II BOB. FRANS YOZEF GAYDN KLASSIK CHOLG`U MUSIQASINING BUYUK ASOSCHISI.
Gaydn ijodiga janr ko'p qirraliligi xosdir. U yuzdan ortiq simfoniyalar, ko'p sonli kamer ansambllar (kvartetlar, triolar), klavir uchun asarlar (sonatalar, variatsiyalar, rondolar), operalar (yigirma to'rtta), turli cholg'ular uchun ko'plab konsertlar yozdi.
Kompozitor o'z simfoniyalarini XVIII asrning 50—90-yillari davomida yaratdi. Dastlabki simfoniyalari Yevropa simfonizmining shakllanish davriga to'g'ri keladi va ular Vena maktabi yetuk simfonizmining uslubiy asoslarini shakllanishida muhim bosqich bo'ldi. Keyingi simfoniyalar Motsartning barcha simfoniyalari yaratib bo'lingan va yosh Betxoven fortepiano sonatalari va kamer ansambllarida o'z simfonik tafakkuri tamoyillarini shakllantirayotgan vaqtda yozildi. Gaydnning so'nggi simfoniyalari yetuk klassik simfonizmni namoyish etadi.
Gaydn ijodining ahamiyati shundaki, uning cholg'u musiqasida klassik sonata-simfoniya turkumi to'la va mukammal tarzda o'z ifodasini topdi. Turkumning to'rt qismi, yagona badiiy g'oyaga birlashib, hayotning turli jabhalarini ifodalaydi. Turkumning birinchi qismi (sonata allegrosi) nisbatan dramatik, harakatchan. Ikkinchi qism (og'ir) — bu lirik kechinmalar, osoyishta o'ychanlik sohasidir. Ucninchi qism (menuet) tinglovchini raqsona kayfiyat ichiga olib kiradi. To'rtinchi qism - finalda janr-turmush ibtidosi mavjud va u xalqchil, raqsbop qo'shiq musiqasiga yaqin turadi.
Gaydn simfonik ijodining evolutsiyasi bizga XVIII asr klassik simfonizmi qanday shakllanganligi va rivojlanganligini tushunish imkoniyatini beradi. Gaydnning ilk simfoniyalari ko'ngil ochuvchi turmush janrlari doirasida yozilgan bo'lib, u o'sha davrda yaratgan kamer musiqasidan hech narsasi bilan farq qilmaydi. Raqsbop kayfiyatdagi qismlarni bir-biriga qarama-qarshi joylashtirilishi borasida bu simfoniyalarda suita bilan o'xshashlik kuzatiladi. 70- yillarda «Motam simfoniyasi» va «Xayrlashuv simfoniyasi» paydo bo'ldi, ularda chuqurroq obrazlar dunyosi ifoda etilgan. Gaydnning keying! yetuk simfoniyalari kabi bu simfoniyalar yaxlit asar bo'lib, o'zining xarakteri bo'yicha to'rt qismdan tashkil topgan. Ular bir butun obrazlar doirasining turli bosqichidir.
Gaydn simfonizmining yuksak yutug'i — 90-yillarda yaratilgan o'n ikkita «London simfoniyalari»dir. Bittasi (do minor)dan tashqari, barcha simfoniyalar major tonalligida yozilgan va yorqin, quvnoq hamda hayotbaxsh musiqa namunalaridir.
Dostları ilə paylaş: |