65
Misol uchun, Lotin Amerikasida inflyatsion targetlashning qo‘llanilishi soliq-byudjet
siyosatining ham qayta ko‘rib chiqilishini taqozo qilgan. Shuningdek, inflyatsion
targetlash rejimini amaliyotga joriy qilgan mamlakatlarda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar
sifatining yaxshilanishi, markaziy bankning texnik hamda tahliliy-prognozlashtirish
imkoniyatlarining oshishi kuzatiladi. Inflyatsion targetlashning natijadorligi ko‘p
jihatdan pul-kredit siyosati foiz kanali samaradorligiga bog‘liqligini inobatga olib,
xorijiy mamlakatlarda asosiy e’tibor moliya tizimini rivojlantirish va barqarorligini
ta’minlashga qaratilmoqda.
O‘zbekistonda inflyatsion targetlash rejimini joriy etish istiqbollari
Barqaror iqtisodiy rivojlanish va makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish usullarining
bozor instrumentlaridan foydalanish asosida tubdan qayta ko‘rib chiqilishi munosabati
bilan ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash pul-kredit siyosatining bosh
maqsadi sifatida belgilandi. Bunda inflyatsiya sur’atini pasaytirish va uni past darajada
saqlab turish o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni
ta’minlashda asosiy shart sifatida qaraladi. Ichki valyuta bozorining liberallashtirilishi
pul-kredit siyosatining tamoyil va usullarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlashga
qaratish uchun zarur bo‘lgan asosni yaratadi. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda narxlar
barqarorligini ta’minlashda inflyatsion targetlash samarali usul hisoblanadi. O‘zbekiston
sharoitida inflyatsion targetlash rejimining tanlanishi qator sabablar bilan izohlanadi.
Birinchidan, bugungi kunda inflyatsion targetlash pul-kredit siyosatining ta’sirchan
rejimi sifatida o‘zini namoyon qilib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini
ta’minlash maqsadiga eng muvofiq keluvchi rejim hisoblanadi. Ikkinchidan, monetar
agregatlar yoki valyuta almashuv kursini targetlash kabi rejimlarning amaliyotga
qo‘llanilishi tajribasi ularning O‘zbekiston sharoiti va zamonaviy talablarga mos
kelmasligini ko‘rsatmoqda. Xususan, valyuta almashuv kursini targetlash rejimida
kursning doimiy tarzda maqsadli darajada saqlab turilishi xalqaro rezervlarni sezilarli
darajada kamaytirib, valyuta inqirozining kelib chiqish xatarini oshiradi. Valyuta
almashuv kursini targetlash rejimida valyuta kursini mos ravishda o‘zgartirish orqali
tashqi salbiy ta’sirlarni mo‘tadillashtirish imkoniyati cheklanadi. Bundan tashqari,
mazkur rejimda Markaziy bankning asosiy e’tibori faqatgina valyuta almashuv
kursining maqsadli darajasini ta’minlashga qaratilishi tufayli ichki maqsadlarga
qaratilgan mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirish imkoniyati cheklanadi. Boshqa
tomondan, iqtisodiyotni liberallashtirish va tarkibiy o‘zgartirish, shuningdek, xufyona
iqtisodiyotning sezilarli darajada mavjud bo‘lishi sharoitlarida pul agregatlarining
keskin o‘zgarishi kuzatilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, monetar targetlash rejimi
doirasida maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘rnatish va unga erishish vazifasini
murakkablashtiradi. Shu bilan birga, pul agregatlari va inflyatsiya orasidagi barqaror
bog‘liqlikning pasayishi monetar targetlash rejimi samaradorligini kamaytiradi.
Mamlakatimizda valyuta siyosatini liberallashtirish borasida amalga oshirilgan chora-
tadbirlar hamda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarning
belgilanishi inflyatsion targetlashga o‘tish uchun tayanch shart-sharoitlar yaratadi.
Dostları ilə paylaş: