www.ziyouz.com kutubxonasi
112
— Yo‘q, azizim, uni o‘ldirmaysiz, kimligini bizga aytasiz.
— Kimligini bilmayman... orqasidan ko‘rib qoldim.
— Murodillamidi?
— O‘shanga o‘xshatdim.
— Akangiz bilan Daydidarada uchrashishingizdan u xabardormidi?
— Bilmayman.
— Siz hech kimga aytmaganmidingiz?
— Yo‘q.
— Nima uchun Daydidarada uchrashmoqchi edinglar?
— Yigirma ikkinchi yilda yechimsiz qolgan gapimiz bor edi. Qanaqa gap, deb
so‘ramang, sizga dahli yo‘q.
— Harholda Daydidaraning tanlanishi qiziq menga.
— Daydidara — tabarruk joy, — Jahongir shunday deb picha sukut saqladi. —
Avvallari qishloq oqsoqollari o‘sha yerda kengashib yechimga kelmagan masalalarni
yechib berishar ekan. Olamni shakkok bosib, u yerning tabarrukligini ham unutishdi.
Daydidaraga Ollohning nazari tushgan. Haqiqat yechimi faqat o‘sha yerda.
Solihovga bu izoh erish tuyuldi. «Tabarruk» degan tushuncha bilan gapni
aylantiryapti, deb o‘yladi. Jahongirning titrog‘i biroz bosilib, xayolga cho‘mganini ko‘rib
savolni bas qildi.
— Erta-indin Damin oshnangiz kelmoqchi. Bu yerning tabiblari ruxsat berishsa,
uyingizga borasiz. Ammo... Mening ruxsatimsiz bir qadam ham bosmaysiz, boshqaga bir
og‘iz gapirmaysiz. Ayniqsa oshnangizga.
Solihov shunday deb chiqib ketdi. Xitoy do‘xturning tashrifi, Jahongirdagi
o‘zgarishdan, uning gaplaridan dastlab lol qoldi. Endi biroz fursat o‘tib esa, tugunlar
yechimini ko‘rganday bo‘ldi. Chigal ishlar zimiston ko‘chalarga boshlab gangitgan choqda
milt etgan chiroq ham odamning ko‘ziga olamni yoritguchi quyoshday ko‘rinadi.
Murodilladan shubha qilmoq uchun Solihovda hali yetarli asos bo‘lmasa-da, ayrim
narsalarni sinab ko‘rishni lozim topdi. Shu maqsadda bosh tabib xonasiga qaytdi.
— Muhammadrizaevning o‘g‘li «Otamning dardiga davo bersin», deb xitoylik tabibni
boshlab kelgan. U odam qanday shifo berishi mumkin? — deb so‘radi u.
— Ularning eng ko‘p qo‘llaydigan usullari — igna bilan davolash. Badanda asab
hujayralarining ma’lum nuqtalari mavjud. Xitoylilk tabiblar nihoyatda ingichka tilla
ignalarini shunday nuqtalarga sanchishadi. Shu davo usuli bilan turli og‘riqlar to‘xtaydi,
qon bosimi mo‘’tadillashadi. Xullas, xitoy tabobati bu sohada ko‘p mo‘’jizaga ega.
Afsuski, biz buni yaxshi bilmaymiz. Aniqrog‘i, rad etib kelamiz.
— O‘sha igna bilan odamga salbiy ta’sir ham qilish mumkinmi?
— Qanaqa salbiy ta’sir?
— Masalan... — Solihov o‘yladi. — Masalan... odamni behush qilish yoki aqldan
ozdirish...
— Mumkin. Gap o‘sha nuqtani topishda.
— Tabib shunday harakat qilsa, chetdan turib bila olasizmi?
— Yo‘q, men bila olmayman.
— Mutaxassis-chi?
— Uning ko‘zini ham shamg‘alat qilish mumkin.
«Agar uchinchi odam xitoy do‘xtur bo‘lsa, u Jahongirni yo‘q qilish niyatida shu yerga
kelmadimi, ignalari bilan uni yo‘qotishga urinmadimi? Yo Muhammadrizaevning tuzalib
chiqishini kutadimi?»
Solihov shu savollarga javob topish uchun sukutga berildi. «Uchinchi odam uchun
Muhammadrizaev xavfli bo‘lib qoldi. Muhammadrizaev uni ko‘rgan. Demak, uchinchi