligini aniqlash maqsadida respondentlar teng asosda tajriba (122ta o'quvchi) va nazorat (114 ta o'quvchi) guruhlariga biriktirildilar. Tajriba guruhida magistrant tomonidan tavsiya etilayotgan hamda o'quvchilarda sog'lom tafakkurning rivojlanishini ta’minlashga yordam beruvchi texnologiya asosida amaliy faoliyat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, nazorat guruhlarida esa an’anaviy tartibda o‘quv-tarbiya ishlari olib borildi.
O'quvchilarda sog'lom tafakkurning rivojlanganlik darajasi ko'rsatkichlari sifatida quyidagilar belgilab olindi:
1) bildirilayotgan fikrning ijodiyligi va mustaqilligi;
2) fikrlarning tizimliligi va aniqligi;
3) tafakkurning kengligi va tanqidiyligi;
4) sog'lom turmush tarziga rioya qilish darajasi;
5) shaxslararo munosabatlarning barqarorligi.