2.1 GAYDN SIMFONIK IJODINING TAVSIFI.
“Do minor” simfoniyasidan tashqari, barcha «London simfoniyalari»ning xususiyati shundaki, ular tantanali-ulug'vor qisqa muqaddima bilan boshlanadi, so'ngra sonata allegrosi boshlanadi. Sonata allegrosining asosiy mavzulari (bosh va yordamchi partiya) xalqchil raqsbop qo'shiq xarakteriga ega. Turlicha matnga ega bo'lgan ushbu mavzular, o'zining musiqiy tabiati va obraz tuzilishi bilan o'zaro o'xshashdir. Bunda mavzularning tonal ziddiyatlari ham ajralib turadi: bosh partiyaning asosiy tonalligiga yordamchi partiyaning dominantali tonalligi qarshi qo'yiladi.
Rivojlovlar ohangni ajratib olish asosiga qurilgan. Bosh yoki yordamchi partiya mavzusidan qisqa bo'lak ajratib olinib, u mustaqil tarzda davomli rivojlantiriladi. Turli tonalliklarga tinimsiz modulatsiyalashtirish, turli cholg'ularda va har xil registrlarda ijro etilish oqibatida rivojlovlar faol va intiluvchan xarakterga ega bo'ladi.
Ikkinchi (og'ir) qismlar murakkab, uch qismli yoki variatsiya shaklida yozilgan. Ular o'ychan-lirik, gohida qo'shiqsimon yoki marshona xarakterga ega.
Uchinchi qism menuetto (menuet), deb ataladi. Gaydn menuetlari — uch hissali bo'lib, kutilmagan zarblar va ritmik o'zgarishlar bilan qishloq raqslari xarakteriga ega. Gaydn simfoniyalarining finallari xalqchil-raqsbopligi bilan diqqatni o'ziga jalb qiladi. Finallar ko'p hollarda sonata yoki rondosonata shaklida tuzilgan. «London simfoniyalari»ning ko'plarida butun asar davomida variatsiyali yoki polifonik (imitatsiyali) rivojlov uslublaridan foydalanilgan. Gaydn simfoniyalarida orkestr qo'shaloq tarkibda va to'rtta asosiy cholg'ular guruhidan iborat: ikkita fleyta, ikkita fagot, ikkita valtorna, bir juft litavralar va torli kvintet.
Torli cholg'ular guruhiga skripkalar, altlar, violonchellar va kontrabaslar kiradi. Yog'och damli-puflama cholg'ular guruhi fleytalar, goboylar, klarnetlar va fagotlardan tashkil topgan. Misli damli-puflama cholg'ular guruhida valtornalar va taibalar bor. Zarbli cholg'ulardan Gaydn faqat litavralardan foydalangan.
Asarda asosiy musiqiy materialni bayon etuvchi birinchi skripkalarga muhim o'rin ajratilgan. Violonchellar va kontrabaslar bas partiyasini ijro etishadi. Valtornalar va trubalar soddaroq vazifani bajarishadi. Ba'zi hollarda garmoniya va ritmni ta'kidlab turadilar. Kuy mavzusi unison bo'lib, ijro etishda (tutti)^valtornalar va trubalar boshqa cholg'ular bilan teng ravishda ishtirok etadilar. Bu narsa ko'proq fanfarali xarakterdagi mavzular bilan bog'liqdir (orkestrning barcha cholg'ularida bayon etiluvchi 97-simfoniyaning bosh partiyasi).
Dostları ilə paylaş: |