www.ziyouz.com kutubxonasi
96
— Muhammadrizaev senmisan? — dedi ofitser unga sinovchan tikilib.
— Menman, — dedi Jahongir.
— Nimaga qamalganingni bilasanmi?
— Bilmayman.
— Xalq dushmanlariga homiylik qilgansan. O‘zing ham davlatga qarshi ishlar bilan
shug‘ullangansan.
— Men halol xizmatim bilan kun ko‘rganman, siyosatga aralashmaganman.
— Gapni bas qil! — dedi ofitser stolni shapatilab. — Bu yerdan eson-omon chiqish
o‘zingga bog‘liq. Biz senga ishonch bildirmoqchimiz. Ishonchimizni oqlasang barvaqtroq
qutulib ketishing ham mumkin. Sen unsur emassan. Adashgansan. Adashganlar tavba
qilsa, to‘g‘ri yo‘lga tushsa — xalq kechiradi. Sen shu marhamatga erishishing kerak.
Seni biz to‘rtinchi barakka oqsoqol qilib tayinlaymiz. Odamlarga qaraysan, vaqtida ishga
olib chiqasan, lo‘ttibozlikka yo‘l qo‘ymaysan, ayyorlarni jazolaysan. Agar birortasi
qochmoqchi bo‘lganini sezsang, darrov bizga ma’lum qilasan. Atrofingdagi siyosatchilar
darrov biron tashkilot tuzishga harakat qilishadi. Ularni ham kuzatasan, ma’qulmi?
Jahongir taklif etilayotgan ishning nimaligini yaxshi biladi. Turmadagi oqsoqol —
barchaning nafratiga qolib yashaydigan odam. Qorni boshqalardan ko‘ra to‘qroq, tirik
qolish imkonini ham boshqalardan ko‘ra ko‘prog‘u, lekin har kuni yuzlab ko‘zlarning
nafrat bilan boqishiga chidab yashash mumkinmi? Jahongir hozir o‘sha nigohlarni ko‘rib
turganday edi.
— Bu ishni eplay olmayman. El qatori ishlaganim ma’qul. Josuslik qilish qo‘limdan
kelmaydi, bizning urug‘dan xoin chiqmagan, — dedi u dangal.
Ofitser undan bu darajadagi dadillikni kutmagan edi.
— Sen hali buni xoinlik deb tushunasanmi? — u o‘rnidan turib Jahongirga yaqinlashdi-
da, g‘azab bilan tikildi. — Urug‘ingdan xoin chiqmaganmi? — U shunday deb
Jahongirning qorniga musht urdi. Jahongir kutilmagan zarbdan bukchaydi. Yana musht
tushib qolar yoki tepki yerman, deb o‘ylagan edi, hartugur ofitserga insof berdimi,
boshqa urmadi. Joyiga borib o‘tirdi.
— Feofanov! — deb baqirdi o‘tirgan joyidan. Ostonada Jahongirni boshlab kelgan
soqchi paydo bo‘ldi. — Ertalabgacha tindirmasdan itday ishlat. Bu yerda ishlash
qanaqaligini bilib qo‘ysin.
Askar yigit Jahongirga yarim tungacha o‘tin yordirdi. Keyin soqchining buyrug‘i bilan
Jahongir bir quchoq o‘tinni olib barakka qaytdi. Tashqarida ishlab qizigani uchun
Jahongirga uy sovuq tuyuldi. Askar yigitdan gugurt olib pechni yoqdi. Ho‘l o‘tin tutay-
tutay oxiri yondi. Yo‘lda yiqilgan yigit bukchayib yotib, beto‘xtov yo‘talardi. Uning yonida
yotgan yigit boshini ko‘tarib, Jahongirga qaradi:
— Nimaga chaqirishibdi?
— O‘tin yordirgani, — dedi Jahongir gapni qisqa qilib.
— Aytgingiz kelmasa, aytmang, lekin yolg‘on gapirmang. Biz bu badbaxt yerlarga
yolg‘on tufayli keldik. O‘zimiz ham yolg‘onga suyanib yashasak... o‘lganimiz yaxshi...
Yigitning ovozi titradi. Jahongir unga qaradi: qorong‘ida uning ko‘zlari ko‘rinmadi.
— O‘tin yorganim yolg‘on emas, rost. Boshliq shu uyga oqsoqol bo‘lasan devdi,
urug‘imizdan xoin chiqmagan, deb baloga qoldim.
— Oqsoqollikka nima uchun sizni tanlashibdi?
— Bilmadim... Harholda men avval o‘tirganman. Shuni hisobga olishgandir.
— Nimaga qamalgansiz?
— Meni qamashayotganda ham bunchalik ko‘p savol so‘rashmagan.
Yigit o‘rnidan turib pechga o‘tin qalayotgan Jahongirning yoniga kelib, cho‘nqayib
o‘tirdi.