Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə84/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   80   81   82   83   84   85   86   87   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Braziliya yassi tog‘ligi. Bu tabiiy geografik o‘lka Amazoniyaga nisbatan ham katta maydonni egallab, Janubiy Amerikaning sharqiy qismining asosini tashkil etadi. U shimolda Amazonka pastekisligi bilan janubi-g‘arbda Markaziy pastekisliklar bilan va sharqda Atlantika okeani bilan chegaralangan. Yassi tog‘likning sharqiy va janubi-sharqiy yonbag‘irlari Atlantika okeani sohilidan tik ko‘tarilgan. Uning shimoliy yonbag‘ri Amazoniyaga va janubi-g‘arbiy yonbag‘ri La-Plata pastekisligiga tutashgan.
Braziliya yassi tog‘ligi Janubiy Amerika platformasining arxey va proterazoy kristall va metamorfik jinslaridan tarkib topgan. Uning morfologik tuzilishi xilma- xil shakllarga ega. Bu yerda yassi qir tekisliklar, tekis yuzali platolar, uncha baland bo‘lmagan tog‘lar, serralar deb ataluvchi uzoq masofalarga cho‘zilgan past tog‘ tizmalari uchraydi. Bular Serra-dus-Paresis, Serra-de-Ronnador, Serra-Darada, Serra-du-Espinyasu, Serra-Jeral, Serra-du-Mar kabi tizmalar va Matu-Grosu, Borborema platolaridir. Serralarning kengligi 300-400 km gacha boradi.
Braziliya yassi tog‘ligining ichki qismiga kirib borgan sari serralar asta-sekin pasayib yassi tog‘likning asosini tashkil etuvchi tekis yuzali baland platolar bilan almashinadi. Uning markaziy qismi kristall jinslardan tarkib topgan tipik peneplendir. Yassi tog‘likning ichki qismlari chekka qismlariga nisbatan ancha past, o‘rtacha balandliga 500-600 m ni tashkil etadi, ba’zi joylardagina 1000 m dan ortadi. Yassi tog‘likning yuzasi daryo vodiylari bilan chuqur o‘yilgan. Serralar va zinapoyasimon platolardan oqib tushadigan daryolarda ko‘plab sharsharalar, ostonalar hosil bo‘lgan. Shulardan Parana daryosidagi Seti-Kedas, Urubupunga, Monti-Altu, Iguasu, San-Fransisku daryosidagi Paulu-Afonsu va boshqa sharsharalardir.
Braziliya yassi tog‘ligi foydali qazilmalarga nihoyatda boy. Yassi tog‘likning foydali qazilmalari Amazoniya qazilma boyliklaridan shu bilan farq qiladiki, ular kristall va metamorfik tog‘ jinslaridan qazib olinadi. Kristall jinslar orasida temir rudalari, marganes, rangdor metallar rudalarining katta konlari bor. Yer po‘sti yoriqlariga magmaning kirib qolishi natijasida olmos, oltin, uran rudalari va xilma- xil kamyob metallar rudalari hosil bo‘lgan.
Braziliya yassi tog‘ligining iqlim sharoiti juda xilma-xil. Bunga sabab uning hududining bir necha iqlim mintaqalarida joylashganligidadir. Yassi tog‘likning katta qismi subekvatorial va tropik iqlim mintaqalariga to‘g‘ri keladi. Janubiy qismi esa subtropik mintaqada yotadi. Shuning uchun bu o‘lkada harorat janubi-g‘arbdan shimoli-sharqqa tomon o‘zgarib boradi. Shu yo‘nalishda yanvarning o‘rtacha harorati +22°C dan +29°C gacha, iyulning o‘rtacha harorati +12°C dan +25°C gacha oshib boradi. Haroratning sutkalik amplitudasi esa tog‘likning markazida +25°+30° C ni, shimoli-sharqida +40°+45°C ni tashkil etadi. Janubdan keladigan sovuq havo massalari ta’siri natijasida harorat vaqti-vaqti bilan pasayib turadi. Hatto yoz oydarida ham sovuq havo to‘lqini bostirib kirib kelgan paytlarda harorat +15°C gacha pasayishi mumkin.
