III bob bo'yicha xulosalar O'quvchilarda sog'lom tafakkurni rivojlantirish texnologiyasining samaradorligini aniqlash maqsadida tajriba-sinov ishlari uch bosqichda (aniqlovchi, shakllantiruvchi va ta'kidlovchi) amalga oshirildi. Tajriba-sinov ishlari 2020-2021, 2021-2022 o'quv yillari mobaynida o'tkazilib, respondent sifatida 236 nafar o'quvchi tanlab olindi. Respondentlar tasodifiy tanlov asosida tajriba va nazorat guruhlariga biriktirildi. Aniqlovchi bosqichda asosiy maqsad sifatida o'quvchilarda sog'lom tafakkurni rivojlantirish lozimligini aniqlash etib belgilandi. Bu bosqichda o'quvchilarda o'tkazilgan so'rovnomalar ko'plab o'quvchilar sog'lom tafakkur yuritish ko'nikmalariga ega emasligi va shu yo'nalishda qo'shimcha o'qib-o'rganishga ehtiyoj sezishlarini ko'rsatib berdi. Shuningdek mazkur bosqichda, oila va ta'lim muassasasi faoliyati diagnostikasining o'quvchilarda sog'lom tafakkurni rivojlantirishga ta'siri tadqiq etildi, olingan ma'lumotlar nazariy jihatdan tahlil qilindi
Shakllantiruvchi bosqichda 236 nafar o'quvchi ishtirok etdi: shundan 122 nafari tajriba guruhiga va 114 nafari nazorat guruhiga biriktirildi. Ushbu bosqichda tajriba guruhi o'quvchilari bilan sog'lom tafakkurni rivojlantirish texnologiyasiga binoan nazariy va amaliy mashg'ulotlar tashkil etildi, nazorat guruhida esa o'quv jarayoni o'qituvchining amaldagi dasturi asosida davom ettirildi.
Ta'kidlovchi, ya'ni yakuniy bosqichda esa aniqlovchi va shakllantiruvchi bosqichlarda olingan natijalar tizimlashtirildi hamda yakuniy xulosalar ishlab chiqildi
O'quvchilarda sog'lom tafakkurning rivojlanganlik darajasi mezonlari aniqlandi. Bular quyidagilar: 1) bildirilayotgan fikrning ijodiyligi va mustaqilligi; 2) fikrlarning tizimliligi va aniqligi; 3) tafakkurning kengligi va tanqidiyligi; 4) sog'lom turmush tarzi darajasi; 5) shaxslararo munosabatlarning barqarorligi.
XULOSA VA TAKLIFLAR Uzluksiz ta'lim tizimini takomillashtirish, islohotlarni o'tkazish, ta'lim mazmunini yangilash, boshqaruv sohasini modernizarsiyalash ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari hisoblanadi.
Ta'lim-tarbiya jarayonida o'quvchini asosiy subyekt sifatida qarash, o'qitish jarayonida bolaning individual-psixologik xususiyatlarini hisobga olishi, o'qitish samaradorligini oshirishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda o'qitishni tashkil etishi, o'quvchilarning bilimini, tafakkurini rivojlantirishda kommunikativ ta'sir ko'rsatish usullaridan samarali foydalanishi, o'quvchilar oilasi bilan hamkorlikdagi faoliyatini doimiy takomillashtirib borishi o'qituvchining asosiy vazifalaridir.
O‘quvchilarda sog‘lom tafakkurni rivojlantirish uchun quydagi takliflarni keltirib o‘tishimiz mumkin:
1.O'quvchilarda sog'lom tafakkurni rivojlantirish uchun tariximiz va buyuk ajdodlarimiz asarlarini o'rganish va ulardagi axloqiy-tarbiyaviy jihatlarini maktab darsliklariga kiritish;
2.O‘quvchilarni o'z-o'ziga xizmat ko‘rsatishlarini shakllantirish uchun maktab va oila hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
3.Sinfdan tashqari o'qishni to'g'ri shakllantirish va o'quvchilardan shaxsiy fikrini so'rash kerak;
4.Maktab, oila, mahalla hamkorligini shakllantirish kabi omillarni shakllantirilsa, o‘quvchilarda sog‘lom tafakkurni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.