Davlat iqtisodiyotining rivojlanishida oliy ta’limning o’rni va ahamiyati. Jahonda oliy ta’lim tizimida jiddiy o’zgarishlar yuz bermoqda. Ta’lim sohasidan davlat monopoliyasidan voz kechish, tijorat ta’limini yaratish, jamiyat hayoti tuzilishining o’zgarishi ta’lim xizmatlari bozoriga paydo bo’lishi olib keldi. Mazkur bozor axborot bozori va mehnat bozori bilan bir qatorda ta’lim sohasiga faol ta’sir ko’rsatmoqda.
Iqtisodiyot va jamiyatning axborotlashtirilishi, davlat va xususiy korxonalar va tashkilotlar faoliyat ko’rsatish sharoitlarining o’zgarishi ta’lim xizmatlariga talab kuchayishiga sabab bo’ldi.
Ta’limga ehtiyoj muayyan kasbni o’zlashtirish, ma’lum lavozimni egallash, ma’lum darajada ma’lumot olish, qo’shimcha malakani o’zlashtirish, jamiyatda muayyan o’rinni egallash, mansab pillapoyalaridan ko’tarilish istagi bilan belgilanadi. Ma’lumot hozirgi dunyoda nufuzni belgilovchi omil sifatidagina emas, balki hozirgi hayot yashab qolish vositasi sifatida ham qaraladi. Ta’lim inson kapitalini takomillashtirish va rivojlantirish jarayoni sifatida qaralishi mumkin. “Inson kapitali” tushunchasini birinchilardan bo’lib A.Smit ilmiy muomalaga kiritgan. Bunda u “jamiyat a’zolarining daromad olish huquqini beruvchi to’plagan bilimlari va ko’nikmalari”ni tushungan. Ta’limning ichki samaradorligi: o’qish davrida joriy ehtiyojlarning qondirilishida; ma’naviy va madaniy saviyaning oshishida; aqliy qobiliyatlarning rivojlanishida; insonga texnika va iqtisodiyotdagi o’zgarishlarga tezroq moslashishga ko’maklashuvchi qobiliyatlarda; ta’lim muassasalarida ilmiy bilimlar hajmining o’sishida; odamlarni professional ajratish va ijtimoiy maqomiga ko’ra saralashda namoyon bo’ladi.
Mamlakatda ta’lim darajasi uning mehnat resursi, iqtisodiy salohiyati, xavfsizligi, rivojlanish imkoniyatlarini belgilaydi. Bu yerda gap aholi ma’lumot darajasining o’sishidan butun jamiyat ko’radigan samara haqida boradi. SHunday qilib, inson o’z ma’lumot darajasini oshirar ekan, bundan nafaqat o’zi naf ko’radi, balki jamiyatga ham katta foyda keltiradi. Bu ta’lim tizimiga davlat tomonidan dotatsion madad ko’rsatilishi zaruriyatini belgilaydi.
Ta’lim muassasalari taklifni shakllantiruvchi, ta’lim xizmatlarini ko’rsatuvchi sub’ektlar sifatida amal qiladi. Eng avvalo oliy va o’rta maktab ta’lim muassasalariga to’xtalib o’tamiz.
O’zbekistonda uzluksiz ta’lim tizimi yaratilgan. Oliy ta’lim tizimida quyidagi turdagi o’quv yurtlari mavjud: universitet, akademiya, institut.
Universitetlar ta’lim, fan va madaniyatni fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borish, oliy va oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limning barcha darajalarida ta’lim berish yo’li bilan rivojlantiradilar. Ular ta’limni rivojlantirishning yetakchi markazlari hisoblanadi.
Akademiyalar asosan fan, texnika va madaniyatning bir sohasida faoliyat ko’rsatadi, o’z faoliyat sohasida yetakchi ilmiy-metodik markaz hisoblanadi. Ular oliy malakali mutaxassislar tayyorlaydi va muayyan tarmoq (tarmoqlar guruhi) uchun rahbar kadrlarni qayta tayyorlaydi.
Institutlar mustaqil o’quv yurtlari sifatida yoki universitetlar, akademiyalar, institutlarning tarkibiy bo’linmalari sifatida fan, texnika va madaniyatning bir qancha yo’nalishlarida bazaviydan past bo’lmagan darajada kasb-hunar ta’limi dasturlarini amalga oshiradilar va ilmiy tadqiqotlar o’tkazadilar.
Ta’lim sohasida davlat bajaradigan maxsus funktsiyalarni boshqa sub’ektlar zarur miqyosda bajarishga qodir emas. Rivojlangan mamlakatlar (masalan, AQSH)da federal ta’lim organlarining bosh vazifasi ijtimoiy ta’lim institutlari xususida jamoatchilikning ijobiy fikrini ("public relations"), mazkur institutlarning ijobiy imidjini yaratish va quvvatlashdir (shu jumladan aholi va ish beruvchilar o’rtasida).
