www.ziyouz.com kutubxonasi
109
Jahongir qisqa muddat ichida mana shularni eslab, «Tolibjon begunoh banda edi,
hamma hujjatlarni, xotiralarni titib chiqishsa ham uni ayblasha olmaydi», degan qarorga
keldi. U Ramazonovning keyingi savoliga javob bermadi. Ko‘zini yumib yotaverdi.
Kapitan noo‘rin tashrif buyurganini anglab, afsuslandi-da, o‘rnidan turdi.
13. «XITOY DO‘XTUR» Kapitan Ramziddin Ramazonov Jahongirning o‘tmishini o‘rganayotgan chog‘da mayor Sanjar Solihovning Qirqbel qishlog‘iga borgani, so‘ng marhumning yaqinlari bilan uchrashgani haqida. Mayor Solihov depara ichki ishlar bo‘limiga kirib, ajablanarli yangilik eshitdi: kapitan
Jabborov jumhuriyat prokuraturasiga ishga o‘tibdi. Begunoh odamlarni asossiz ayblab
qamashdagi gunohlari uchun yaqindagina vazifasidan pastlatilgan odamning yana
cho‘qqi sari parvozi ajablanarli hol edi. Yig‘layotgan go‘dakni ovutish uchun shirinlik
ko‘rsatiladi, bola ovunishi bilan shirinlik joyiga qo‘yiladi. Xuddi shunga o‘xshab haqiqat
qaror topyapti, deb jar solindi-yu, eski hammomga eski tos bilintirmay olib kirib
qo‘yilibdi. Barcha chirigan toslar joyiga qaytariladimi yo bittasi istisno bo‘ldimi — bu
Solihov uchun hozircha muammo. Jabborovning yana mas’ul vazifaga ko‘tarilishidan
tushundiki, ishlarida shakl biroz o‘zgaradi, mazmun esa aslicha qolaveradi. «Odamlar
bizga ishonishmas edi, bizni yomon ko‘rishardi, — deb o‘yladi Sanjar Solihov, —
gunohkorlarga jazo berib, begunohlarni ozod qilib, endigina ishonch uyg‘otayotgan edik.
Endi yana la’nat toshlari ostida yasharkanmiz-da»... Istisno degani xatarli bo‘ladi. Bir
odam uchun istisno tariqasida ignadek teshik ochiladi. So‘ng ikkinchi istisnoga hojat
seziladi. Qarabsizki, ignadek teshik kattalashib, karvonsaroyning darvozasiga aylanadi —
undan it ham, eshak ham o‘taveradi. Jabborov uchun qilingan istisno kelajagini Solihov
shunday tasavvur etdi.
U Qirqbelga yolg‘iz o‘zi yo‘l oldi. Ilgarigi borishida Jabborov bilan noxush suhbat
qurgani, yo‘l loy bo‘lgani uchun ko‘nglida xiralik qolgan edi. Bu safar yo‘l loy emas —
hammayoq oppoq qor, yonida yoqimsiz odam ham yo‘q. Havoning tozaligi, qorning
g‘irchillashi noxush yangilik tufayli ko‘nglida uyg‘ongan g‘ashlik olovi taftini bir oz bosdi.
Burniga ko‘zoynak qo‘ndirib olgan Damin tanchada kitob o‘qib o‘tirardi. Xonaga pech
o‘rnatilmagan, oynagi singan deraza ko‘ziga gazeta yopishtirib qo‘yilgan. Damin o‘rnidan
turib, uni qarshilab, tanchada o‘tirishga taklif qildi. So‘ng o‘txona yonidagi choynakni
olib, choy quyib o‘zatdi-da:
— Sherigingiz qani? — deb so‘radi.
— Sherigim... — Solihov hozir eshitgan yangiligi bu odamni lovullatib yuborishini
anglab, yolg‘on gapirdi, — ishi chiqib qoldi.
— Olib kelmaganingiz yaxshi bo‘libdi. Qarashi xunuk edi.
— Men oshnangizni so‘raysiz desam, sherigimni surishtirib qoldingiz?
— Oshnamning ishi yaxshilik tomon yuz burganini kelishingizdan sezdim. Ishi yomon
bo‘lsa kelmas edingiz. Yana nimalarni so‘ramoqchisiz mendan?
Solihov cho‘ntagidan suratlarni chiqardi.
— Shularni taniysizmi? Diqqat bilan qarang: ularni yoshligida ko‘rgan bo‘lishingiz
mumkin?
Damin suratlarga qayta-qayta razm solib, Murodillaning rasmini ajratdi.
— Tepabelda bir yigit bo‘lardi. Chamamda Olamgir akaning ulfatlaridan edi. O‘shanga
o‘xshaydi.