Iozev gaydn ijodi


SIMFONIK ORKESTR VA UNING CHOLG’U SOZLARI



Yüklə 134,2 Kb.
səhifə8/12
tarix02.12.2023
ölçüsü134,2 Kb.
#137525
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
18 аббасова гайднДокумент Microsoft Word

SIMFONIK ORKESTR VA UNING CHOLG’U SOZLARI.

Simfonik orkestr musiqa san’atida nihoyatda muhim rol o’ynaydi. Chunki u cheklanmagan badiiy imkoniyatlarga ega. Simfonik orkestr atrof olamning turli xil obrazlarini ifodalab berish imkoniyatiga ega. Orkestr-turli cholg’u sozlarida chaluvchi katta ijrochilar jamoasidir. Cholg’u sozlarining tanlanishiga qarab orkestrning turini aniqlash mumkin. Simfonik orkestrdan tashqari xalq cholg’u sozlari orkestri, damli sozlar orkestri, kamer orkestri, estrada orkestri va jaz orkestrlari mavjud. Lekin ularning badiiy ifoda imkoniyatlari simfonik orkestrnikiga qaraganda ancha kichik.


Simfonik orkestr uchun musiqa san’atining durdona asarlari -- simfoniyalar, simfonik poemalar, syuitalar, uvertyuralar yaratilgan va yaratilmokda. Usiz opera va balet teatrlari faoliyat ko’rsatolmaydi. Simfonik orkestr ijrosi kinofilmlar va dramatik spektakllarda ham doim qo’llanadi.
Klassik simfonik orkestrning tarkibi XVIII-asrda shakllandi. Ungacha bu soxada tartib bo’lmagan. Cholg’u sozlarning aniq soni belgilanmagan. Har bir kompozitor o’zi hoxlagan tarkib uchun asarlar yozavergan. Faqat XVIII-asrning o’rtalarida mashhur avstriyalik kompozitor Iosif Gaydn simfonik orkestrning aniq tarkibini ishlab chikdi va bu narsa klassitsizm davrida sodir bo’lgan muhim yangiliklardan biri bo’ldi.
Simfonik orkestrning har bir cholg’u sozi o’zining ifoda xususiyatlariga ega bo’lib, bu xususiyatlar sozning tuzilishi, tovush chiqarish uslubi va sozning qanday materialdan yasalganiga bog’liq. Har bir cholg’u sozining ovozi inson ovozi kabi o’ziga xos xususiyatga ega bo’lib, uni turli xil ranglarga qiyoslash mumkin. Bu xususiyat ovoz tembri deb ataladi va musiqiy obrazni ifodalashda tembr muhim rol o’ynaydi. Gaydn cholg’u sozlarining tuzilishi,yasalgan materiali va tovush chiqarishdagi o’xshashliklarga qarab ularni to’rt guruhga ajratdi va hozirgi kungacha orkestrning to’rt guruhli tarkibi qo’llanib kelmokda. Guruhlar nomi quydagicha:
1.Torli kamonli sozlar guruhi.
2.Yog’ochdan ishlangan damli sozlar guruhi.
3.Misdan ishlangan damli sozlar guruhi.
4.Zarbli sozlar guruhi.
Torli sozlar guruhi.
Torli sozlar guruhi simfonik orkestrning eng katta guruhidir. Zamonaviy orkestrlarda ijrochilar soni yuzdan ortiq. Shulardan 50-60 ijrochi torli-sozlar guruhini tashkil qiladi. Nima uchun? Birinchidan, torli sozlar guruhi orkestrning fundamenti, asosi hisoblanadi.Torli sozlar ovozidagi iliqlik, yumshoqlik, ravonlik va teranlik xususiyatlari bu guruhning boshqa guruhlardan ustunligini belgilaydi.
Ikkinchidan, boshqa guruhlar cholg’u sozlarining yangroq va kuchli ovozlari bosib ketmasligi uchun orkestrdagi torli sozlar soni ko’proq bo’lishi kerak.
Torli sozlar guruhiga skripka, alt, violonchel va kontrabas sozlari kiradi. Skripka guruhdagi asosiy soz hisoblanadi. Bu soz nihoyatda go’zal va ifodali ovoz tembriga ega.Orkestrda skripkalar ikki guruhga bo’lingan. Kompozitorlar birinchi va ikkinchi skripkalar partiyasini alohida yozadilar.
Alt sozining tuzilishi xuddi skripkanikiday, lekin alt skripkadan bir muncha katta. Shuning uchun uning tovush diapazoni pastrok, ovozi esa qalinroq.
Violonchel sozining tembri nihoyatda yumshoq va yoqimli. Lirik obrazlarni ham, qahramonlik obrazlarni ham ifodalab berishda violonchel keng qo’llaniladi.
Kontrabas sozining ovozi past, vahimali. Bu soz butun guruhning asosi hisoblanadi. Yakka holda juda kam chaladi. Lekin ba’zida kompozitorlar fojiali, vahimali obrazlarni tasvirlash uchun kontrabas ijrosidan foydalanadilar.

