www.ziyouz.com kutubxonasi
162
— Eng avvalo, uni Lumis yollab olmasligi uchun.
— O’zidan keyin o‘rniga qo‘yish uchunmi?
Berkxardt bosh irg‘adi.
— Ko‘ngling to‘ldimi?
— Haddan tashqari. Umrimda birinchi marta. Quloq soling, — davom etdi Palmer. — Mening
notiqlik safarimda ortiq markiz Kvinzberri1 ning qat’iy qoidalari bo‘lmaydi. Men omonat banklariga
qo‘limga tushgan har qanday narsani, agar u ancha zalvorli bo‘lsa, otishga tayyorman. Ammo
boshlashdan oldin men sizdan qanchalik chuqur kirib borish mumkinligini aniqlashim kerak.
— Istagan chuqurlikkacha kirib boraver. — Berkxardtning oqish moviy ko‘zlari qisildi, tabassumdan
tishlari tirjayib ko‘rindi. — Oxir-oqibatda men seni har doim ishdan haydashim mumkin:
— Jumladan, — davom etdi Palmer go‘yo eshitmaganday, — direktorlaringiz va ularning
departamentlari faoliyat doirasi qanchalik chuqurlikka ega o‘zi? Agar bir g‘isht tashlasam,
odamlarimizdan birining boshiga borib tegishi mumkin-ku?
— Ehtimol. Menga, masalan, buning farqi yo‘q.
— Hissadorlarimizga nisbatan qanaqa? — tinib-tinchimasdi Palmer. — Direktorlarga nisbatan
sizning sanktsiyangizni oldim, bizning aktsiyalarimizga egalik qilgan soxta bevalaru yetimlarga
nisbatan qanday?
— Hech qanday muammo yo‘q.
— Sizning munosabatingiz menga yoqadi. General jang arafasida o‘z askarlariga deydi: “Ular sizga
zarar yetkaza olmaydilar”. Nima bo‘lganda ham aktsiyalarning yirik xaltalarini kim ushlab turganini
tushuntirib berganingizda yaxshi bo‘lardi.
Berkxardt go‘shtini yeb tugatdi va asta-asta chaynalgancha huzur qilib o‘zini stul suyanchig‘iga
tashladi.
— Buni hamma biladi, Vudi. O’zingni hech narsadan xabari yo‘qday qilib ko‘rsatib nima qilasan?
— Sizningcha, bunga vaqtim musoida etadimi?
Berkxardt yelka uchirib qo‘ydi.
— YuBTK aktsiyalarini har kim ham ola biladi. Har kimning o‘z ulushi bor. Menda 90.000 aktsiya
bor, xuddi shunchadan Garrida ham, Kliffda ham, boshqa vitse-prezidentlarda ham bor. O’zaro
yordamning yirik jamg‘armalari va investitsiya banklarida ham ko‘p aktsiyalar bor. Men nima deyishim
mumkin, Vudi? Bunday aktsiyalar o‘zini munosib deb topgan har qanday odamda bor. Boshqa banklar
YuBTK aktsiyalarini ushlab turibdilar, sug‘urta kompaniyalari ham. Maklerlar YuBTK aktsiyalarini o‘z
mijozlariga sotmoqdalar, chunki mijozlar YuBTKni talab qilmoqdalar. Grestlarning jamg‘armalari.
Nafaqaxo‘rlarning jamg‘armalari. Mubashshirlar bevalarining allaqanday dafn jamg‘armasi 20.000
aktsiyaga ega ekan. YuBTK aktsiyalari haddan tashqari mustahkam. 1933 yildan buyon biz
dividendlarning bitta ham to‘lovini o‘tkazib yuborganimiz yo‘q. Ikkinchi jahon urushidan keyin esa
dividendlar qariyb 60 foizga o‘sdi. 1954 yilda biz hatto aktsiyalarni maydalab yubordik. Agar 1945
yilda aktsioner YuBTKning 100 dollarlik aktsiyalariga ega bo‘lsa, bugungi kunda uning mablag‘i 240
dollarni tashkil etayapti. Hamma YuBTKni sotib olmoqda. Birjada bizning aktsiyalarimiz eng barqarori.
G’ishtlarni uloqtirganingda kimni mo‘ljalga olganingni men qayoqdan bilay? Takror aytamanki, bu
haqiqatan ham bir chaqaga qimmat. Bizning mulklarimiz shu qadar kengki, bizga zarar keltirmoq
uchun ko‘nglingdagiday katta bo‘lakni ushatib ololmaysan.
— Siz tavakkal qilish va bundan nima chiqarkin, deb qarab turish kerak demoqchimisiz?
— Bo‘pti. Faraz qilaylikki, shunday. Lekin men bir narsani tushunmay turibman, bu seni nega
tashvishga solmoqda? Nega aynan hozir? Nega birdaniga?
Berkxardtning ko‘zlari katta-katta ochildi, bu ham bir lahzagina, qorachiqlar nurdan qisilguncha
davom etdi, xolos. Palmerga bu ko‘zlarda namoyishkorona takabburlikdan boshqa yana nimadir yilt
etgandek bo‘ldi. Balki, u buni eshitdimikan yo? Berkxardt haddan ortiq qizishib ketmadimikan? Yoki
Palmerning o‘zi isbotlarni qidirib, ularni aslida yo‘q joydan topmadimikan?
Javob o‘rniga Palmer likobchani surib qo‘ydi, o‘zini orqaga tashladi va sigareta tutatdi.