www.ziyouz.com kutubxonasi
285
telba senga zudlik bilan qo‘ng‘iroq qilaveradi. — U asta o‘girildi va Palmerga qaradi. — Mayli. Gapir.
— Nima haqida? — qisqa savol berdi Palmer. — Ahamiyat berdingizmi, YuBTK aktsiyalarining
faolligi deyarli yo‘q darajaga tushdi? Hech kutilmaganda ularni xarid qilmay qo‘ydilar.
— Ularni sotib olganlar, — ming‘irladi Berkxardt — mavjud Jet-Tex aktsiyalaridan qutulish bilan
band. Sen bizni qanaqa g‘alvaga ro‘para qilding?
— Biz emas, Jet-Tex g‘alvada.
Berkxardt yutoqib, nafas oldi. — Bu — albatta YuBTKga ham ta’sir qiladi, yaramas telba! — bo‘kirdi
u. Uning ko‘zlari dum-dumaloq bo‘lib ketdi. — Qanday ahvolda qolishimizni hech bo‘lmasa, tasavvur
qilasanmi?
Palmer Berkxardt ko‘zlarining burchagida pirpirayotgan kipriklariga qaradi.
— Leyn, o‘tiring, — dedi Palmer. — Marhamat.
— Menga mehribonlik qilma, baxtsiz mishiqi! — Berkxardt xona to‘ridagi kattakon deraza yoniga
bordi. — O’zingcha nima ishlar qilayotganingni bilishim kerak. Men hayotimni baxsh etgan idoraning
obro‘sini xavf ostida qoldirish uchun o‘taketgan darajada surbet bo‘lish kerak. Bunga qanday jur’at
etding?
Palmer sigaret qutisini chiqarib, stol osha Berkxardt tomonga surib qo‘ydi.
— Jahlingiz chiqmasin, — dedi u xayolchanlik bilan past ovozda. — Hammasini tushuntirib
o‘tirishga vaqtim bo‘lmadi. Nima bo‘lganda ham bu ish oqibatida ikkimizning qay ahvolga tushishimiz
avvaldan ma’lum edi.
— Hozirgidek, sen kichkina...
— Tinchlanib, jim o‘tiring! — gapini kesdi Palmer. — So‘kishlaringizni eshitish majburiyatini olgan
emasman.
Ikkalasi bir-biriga ehtiyotkorlik va qandaydir horg‘inlik bilan tikilib qolishdi. Keyin Berkxardt o‘tirib,
sigaret tutatdi.
— YuBTKda uzoq qolish niyating yo‘q ekan, — dedi u ataylab ta’sirsiz ohangda, — lavozimingni
pasaytirish shart emas deb o‘ylayman.
— Ahamiyati yo‘q, — gapini bo‘ldi Palmer. — O’ta kuchli kuzirlar bor. Ularning talablarini
shunchaki, chetga surib qo‘ysam, katta ko‘ngilsizliklar kelib chiqar edi. Ularni qo‘llab-quvvatlaganimda
meni o‘zlarining direktorlar kengashlariga qo‘shib olishar, sizni esa birorta faxriy rais lavozimiga surib
qo‘yishib, katta miqdorda zayom yoki undan ham balandroq yuutuqni qo‘lga kiritishar edi. Hozir
Lumisning qo‘llari o‘z muammolari bilan shunchalik bog‘lab qo‘yildiki, aktsiyadorlarimizni yig‘ilishida
bironta yurish qilishga ham holi qolmadi.
Bir necha muddat Berkxardt sigaretni qisqa-qisqa tortib, atrofini tutunga to‘ldirganicha, jim qoldi.
— Jamg‘arma banklari-chi? — nihoyat u tilga kirib bo‘kirdi.
Berkxardt nimalarni bilishini aniqlay olmagan Palmer mujmal javob berdi:
— Siz, albatta, Jet-Texning Olbanida jang qilishga majoli qolmaganini tushunib olasiz.
— Anavi, ular menga tavsiya qilgan grek-chi?
Palmerning peshonasi tirishdi:
— Livanlik. Siz nima uchun u bilan ishlay olmaganingizni tushunish qiyin emas. Siz hamma chet
elliklardan nafratlanasizmi yo faqat Bernsdanmi?
— Bunaqa tanishlarim to‘lib yotibdi, — quruqqina javob berdi Berkxardt. — Ularning bir dunyosi
bilan ish yuzasidan muloqotda bo‘lganman. Biroq Bernsni ko‘rgan zahotim kimga to‘qnash kelganimni
anglagan edim. Eshit. — U stolga yaqinroq engashdi. — Oq tanli odam shunday qila olarmidi?
Palmerning og‘zi xunuk qiyshayib ketdi.
Palmer o‘rnidan qanday qo‘zg‘alayotganini sezib turardi. Chamasi, u turmoqchi emasdi. Biroq
oyoqqa turgan zahoti Berkxardtnikidan baland bo‘lgan o‘z ovozini eshitdi.
— Erkakchasiga gaplashib olishni xohlaysizmi?
— Sen bilan jon deb hisob-kitob qilaman.
Palmer stolga engashdi va yuzini Berkxardtning basharasiga yaqin keltirdi.