Yogochdan ishlangan damli sozlar guruhi


Bu guruhga fleyta, goboy, klarnet va fagot cholg’u sozlari kiradi. Bu cholg’ularning boshqa turlari ham bor. Lekin orkestr ijrosida ularning doimiy qo’llanishi shart emas. Fleyta nihoyatda engil va yorqin ovoz tembriga ega. Fleyta qushlarning sayrashini, fantastik va ertak obrazlarni juda ishonarli tasvirlaydi. Fleyta oilasiga mansub yana bir cholg’u sozi - bu fleyta - pikkolo (kichik fleyta).


Bu soz fleytadan kichik, lekin tovushi fleytanikidan bir oktava yuqori. Aytib o’tilganidek bu soz har doim qo’llanilmaydi. Goboy sozi ilik, yoqimli bizning surnayga uxshaydigan ovoz tembriga ega. Goboy oilasiga mansub bo’lgan ingliz surnayi goboydan kattaroq, ovoz diapozoni esa pastroq. Kompozitorlar sharq manzaralarini tasvirlashda shu cholg’u soziga ko’proq e’tibor beradilar.
Klarnet sozi sof, yorqin ovoz tembriga ega. Uning imkoniyatlari nihoyatda boy, turli xil xarakterlarni ifodalab bera oladi. Diapazoni juda katta. Har qanday balandlikda erkin va ravon chala oladi. Klarnet oilasiga mansub sozlar - kichik klarnet va bas klarnet orkestrda kerakli hollarda qo’llaniladi.
Fagot ovozi bu guruhda eng past, agar obrazli qilib tasvirlasak, keksa odamning norozi ohangda gapirishiga o’xshaydi. Lekin ko’p hollarda fagot juda jiddiy va g’amgin ohangda ham yangrashi mumkin. Fagotga oiladosh soz bo’lgan kontrfagot faqat kerakli hollarda qo’llaniladi.
Saksofon sozi juda kuchli, ifodali va yoqimli ovoz tembriga ega. Uning to’rtta turi bor.Bu soz ham faqat kerakli hollarda ishlatiladi.

Misdan ishlangan damli sozlar guruhi.


Bu guruhga truba, valtorna, trombon va tuba sozlari kiradi. Truba sozi baland, yorqin ovoz tembriga ega. Harbiy signal, chaqiriq ohanglarini kompozitorlar doim truba uchun yozadilar. Valtorna sozi qadimda ovchilar chalib bir-biriga signal beradigan ov burg’usi sozidan kelib chiqqan. Shuning uchun tabiat manzaralari-o’rmonlar, dalalar, tog’lar manzaralarini tasvirlashda ko’proq valtorna ishlatiladi. Bu soz nihoyatda lirik, kuychan ovoz tembriga ega.


Trombon sozining ovoz tembri truba soziga yaqin, lekin uning diapazoni trubanikidan pastroq. Trombon ovozi pastki registrda fojiali, tahdidli va dahshatli yangraydi. Yuqoridagi registrda esa yorqin va tantanali xarakterni ifodalab bera oladi.
Tuba sozi guruhda eng past ovoz tembriga ega. Uni "bas" ham deb atashadi. Shuning uchun yakka holda deyarli chalmaydi. Bu sozning asosiy vazifasi boshqa sozlar ijrosini quvvatlash, ijroga fundament, asos bo’lishdan iborat.

Zarbli sozlar guruhi.


Tovush chiqarish uslubi zarba berish, urib chalish bo’lgani uchun guruh shunday deb ataladi. Bu guruh sozlari kuy chala olmaydi. Ularning vazifasi ritmni ushlab turish va orkestrning ijrosini kuchaytirishdan iborat. Bu guruhning ba’zi sozlari ma’lum tovush balandligiga ega, ya’ni kerakli tovushlarni chala oladi. Bular litavralar, qo’ng’iroqlar, qo’ng’iroqchalar, chelesta va ksilofonlardir. Qolgan zarbli sozlar tovush balandligiga ega emas. Ular gumburlaydi, jaranglaydi, taraqlaydi va boshqacha qilib aytganda "chiroyli shovqin" hosil qiladi va bu bilan orkestr ijrosini boyitadi. Bu sozlar katta va kichik baraban, uchburchak, kastanetalar va tamtamdir Simfonik orkestrning xech bir guruhiga kirmaydigan, mustaqil arfa sozi bor. Arfa chertib chalinadigan torli soz bo’lib, juda qadimdan ma’lum. Arfa sozining ovoz tembri juda go’zal, nozik va engil. Ko’p hollarda orkestrda boshqa sozlarga jo’rnavoz bo’ladi.


Biz simfonik orkestrning cholg’u sozlari haqida qisqa ma’lumot berdik. Bu turli xil sozlarni birlashtirish san’ati kompozitorlardan yuksak mahorat talab qiladi. Bu ishda buzib bo’lmaydigan, yagona qoidalar yo’q. Orkestr uchun musiqa yozadigan kompozitor har bir cholg’u sozining xususiyatlarini va imkoniyatlarini chuqur bilishi shart. Bundan tashqari u bu sozlarning ansambl xususiyatlarini ham yaxshi bilishi kerak. Shuningdek u yaratgan musiqa ham go’zal bo’lishi lozim. "Musiqiy fikrning go’zalligi orkestr ijrosining go’zalligini belgilaydi", - degan edi buyuk rus kompozitori M.I.Glinka

Yüklə 134,2 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin