Etiologiyasi aniqlanmagan ovqatdan zaharlanishlar Alimentar – paroksizmal – toksik mioglobinuriya – kasalliklarini kelib chiqishida dunyoning turli mamlakatlarida baliq mahsulotlarini iste’mol qilishga bog’liq holda yuzaga kelib turadi. Kasallikka chalinganlarning deyarli barchasida mushaklarning alimentar distrofik va nekrotik o’zgarishlari rivojlanadi, buyrak funksiyasi izdan chiqadi, MNS funksiyasi o’zgaradi. Kasallikning eng asosiy klinik belgisi qatoriga mushaklarda to’satdan yuzaga keladigan kuchli og’riq xuruji, mioglobulinuriya. Tabiatdan zaharli bo’lmagan baliqlar (shuka, okun, sudak) da zaharli xususiyatini ro’yobga kelishi fitoplanktonlarga oid ovqat mahsulotlarning xususiyatlarni o’zgarishi bilan tushuntiriladi. Ammo, bu zaharli moddalarning tarkibi va xususiyati aniqlangan emas.
«Ovqatdan zaharlanishlarda sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalarida uning kelib chiqishi sabablarini tekshirish hisobga olinadi va laboratoriya tekshiruvlarini o’tkazish haqidagi instruksiya» ga muvofiq tibbiy yordam ko’rsatgan shifokorga unga birlamchi tashhis qo’ygan yoki ovqatdan zaharlanishga shubha qilgan shifokor quyidagilarni bajarishi shart:
Telefon, telegraf yoki biror xodim orqali sanitariya-epidemiologiya stansiyasiga shoshilinch xabar yuborish kerak.
Ovqatdan zaharlanish aniqlangandan so’nggi 12 soat mobaynida kasallik haqida shoshilinch xabarnoma (ekstrennoye izveщeniye) yuborish lozim, bunday xabarnoma № 058 hisob shaklida bo’lib, tuman SEO va JS bo’limida kasallik aniqlangan aniq manzilgoh to’g’risida ma’lumot berish uchundir.
Kasallikning keltirib chiqargan ovqat mahsulotini yoki shubha qilingan mahsulot iste’moldan chetlatilishi va keyinchalik bu mahsulotning tarqatilishi taqiqlanadi.
Shubhali ovqat qoldiqlari, qusiq–materiallari (oshqozon yuvilgan suv), najas, siydiklar to’planadi va lozim bo’lganda bemordan qon olib gemokultura uchun ekiladi.
Bakterologik tekshiruvlar uchun namunalar og’zi keng shisha idishlarga olinib, ularning og’zini zich berkilishiga e’tiborni qaratish kerak, olingan namunalarning hajmi 200-300 ml miqdorida bo’lib, pergament qog’ozga o’raladi, ustidan kanop yoki rezina bilan bog’lanadi. Konserva qoldiqlari topilgan hollarda ovqat qoldig’i shu idishning o’zida laboratoriyaga jo’natiladi.
Najas namunalarini olishda imkoni boricha eng oxirgi najas namunasi bo’lgani ma’qul (5-10 g). Agar najasda shilliqlar, yiring, qon qoldiqlari yoki izlari bo’lsa ularni ham albatta namunaga kiritish lozim bo’ladi.
Qusiq namunalari (50-100 ml), oshqozonni yuvish suvlari (100-200 ml) miqdorida har bir jabrlanuvchidan olinadi, lekin namuna olish ba’zi bir dori-darmonlarni iste’mol qilinishidan ilgari olinishi shart.
Tomoq va burunlarda surtma olishda sterillangan paxtali tamponlardan foydalaniladi. Namunaga yorliq yopishtiriladi, nomerlanadi va muhrlanadi. Har bir namuna idishda olingan materialning nomi, namuna olingan bemorning F.I.Sh., olingan vaqti ko’rsatiladi. Bakteriologik tekshirishlar uchun namunalarni 4-60S haroratda bir kundan ortiq saqlash mumkin emas.
Mavzuga oid vaziyatli masalalar Dala hovlilar joylashgan aholi yashash punktidan tibbiy yordam uchun 3ta oila murojaat qilgan. Murojaat qilganlar quyidagicha shikoyatlarni aytishgan: qorinda og’riq, tez hamda ko’p qusish. Bulardan 3-5 yoshdagi bolalarning ahvollari og’irroq. Kasallik kunning o’rtasida boshlangan bo’lib, jami 8 kishi kasallangan. Uchta oila a’zolari turlicha ovqatlanganlar, ammo umumiy ovqat sifatida mahalliy aholidan sotib olingan sut iste’mol qilingan. Kasallik boshlanishidan bir kun avval, sut sotgan ayol haridorlarni ogohlantirib, yendi sutni olib kelmasligini aytadi, chunki sigirining mastit bilan og’rib qolganligini bildirgan.
Toshkent shahridagi 1-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bir oiladan 8 ta bemor yotqizilgan bo’lib, ularning barchasi qorinda og’riq, ko’ngil aynishi, qusish, ich ketish, haroratning ko’tarilishi kabi shikoyatlarni aytishgan. Ayniqsa, bolalarning ahvoli og’irroq bo’lgan. Kasallanganlarning barchasi uy sharoitida qaynoq suvda tayyorlangan kremli tort iste’mol qilishgan. Tort tayyorlash uchun bir oy oldin bozordan sotib olingan tuxumdan foydalanilgan va u muzxonada saqlangan. Kasallik ich ketish va haroratning ko’tarilishi bilan boshlangan. Chaqirilgan shifokor o’tkir yuqori nafas yo’llarini yallig’lanishi deb tashhis qo’yib, shifoxonaga yotqizishni taqlif qilgan, lekin oila a’zolari uni rad etishgan. Ikkinchi kuni 12 yoshli qizni o’ta og’ir (agonal) ahvolda shifoxonaga yotqizilgan va u 15 kuni qilingan barcha muolajalarga qaramasdan vafot etgan. Oilaning boshqa a’zolari ham turli ahvollarda gospitalizatsiya qilingan va o’tkazilgan davolash kursidan so’ng 5-7 kunlari uylariga chiqarilgan. O’lgan qizni yorib ko’rilganda yarali enterokolit, o’pka, yurak, buyraqlarida chuqur o’zgarishlar, toksik nefrit, ingichka ichakda esa qon oquvchi yara borligi aniqlangan.
Yuqumli kasalliklar klinikasi (KIB) ga kam quvvatlik, qorinda og’riq, ko’ngil aynishi, ich ketish kabi shikoyati bor bo’lgan bemor yotqizilgan. Ko’rsatilgan kasallik belgilari ertalab paydo bo’lib, bir necha soatdan so’ng bemorning ahvoli og’irlashgan. Ko’z qovoqlari shishgan, nafas olishi og’irlashgan. Bemor ovqat iste’mol qila olmagan. Kechqurunga borib uning ahvoli yanada og’irlashgan, so’ng tez yordam chaqirilib, bemorni shifoxonaga olib kelingan. So’rash natijasida bemorning kasallanishidan oldingi kuni kechqurun «Gospital» bozori oldidagi pivo barida uy sharoitida dudlangan baliq iste’mol qilganligi aniqlangan. O’tkazilgan spetsifik va simptomatik davolash tadbirlari natijasida bemor qoniqarli ahvolda kasallikning 19 -kuni uyiga jo’natilgan.
Yuqumli kasalliklar klinikasiga ikki oiladan ko’ngil aynishi, tez-tez qusish, bo’shashish, qorin sohasida og’riq kabi shikoyatlar bilan 7 kishi yotqizilgan. Bemorlarning tana harorati me’yorida. Kasallik to’satdan 1 yanvar kuni erta bilan boshlangan. Ikkala oila yangi yilni birga kutib olishgan. Kasallanganlar 31 dekabrda «SUT» nomli firma do’konidan sotib olingan va hovlida saqlangan tort iste’mol qilganlar. 12 kishidan 7 kishi kasallangan.