Ixtiyorsiz xayol deb - odam o’zining oldiga hech qanday maqsad
qo’ymasdan, irodani ishga solmasdan, qandaydir o’z-o’ziga obraz va tasavvurlarni
yaratishiga aytiladi.
Ixtiyorsiz xayol shu topdagi kuchli ehtiyoj tufayli maydonga keladi.
Masalan: odam juda tashna yoki juda och bo’lgan paytida uning xayolida har turli
taomlar, daryo va buloq suvlari paydo bo’la boshlaydi. Odamning ayni shu
chog’dagi hissiy holati, ya'ni his-tuyg’ulari ham ixtiyorsiz xayolning maydonga
kelishiga sabab bo’ladi. Chunonchi, vahima yoki qo’rqinch hissi paytida odamning
xayoliga qo’rqinchli narsalarning obrazlari kela boshlaydi.
Odamning tush ko’rishi ham ixtiyorsiz xayol faoliyatlaridan hisoblanadi.
Yuqorida aytib o’tganimizdek, odam uxlay boshlagan paytda bosh miya po’stining
hamma joylari tormozlanmay, ayrim joylari ishlab turadi. Ana shu ishlab turgan
joylaridagi nerv hujayralarida ilgari hosil qilingan obraz va tasavvurlar qayta
tiklanib, odam tush ko’ra boshlaydi. Bunda miya po’stining eng asosiy markazlari
(ikkinchi signallar tizimi) tormozlangan bo’lgani tufayli hech qanday nazorat
bo’lmaydi. Natijada obraz va tasavvurlar bir-biri bilan allaqanday munosabatlarga
kirib, odam palapartish tush ko’ra boshlaydi.
Ixtiyoriy xayol jarayonlari betartib ravishda, emas balki muayyan bir
jarayonda o’tadi. Bu tartib odamning ehtiyojlari, maqsadlari, hissiyotlari fikr
hamda maslaklari bilan belgilanadi.
Ixtiyoriy xayol deb oldindan belgilangan maqsad asosida iroda kuchini ishga
solib muayyan obraz va tasavvurlarni yaratishga aytiladi. Demak, ixtiyoriy xayol
hamisha ma'lum maqsad va vazifalarni bajarish bilan bog’liq bo’ladi. Bunday
maqsad va vazifalar boshqalar tomonidan qo’yilishi mumkin. Masalan, rassom o’zi
ishlamoqchi bo’lgan suratning mavzusini o’zi belgilaydi. Yozuvchi yozmoqchi
bo’lgan asarning mavzusini o’zi tanlaydi va o’zi badiiy obrazlarni yaratadi.
Umuman san'at asarlarining hammasi ixtiyoriy xayol natijasida maydonga keladi.
Biroq shuni ham aytib o’tish kerakki, ixtiyoriy xayol ba'zan ixtiyorsiz
xayolga o’tib ketishi mumkin. Shuning uchun ixtiyoriy xayol ixtiyorsiz xayoldan
batamom ajralgan holda ro’y bermaydi. Ixtiyoriy xayol jarayoni hamisha beixtiyor
qilinadigan xayol daqiqalarini o’z ichiga oladi. Masalan, rassomlar yoki
kompozitorlar o’zlarining biror yangi asarlarini ixtiyoriy tarzda yaratayotganlarida
225
ba'zan ixtiyorsiz ravishda ayrim fikrlarga berilib ketishlari mumkin.