www.ziyouz.com kutubxonasi
94
aytdi: «Chetroqda yurganingiz ma’qul». Ustozi bilan xayrlashib bekatga chiqdiyu
Komlevni uchratib qoldi. Ilmiy kengashga kelgan qadrdonini tashlab ketolmadi. Iziga
qaytdi. Kechqurun mudarrisning qorovulxonasida tongotar gurung qildilar. Komlev ertasi
oqshom yana kelmoqchi edi, daragi bo‘lmadi. O‘sha kech mudarrisning ahvoli
og‘irlashdi...
Komlevning izidan odam tushganini, qorovulxonadan chiqib borayotganda hibsga
olinganini Jahongir keyinroq, so‘roq paytida fahmladi. «Shu odam o‘zbekni deb
qayg‘uryapti, unga jabr bo‘lmasin», deb so‘roqni chalg‘itmoqchi edi, bu bilan ayb to‘riga
o‘zi chirmab tashlanganini sezmay qoldi.
11. OLOVNI KIM O‘CHIRADI? Komlevning tashrifidan keyin Jahongir xotirasida uyg‘ongana voqealar, xususan shoir va olim yigitlarning ayanchli taqdirlari haqida hikoya. Birinchi safar qamalganida «bu ham odam-ku, yana bekorga jabr chekmasin», debmi,
harholda uch-to‘rt kun so‘roq qilishgan edi. Guvohlarning bilib-bilmay aytgan so‘zlarini
ham eshitishgan edi. Hukmni esa el oldida o‘qishgan edi. Bu safar pachakilashib
o‘tirishmadi. Masala birinchi so‘roqdayoq hal bo‘ldi. Jahongir «xalq dushmani» bilan
oshna ekanini, shu oshnachiligi tufayli qamoqda o‘tirishi lozimligini bildi. Lekin qancha
o‘ylamasin, Komlevning qaysi xalqqa — rus xalqigami yo o‘zbek xalqiga dushman
ekanini farqlay olmadi. Qolaversa, o‘zining egri fikrli unsur ekanini ham shu so‘roqda
bildi. Lekin qaysi fikrlari to‘g‘ri, qaysi birlari egri — ular tushuntirib o‘tirishmadi.
Jahongirga birov «Qamoqxonada yotishga joy yo‘q», desa ishonmagan bo‘lardi. O‘z ko‘zi
bilan ko‘rib «Yo, alhazar», deb dong qotdi. «Bularning barchasi unsurmi, barchasi
boylarning farzandlarimi?» deb o‘yladi. Qamoqxona eshigi sharaqlab ochilib-yopilib
turardi: birov kiradi, birovni olib chiqib ketadilar. U keyingi so‘roqda aytadiganini o‘ylab,
pishitib o‘tirganida, yarim tunda chaqirdilar. Lekin uni so‘roq qilmadilar, hukmni o‘qib
eshittirdilar. O‘n chog‘li kishini o‘sha tundayoq temir panjarali vagonga bosib jo‘natdilar.
Jahongir avvaliga noxush tush ko‘rayotgandek bo‘ldi: o‘n besh yil avvalgi vagon, o‘n
besh yil avvalgi tanish hid... Faqat odamlar boshqa. Yigirma ikkinchi yilda vagon liq to‘la
emasdi. Unda odamlar baralla so‘kinaverar edi. Soqchilar kattalarning onalarini «shirin
so‘z» bilan tez-tez eslab turishardi. Bu safar vagon odamga to‘la, lekin hech kim
yo‘qday. Xuddi yigirma ikkinchi yildagi vagonga asov otlar qamalganu bunisiga yuvosh
qo‘ylar bosilganday. Avvalgisida o‘zbeklar kam edi. Bunisida asosan o‘zbeklar...
Poezd ilgarilab borgani sayin Jahongirning eti uvishadi. «Yana o‘sha muz o‘lkaga
boramanmi, Xudo bir marta omon qaytardi, endi-chi? Zokirxo‘ja singari muz qabrga
tushamanmi?» degan xayol yuragini kemirardi.
Bir bekatda poezd ancha vaqt to‘xtab qoldi. Qorong‘i tushganda vagon eshigi g‘aldir-
g‘uldir qilib ochildi. «Yetib keldik shekilli», deb o‘yladi Jahongir. Boshqalar ham shu
fikrga kelib, hamma buyruqni kutmayoq o‘rnidan turdi. Ofitser qo‘lidagi ro‘yxatni
qo‘lchiroq yorug‘iga tutib, o‘nta odamni chaqirdi. Nomi chiqqanlar vagondan pastga
sakrab tushib, o‘zlarini bir onda soqchilar qurshovida ko‘rishdi. Ularni olib ketishgach,
boshqalar «bizni ham chaqirarmikin», degan o‘yda qotib turaverishdi. Vagon eshigi
yopilmadi, ularni chaqirishmadi. Ofitser qo‘lidagi ro‘yxatni cho‘ntagiga solib nimanidir
kutib qaqqayib turaverdi.
Kutish jonga tegdimi, vagondagi dadilroq bir yigit ofitserga qarab dedi:
— O‘rtoq, qaerga keldik?