1221-yilning boshlarida Chingizxon 'qo`shinlarining Urganchga yurishi boshlandi. Endigina Xorazm davlatining Sultoni deb e'lon qilingan Jaloliddin Manguberdi Urganchga yetib kelib mudofaaga kirishsa-da, ammo Turkon Xotun Jaloliddin hokimiyatini tan olmadi. Unga qarshi sobiq Jand noibi qochqin Qutlug`xon boshliq qipchoq lashkarboshilari tomonidan uyushtirilgan suiqasddan xabar topgan Sulton Jaloliddin Temur Malik bilan Xurosonga jo`nashga majbur bo`ladi. Chunki bunday vaziyatda poytaxtga tomon bostirib kelayotgan yovuz dushmanga qarshi Urganch mudofaasini sira ham tashkil qilib bo`lmas edi. Tez vaqt ichida shahzodalar O`zloqshoh va Oqshohlar ham Urganchni tark etib, qochib ketadilar.
Poytaxt taqdiri o`ta qo`rqoq va amalparast amir Xumortegin qo`lida qoladi. U o`zini Sulton deb e'lon qilib, Urganchni mo`g`ullardan himoya qilishga va'da ham qiladi. Urganchdek katta shaharni qamal qilish uchun shimoldan Jo`ji, Buxoro tomondan Chig`atoy va O`qtoy askarlari bostirib keladi.
1221-yilning qishida 50 ming kishilik mo`g`ul askarlari hujum boshlab, Urganchni qamal qiladi. Urganchliklar dushmanning harbiy kuch va zirhli qurollarining ustunligiga qaramay o`z ona shahrini mudofaa qiladilar. Mo`g`ul askarlari ichiga neft to`lg`azilib, piligi yonib turgan ko`zachalarni irg`itib tursa-da, erksevar Urganch aholisi bunday og`ir damlarda ham dushmanga qarshi mardonavor kurashdi. Poytaxt ichida olib borilgan ko`cha janglarida zamonining buyuk allomasi Shayx Najmiddin Kubro nomi bilan shuhrat topgan 76 yoshli Ahmad ibn Umar Xivaqiy o`z do`st-u shogirdlari va izdoshlari bilan ishtirok etadi. Najmiddin Kubroning iltijo bilan "Yo Vatan, yo sharofatli o`lim" deb aytgan xitobi rahnamoligida har bir mahalla, ko`cha-ko`y, guzar-u rasta, masjid-u madrasa va har bir xonadon janggohga aylanadi. Mudofaachilar qadrdon shaharning har bir qarich yerini mardona himoya qilib, mardlik va fidokorlik namunalarini ko`rsatadilar. Uzoq davom etgan ko`cha janglarida minglab mo`g`ul askarlari halok bo`ladi. Mo`g`ullar to shu paytgacha Movarounnahrning hech bir shahrida bunchalik qurbon bermagan edilar. Bu qonli kurash besh oy davom etgan.
Chingizxon Najmiddin Kubroga ahli a'yonlari, barcha yor-u do`stlari bilan shahar tashqarisiga chiqib, jon saqlashni taklif etgan. Ammo shayx Chingizxon taklifini rad qilgan. Oqibat son jihatidan teng bo`lmagan dushman bilan olib borilgan shiddatli jangda og`ir yaralangan Najmiddin Kubro o`lim oldida tug` tutgan mo`g`ul sarboziga tashlanib, qahramonlarcha shahid bo`ladi. Shubhasiz, harbiy kuchda va intizomda ustun bo`lgan mo`g`ullarga qarshi kurashgan urganchliklarning g`alaba qozonishi mushkul edi. Ilojsizlikdan holi tang bo`lib, taslim bo`lgan Urganch bosqinchilar tomonidan talontoroj qilinadi. 100 ming nafar hunarmand asirga olinib, qolganlari qirib tashlanadi. Shaharning bosh to`g`oni buzib yuboriladi. Urganchni suv bosib, u vayron bo`ladi.
Jalolitdin Manguberdining jasorati
Movarounnahrning asosiy shaharlari egallangach, mo`g`ul jangarilarining bosqinchilik yurishi Amudaryodan janubga joylashgan yirik savdo va madaniyat markazlaridan hisoblangan Balx, Hirot, Marv va g`azna kabi shaharlarga yo`naltiriladi. Ammo bu viloyatda ular Jaloliddin Manguberdining qattiq qarshiligiga uchraydi. Bu o`lkada u kuchli lashkar to`playdi. Jaloliddin Manguberdi ancha yillar ilgari g`azna, Bomiyon, Guch, Bust va Hindiston hududlarigacha bo`lgan yerlarga hokim etib tayinlangan edi. Shu boisdan u g`azna tomon borardi. Yo`lda unga Xuroson noiblari o`z qo`shinlari bilan kelib qo`shilib bordi. Sulton Jaloliddin Niso, Qandahor shaharlari yonida mo'g`ul qo`shinlariga qaqshatqich zarbalar berib, g`aznaga yetib keldi. Uning qo`shinlari safiga yangi kuchlar qo`shildi. Jaloliddin Valiyon qal'asini qamal qilayotgan mo`g`ul qo`shinlariga qarshi hujum qilib, ularni tor-mor etadi. Bu Jaloliddinning dushman ustidan qozongan dastlabki yirik g`alabasi edi.
Jaloliddin jangda harbiy taktika tarixida birinchi bo`lib dushman suvoriylariga qarshi ot yonida turib piyoda jang qilish uslubini qo`llaydi.
Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no`yonni 45 minglik qo`shin bilan jo`natadi. g`azna yaqinidagi Parvon tekisligida shiddatli jang boshlanadi. Sulton Jaloliddin dushmanga darg`azab arslondek goh o`ng, goh so'1 qanotdan, ba'zan markazdan hujum qilib, uning tinkasini quritadi. Mo`g`ul qo`shinining engatoqli lashkarboshilari Jaloliddinga qarshi tura olmaydilar. Parvon dashtidagi jangda Jaloliddin g`alaba qozondi. Biroq g`alabadan keyin qo`lga kiritilgan o`ljalarni taqsimlashda Jaloliddinning lashkarboshilari o`rtasida o`zaro kelishmovchilik boshlanadi. Oqibatda lashkarboshilardan Sayfuddin Ag`roq, A'zam Malik va Muzaffar Maliklar qo`shindan ajralib ketadilar. Bu voqeadan so`ng Jaloliddinning harbiy kuchi ancha-muncha kuchsizlanib qoladi.
Fursatdan foydalangan Chingizxon g`aznaga askar tortadi va ajralib chiqqanlarni alohida-alohida tor-mor etadi. Jaloliddin tengsiz janglar olib borib, Sind (Hind) daryosi qirg`oqlariga yaqinlashib boradi. Daryo bo`yida 1221-yilning 25-noyabrida ikki o`rtada qattiq jang bo`ladi. Jaloliddin Chingizxon qo`shinining ilg`orini yengadi. Mo`g`ullarning pistirmalarga qo`yilgan 10 ming nafar saralangan askari jangning oqibatini hal qiladi. Jaloliddin taslim bo`lishni va o`z oilasining mo`g`ullar qo`liga tushishini va xorlartishini xohlamay (onasining oldindan qilgan vasiyatiga ko`ra) rafiqasi, onasi va bolalarini tik qirg`oqdan daryoga tashlashga amr etadi. O'zi esa otda Sind/daryosiga sakrab, narigi qirg`oqqa suzib o`tadi. U bilan birga uning to`rt ming kishilik askari ham daryodan o`tib oladi. Hozirgi paytda ham bu daryoning bir tomoni "Ot sakrash", narigi tomoni "Cho`li Jaloliy" deb ataladi. Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon hatto uni ta'qib qilish fikridan ham qaytadi.
Jaloliddin yana o`n ikki yil davomida goh Eron, goh Ozarba'yjon hududlarida mo`g`ullarga qarshi kurashni davom ettiradi. Kivkazda kuchli davlat barpo etmoqchi bo`ladi. Ammo bu o`lkada ham mahalliy hokimlar o`rtasidagi nizolar uning bunday orzusining ro`yobga chiqishiga to`sqinlik qiladi.
Shunday qilib, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdini va uning jangovar kuchini tashkil qilgan fidoyi safdoshlari, garchi Vatan taqdiri yo`lida o`z hayotlarini tikib, kuch jihatdan bir necha o`n barobar ortiq bo`lgan dushmanga qarshi yillar davomida qahramonona kurashsalar-da, ammo ona yurt ozodligini saqlab qolishning iloji bo`lmaydi. Chunki fursat boy berilgan edi. Eng so`nggi Xorazmshohning hukmdorligi 1231-yilda tugaydi. Shu bilan birga 140 yil hukmronlik qilgan Buyuk Xorazmshohlar davlati va uni boshqargan xonadon batamom halok bo`ladi. Sharqdagi bu ulkan davlat batamom barham topadi.
Vatan ozodligi yo`lida jon fido qilgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi mustaqil o`zbekistonda 1999yili keng nishonlandi. Xorazmda unga haykal o`rnatildi, yirik ko`cha va maydonlarga uning nomi qo`yildi, videofilm, pyesa va dostonlar yaratildi. 2000-yil, 30-avgustda "Jaloliddin Manguberdi" ordeni ta'sis etilgan.
Mog`ullar istilosiningoqibatlari
Harbiy taktika — jangda ko`zlangan maqsadga erishish uchun aniq sharoitga mos ravishda jang olib borishining tanlangan shakli va usuli.
Mo`g`ullar istilosi oqibatida Movarounnahr va Xorazmning yashnab turgan obod dehqonchilik viloyatlari halokatga uchradi. Gavjum va ko`rkam shaharlar, ayniqsa Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Banokat, Xo`jand va boshqalar xarobazorga aylantirildi. Marv vohasining sug`orish tarmoqlarining bosh to`g`oni— mashhur Sultonband buzib tashlandi.
Samarqandliklar o`z ona shaharlarini tark etib chiqib ketdilar. Marv aholisi esa suvsizlikdan qurib borayotgan qishloqlarni tashlab, o`zga yerlarga borib joylashdi.
Urganch suvga bostirilib, batamom vayron etildi. Xofazm va Movarounnahrning ziroatchi aholisi sonining keskin kamayib ketishi oqibatida ekin maydonlari jiddiy qisqarib, dehqonchilik tanazzulga yuz o`girdi. Mohir hunarmandlar g`oliblarning yurtini obod etish uchun majburan Mo`g`ulistonga yuborildi. Butun Sharqda shuhrat topgan qurol-aslaha yasash, nafis ipak matolar to`qish, naqshli shishasozlik hunarmandchiligi barham topdi.
Asrlar davomida Xitoy va Hindistondan Turkiston orqali Kichik Osiyo va Yevropa tomon kesib o`tgan mashhur Ipak yo`li mo`g`ullar bosqini davrida butunlay harakatsiz qoldi. Bu davrda ilm va ma'rifatga yetkazilgan jarohat ham oz bo`lmadi.
Dostları ilə paylaş: |