Butun dunyoda davlat ta’lim sohasini mablag’ bilan ta’minlaydi (eng avvalo uning fundamentallashuvi va insonparvarlashuvi yo’nalishida) va boshqa sub’ektlarning mazkur sohaga uzoq muddatli investitsiyalari uchun kafolatlar beradi, ustuvor ixtisosliklarni, mutaxassislar tayyorlash shakllari va usullarini ta’minlash, ta’limni rivojlantirish maqsadida soliq imtiyozlarini va bozorni tartibga solishning boshqa shakllarini qo’llaydi. Davlat ta’lim muassasalarida o’rgatiladigan kasblar va ixtisosliklarning ro’yxatlarini belgilaydi, ta’lim xizmatlarining bazaviy assortimentini shakllantiradi. U ta’lim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o’tkazishni amalga oshiradi, ta’lim xizmatlari sifatini, uning ta’lim standartlariga muvofiqligini kafolatlaydi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga ta’lim tizimi uchun pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etish ham yuklatilgan. Rivojlangan mamlakatlarda ta’lim sohasiga investitsiyalar o’ta ishonchli va foydali ekanligiga shak-shubha bildirilmaydi. Amerikalik mutaxassislarning baholashlaricha, ta’lim tizimida 1 dollar xarajat 3-6 dollar miqdorida daromad olish imkoniyatini beradi. Ta’lim, ayniqsa oliy ta’lim madaniyat bilan uzviydir. Ta’lim xizmatlariga talab madaniyat darajasi bilan bevosita bog’liq. Bunda madaniyat darajasi qancha yuqori bo’lsa, yangi bilimlar va qo’shimcha ma’lumotga ehtiyoj shuncha kuchli bo’ladi. Madaniy darajaning o’sishiga mos ravishda iste’molchi o’zining ta’lim sohasidagi ehtiyojlarini qondirishga ongli ravishda yo’naltiruvchi byudjetdagi xarajatlar ulushi ham ko’payadi.
SHunday qilib, ta’limning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy mazmuni mavjudligi to’g’risida so’z yuritish mumkin. Bunda ta’limning iqtisodiy tabiati insonda unga kelajakda o’z mehnatini yaxshi pulga sotish, jamiyatga esa-odamlarning yangi bilim va ko’nikmalaridan foydalanib mehnat unumdorligini oshirish va yanada sifatliroq mahsulot olish imkoniyatini beradigan ta’lim kapitalining shakllanishida namoyon bo’ladi. Ta’lim iqtisodiy mazmunining mazkur talqini uning investitsion tovar sifatidagi talqiniga zid kelmaydi, chunki u kelajakda o’zini oqlaydigan investitsiyalarni talab etadi.
Ta’limning ijtimoiy mazmuni odamlarda ijtimoiy munosabatlar ko’nikmalarini tarbiyalashi, shaxsning ijtimoiylashuviga ko’maklashishi, jamiyat maqsadlariga ziyon yetkazmasdan o’z maqsadlariga erishish, individual, kollektiv va ijtimoiy manfaatlarni muvofiqlashtirish ko’nikmalarini shakllantirishida namoyon bo’ladi.
Nihoyat, ta’limning madaniy mazmuni shaxs va jamiyat ma’naviy qadriyatlarining shakllanishida, kishilarda hayot faoliyati ma’naviy printsiplari, ahloqiy nuqtai nazarning rivojlanishida namoyon bo’ladi.
Boshqacha aytganda, ta’lim o’zaro bog’langan uch jarayon-ta’lim (bilim berish va kasbiy mahoratni shakllantirish), tarbiya va ma’rifatning birligi sifatida qaralishi mumkin. SHundan kelib chiqib, ta’lim xizmati tushunchasining mazmunini aholiga ta’lim, tarbiya va ma’rifat berish bilan bog’liq bo’lgan, shaxsning kasbiy, ijtimoiy va ma’naviy salohiyatini hamda jamiyat (millat)ning insoniy kapitalini rivojlantirish bilan bog’liq bo’lgan xizmatlar majmui sifatida tavsiflash mumkin. Ta’lim xizmatining mazkur talqini oliy kasb-hunar ta’limi doirasida to’laqonli ro’yobga chiqariladi. Bu yerda ta’lim-tahsil oluvchining kasbiy mahoratini shakllantirish bilan, tarbiya-ijtimoiylashuv ko’nikmalarini shakllantirish bilan, ma’rifat-shaxsning ma’naviy o’zligini yuksaltirish bilan bog’liq. Ta’limning bu uch yo’nalishi milliy boylik sifatidagi inson kapitalining shakllanishiga ko’maklashadi (2-rasm). Ko’pgina rivojlangan mamlakatlar uchun inson kapitalini rivojlantirish kontseptsiyasi qabul qilingan davr yangi jamiyat shakllangan, asosiy mahsulot axborot va bilim sanalgan bilimlar iqtisodiyoti rivojlangan davr bilan mos keladi.