Tabiiy geografik o‘lkaning deyarli barcha hududi uchun nam va quruq fasl xarakterli. Ammo bu fasllarning davomiyligi va yog‘inlarining yillik miqdori yassi tog‘likning hamma qismida bir xil emas. Masalan, tipik subekvatorial iqlimli, nam va quruq fasllar yaqqol namoyon bo‘lgan Braziliya yassi tog‘ligining markaziy qismida yillik yog‘in miqdori 1500-2000 mm ni tashkil etadi. Yog‘in asosan yozda 4-5 oy davomida bo‘ladi. Iqlimning kontinental o‘zgarishi sharqqa borgan sari aniq kuzatiladi. O‘lkaning shimoli-sharqiy qismida namlik fasli atigi 3 oy davom etib yillik yog‘in miqdori 200-400 mm gacha kamayadi. Braziliya yassi tog‘ligining nam subtropik iqlimli janubi-sharqiy baland ko‘tarilgan yonbag‘rida va qirg‘oq bo‘ylarida Atlantika okeanidan keladigan nam havo massalarining ushlab qolinishi sababli yillik yog‘in miqdori 1500 mm dan 4500 mm gacha ko‘payadi. Yog‘in deyarli yil bo‘yi tez-tez takrorlanib turadi. Nam va quruq faslning yaqqol ifodalanganligi, davomiyligi, atmosfera yog‘inlarining notekis taqsimlanganligi yassi tog‘likning o‘simlik qoplamida, madaniy landshaftlarning qiyofasida, daryolarning rejimida va ularning xarakterli xususiyatlarida o‘zining aksini topgan. Braziliya yassi tog‘ligining barcha daryolari yomg‘irdan to‘yinadi. Shu sababli daryolar rejimida qishda suvning kamayishi va yozda to‘lib oqishi keskin aks etgan. Faqat janubiy va janubi-sharqiy hududlardagi daryolar yil bo‘yi to‘lib oqadi. Oqim Amazonka, Parana, San-Fransisku va boshqa daryolar havzalari
o‘rtasida taqsimlangan bo‘lib, ularning barchasi Atlantika okeaniga quyiladi.
Braziliya yassi tog‘ligining tuproq-o‘simlik qoplami iqlim sharoitiga mutanosiblashgan holda o‘zgarib boradi. O‘lkaning shimoli-g‘arbiy va shimoliy hududlarida podzollashgan laterit tuproqlar ustida sernam yashil tropik o‘rmonlar – gileyalar rivojlangan. Undan janubroqda quruq faslda bargini to‘kuvchi o‘rmonlar boshlanadi. Yassi tog‘likning markaziy qismida kserofit butazor savannalar, daryo vodiylari bo‘ylab palma galereya o‘rmonlari cho‘zilgan. Qurg‘oqchil shimoli- sharqiy platolardagi qizg‘ish-jigar rang, qizg‘ish-qo‘ng‘ir tuproqlar ustida chala cho‘llarga xos kserofit sukkulent siyrak o‘rmonlar kaatingalar shakllangan. Janubi- sharqdagi to‘siq vazifasini bajaruvchi tog‘lar podzollashgan laterit tuproqlar qimmatbaho daraxtlar o‘sadigan qalin nam doimiy yashil tropik o‘rmonlar bilan qoplangan. Subtropik iqlimli baland platolarda asosan Braziliya araukariyasidan tashkil topgan o‘rmonlar o‘sadi. Ularning birinchi yarusida doimiy yashil o‘simliklar keng tarqalgan. Bu o‘simliklar orasida paragvay choyi alohida ajralib
turadi. Tuproq qoplamida qizil va sariq tuproqlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Yassi tog‘likning eng janubiy qizg‘ish-qora tuproqli qismi o‘rmonsiz savannalar – kampos limposlar bilan qoplangan. Siyrak o‘rmonlar va savannalarda qizil tumshuq, yolli bo‘ri, qizil butu, mayda mazama bug‘usi, qalqondor, jayra, Nandu tuyaqushi, tapirlar yashaydi.
Yassi tog‘likning o‘rmonlardan tozalangan joylarida agrolandshaftlar barpo etilgan. O‘zlashtirilgan maydonlarda kofe, kakao, paxta, shakarqamish, maniok, makkajo‘xori, loviya va boshqa xil tropik ekinlar yetishtiriladi. Gidroenergiya zahiralariga boy bo‘lgan daryolarda GESlar qurilgan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   80   81   82   83   84   85   86   87   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin