Tasviriy san’at darslari konspekti:
1. Darsning turi – tasviriy san’at mashg‘ulotlari 5 turga bo‘linadi. Bulardan qaysi biri bo‘yicha dars o‘tishi ko‘rsatiladi.
2. Darsning mavzusi – darsda qanday mavzu o‘rganilishi, o‘qitilishi bayon etiladi.
3. Darsning maqsadi – darsning ta’limiy va tarbiyaviy maqsadi Davlat dasturi va standard asosida ko‘rsatib beriladi.
4. Darsning jihozlanishi – tasviriy san’atning har bir mashg‘uloti uchun o‘nlab o‘quv-didaktik materiallar – jihozlar ro‘yxati bayon etiladi.
5. Darsning boshqa o‘quv fanlari bilan bog‘lanishi – ma’lumki, tasviriy san’at hamma fanlarni o‘qitishda eng asosiy manbaa va didaktik material hisoblanadi.
6. Dars rejasi – konspektda quyidagicha o‘z aksini topadi:
1) tashkiliy davr – 2–3 daqiqa;
2) uy vazifasini ko‘rish – 4–6 daqiqa;
3) yangi mavzuni bayon etish – 10–12 daqiqa;
4) yangi mavzu bo‘yicha amaliy ish – 24–28 daqiqa;
5) uyga vazifa berish – 3–4 daqiqa;
6) darsni yakunlash – 1–2 daqiqa.
Tasviriy san’at o‘quv predmeti bo‘yicha yoziladigan dars konspekti ayniqsa yosh, yangi ish boshlayotgan tasviriy san’at o‘qituvchilari uchun juda zarur va ahamiyatlidir. Chunki tasviriy san’at bo‘yicha yoziladigan dars konspekti o‘qituvchining keyingi faoliyati uchun ilmiy-ijodiy material, pedagogik metodik tajribalarning monumental bazasini bunyod etadi. Chunki katta pedagogik tajribalar ana Shu dars konspekti asosida yig‘ib boriladi.
Tasviriy san’atdan dars konspektlari psixologik-pedagogik, ilmiy-metodik o‘quv adabiyotlarni chuqur o‘rganish asosida va Shu bilan birga o‘rta maktab va kasb-hunar kollejining tasviriy va amaliy san’at dasturlari doirasida va o‘quv qo‘llanmalari orqali bajariladi. Dars konspektida quyidagilar bo‘lishi shart:
- darsning turi;
- darsning mavzusi;
- darsning tipi;
- darsning ta’limiy-tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlari;
- darsning tuzilishi (qurilishi);
- og‘zaki takrorlash uchun savollar;
- o‘quv materialini ketma-ketlik bayoni va uning hajmi;
- darsning tushuntirish va mustahkamlashga ajratilgan vaqti;
- ijodiy xarakterdagi mashqlarni sifati va bosqichlari;
- mustaqil ishlarni mazmuni va bajarish usullari;
- texnika vositasi va o‘quv ko‘rgazmali qurollardan foydalanishi.
Konspekt matnini so‘ngida darsga tayyorgarlik ko‘rishda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati ko‘rsatiladi (kitobning muallifi, nomi, nashr etilgan yili, nashriyoti va hajmi).
Dars konspekti illyustratsiyali bo‘lishi mumkin. Unda sinf taxtasidan, sxemalardan, bosqichma-bosqich bajarilgan tasvirlardan, o‘quv-buyumlar namunalaridan, o‘quvchilarni ijodiy ishlaridan va boshqalardan foydalanish nazarda tutiladi.
Dars konspektini yozishda iloji boricha qog‘oz varag‘ini o‘ng tomonida ko‘proq joy qoldirish maqsadga muvofiqdir. Chunki dars muhokamasi vaqtida bildirilgan mulohazalar va takliflar bilan to‘ldirishlar kiritish mumkin.
Dars konspekti o‘quv daftariga tushunarli yozuv bilan yoziladi yoki yozuv mashinkasida bosiladi. Muqova va titul varaqasi kafedra tomonidan tasdiqlangan jadval bo‘yicha jihozlanadi.
Har bir talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha har bir darsni yuqori darajada o‘qishi uchun dars rejasi va uning konspektini yozishi shart. Shuning uchun talabalarga yordam (eslatma) tariqasida darsning konspekt namunasini keltiramiz.
Dostları ilə paylaş: |