– 82 –
– 83 –
tarjima hikoyalarni, mumtoz adabiyot namunalaridan «folk-
lorlashtirilgan» variantlarni, turli jangnomalarni o‘ziga xos
ohangda o‘qiganlar, hikoya qilganlar. Qissaxonlar «Rustami
Doston», «Tohir va Zuhro», «Hikoyati Go‘ro‘g‘li Sulton»,
«Bahrom va Gulandom» kabi dunyoviy qissalarni ijro etish
bilan birga, ko‘proq diniy mazmundagi «Bobo Ravshan»,
«Ibrohim Adham», «Abo Muslim» kabi asarlarni o‘qishgan.
Ayrim hollarda eng qobiliyatli qissaxonlarning o‘zlari qissa
tuzishgan, ba’zan yangi asarlar yaratishgan, aytilayotgan
asarga ijodiy yondashishgan.
Doston kuylashning an’anaviy tartiblari, vaqti mavjud.
Odatda, dostonlar kech kuzdan erta bahorga qadar
kechqurunlari ijro etilgan yoki to‘y-tantanalar baxshilar
ishtirokisiz o‘tmagan. Baxshi taklif etilgan xonadonga
odamlar yig‘ilib, davra qurib o‘tirishgan. Doston kuylash
kichik ziyofatdan so‘ng boshlangan. Baxshi dastlab termalar
kuylagan. Do‘mbira ta’rifi va boshqa turli mavzudagi termalar
tinglovchi va baxshi o‘rtasida ruhiy yaqinlik, doston kuylash
uchun maxsus tayyorgarlik vazifasini ham bajargan. Baxshi
ma’lum muddat termalar aytib, tinglovchilar xohishini bilish
maqsadida «Nima aytay?» («Doston terish») termasini
kuylagan. Tinglovchilar ma’lum bir dostonni tanlashgan.
Baxshi ularning istagiga ko‘ra so‘ralgan dostonni ijro etgan.
O‘zbek xalq dostonlarining ko‘pchiligi bir kun kuylashga
mo‘ljallangan, ammo «Alpomish»ga o‘xshash asarlar bir
necha kunlab kuylangan. Doston voqealarining qancha
cho‘zilishi tinglovchilarning xohishi, dostonni tinglash
kayfiyatiga va baxshining badihago‘yligiga bog‘liq. Birgina
dostonning bir hafta yoki bir oy davomida uzluksiz ijro
etilganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Masalan: XVIII
asrning ikkinchi yarmida yashagan Amin baxshi «Alpomish»
dostonini tinglovchilarni zeriktirmay uch oy kuylagani
– 83 –
naql qilinadi. XIX asrda yashagan Jumanbulbul «Ravshan»
dostonini ikki hafta davomida kuylagani el orasida og‘izdan
og‘izga o‘tib kelgan. Baxshilar ijro davomida dostonning
har bir tasviriga mos so‘z va kuy topib avjga chiqa boradi,
ularning o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, «qaynaydi».
Baxshi kuylash davomida tinglovchi auditoriyasini ohangi,
kuyi, doston voqealari tasviri bilan butunlay sehrlab qo‘yish
holatlari ko‘p kuzatilgan. Bunday ajib xil alolo holatlarida
kuylovchi, tinglovchilar bir butun «vujud»ga aylanganlar.
Xorazm ekspeditsiyasida folklorshunoslar 300 kishidan ortiq
davrada doston kuylagan Ahmad baxshining ijro davomida
ilhomlanib, o‘rnidan turganligini, boshqa ijrochilar ham,
dostonni sel bo‘lib tinglab o‘tirgan tinglovchilarning ham
gur etib o‘rnidan turishganlarini kuzatishgan. Bu xil holatlar
baxshi ijrosida ko‘p bor kuzatilgan.
Doston kuylash eng avj nuqtaga yetganida, vaqt yarim
tundan oshgan paytda baxshi dam olish uchun tanaffus qilgan.
Bu choqda baxshi eshituvchilarga yoki o‘z do‘mbirasiga
murojaat qilib, bir nechta qistirma misralar to‘qib, ijroni
to‘xtatgan:
Seni uydan olib chiqdim bo‘ktarib.
Sen yuribsan ulfatingni axtarib,
Men qo‘yayin seni endi to‘nkarib.
Yarim kecha haddi bo‘ldi, jonivor.
Yig‘ib opsan ulfatingning jamini,
Egang olsin-da bir oz damini,
Damin olib aytib berar kamini,
Ro‘mol yozar vaqti bo‘ldi, jonivor...
Shundan keyin baxshi choponini, belbog‘ini va
do‘mbirani to‘nkarilgan holda qoldirib, dalaga (tashqariga)
|