Ilmiy doiralarda uni goh Kant, goh Spinoza, goh Hegel kabi faylasuflar bilan qiyoslaydilar. Ammo Mavlono Rumiy hech kimga oʻxshamaydi. U muazzam Sharq tafakkurining moʻjizali bir haykalidirkim, unda tasavvuf taraqqiyoti ham, ilmu hikmat va falsafa ham, sheʼriyat va maʼnaviyat ham birlashib, oliy koʻrinishda namoyon boʻladi. Jaloliddin Rumiy oʻzidan keyingi Sharq sheʼriyati, fikriy va maʼnaviy taraqqiyotiga ulkan taʼsir oʻtkazgan ijodkordir. Alisher Navoiy uni ilohiy ishq kuychisi, buyuklikning koʻz ilgʻamas choʻqqisi deb sharaflaydi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning ilmiy va adabiy merosi gʻoyat katta. Gʻazal, masnaviy va ruboiylarni oʻz ichiga oladigan „Devoni kabir“ („Ulugʻ devon“)da uch mingdan ortiq sheʼr bor. Falsafiy-soʻfiyona mushohadalar, ruhiyat dialektikasini kashf etib, inson aqlini lol qoldiradigan teranlik bilan yozilgan „Masnaviy-maʼnaviy“ ham bir necha ming baytdan iborat. Bundan tashqari, „Maktubot“, „Fihi mo fihiy“ („Ichindagi ichindadir“) nomli asarlari ham mavjud.[1] Rumiyning asarlari asosan fors tilida yozilgan, ammo baʼzida sheʼr yozishda u turk, arab va yunon tillaridan ham foydalangan. Uning Konyada yozilgan „Masnaviy maʼnaviy“ asari fors tilidagi eng buyuk asarlardan biri hisoblanadi. Mavlono Jaloliddin Rumiy — jumla bashariyat nomini hamisha iftixor ila tilga oladigan buyuk ijodkor, betimsol alloma, uning „Masnaviyi maʼnaviy“ asari esa teran hayotiy oʻgitlar, bebaho hikmatu haqiqatlar xazinasidir. Uning asarlari bugungi kunda buyuk Eronda va fors tilida soʻzlashadigan dunyoda asl tilda keng oʻqiladi. Uning asarlari tarjimalari, ayniqsa Turkiya, Ozarbayjon, AQSh va Janubiy Osiyoda juda mashhur. Uning sheʼriyati nafaqat fors adabiyotiga, balki Usmonli turk, Chagatay, urdu va pashtu adabiy anʼanalariga ham taʼsir koʻrsatdi.
Rumiy asarlari jahonning koʻp tillariga tarjima qilingan, „Masnaviy maʼnaviy“ va „Fihi mo fihiy“ning usmonli turkcha tarjimalari mavjud. „Fihi mo fihiy“ — „Ichindagi ichindadir“ nomi bilan, olim Ulugʻbek Hamdam (Abduvahob oʻgʻli) tomonidan turkchadan oʻzbekchaga tarjima qilgan. Jaloliddin Rumiy so‘fichilikning arkonlaridan biri hisoblanadi. Ko‘plab odamlar uning oldiga maslahat va dono so‘zlarini tinglagani kelishgan. Bir kuni uning oldiga qo‘shni ayol o‘g‘li bilan kelib, shunday deydi: - Men allaqachon barcha usullarni qo‘llab ko‘rdim, lekin o‘g‘lim menga quloq solmaydi. U juda ko‘p miqdorla shakar yeydi. Iltimos, bu yaxshi emasligini unga ayting. U sizning gapingizga quloq soladi, zero, sizni juda hurmat qiladi. Rumiy bolakayga qarab, uning ko‘zlaridagi ishonchni ko‘rib dedi: - Uch haftadan so‘ng keling. Ayol taajjubda edi. Axir, bu oddiy narsa-ku! Tushunmadim... Odamlar uzoq o‘lkalardan o‘z muammolarini hal qilish uchun kelishgan va Rumiy ularga shu zahotiyoq yordam bergan... Shunga qaramay, ayol uch haftadan so‘ng keladi. Rumiy bolakayga yana qarab, deydi: - Yana uch haftadan so‘ng keling. Shunda ayolning toqati toq bo‘lib, gap nimada ekanligini so‘rashga qaror qiladi. Ammo Rumiy oldinroq aytganini qaytaradi. Ular uchinchi hafta kelishganda, Rumiy bolakayga deydi: - O‘g‘lim, maslahatimga quloq tut, ko‘p shakar yema, bu sog‘liq uchun zararli. - Siz menga aytyapsizmi, boshqa yemaganim bo‘lsin, deya javob berdi bolakay. Shundan so‘ng ona o‘g‘lidan ko‘chada poylab turishini so‘raydi. Bola ko‘chaga chiqqach, ona Rumiydan nima uchun birinchi kuniyoq nasihat qilmagani haqida so‘raydi. Jaloliddin iqror bo‘lib, o‘zi ham shakar yeyishni yaxshi ko‘rganligini, boshqalarga maslahat berishdan oldin, avvaliga o‘zi bu odatdan voz kechishi lozim bo‘lganligini aytadi. Avvaliga, buning uchun uch hafta yetarli, deb hisoblaydi, ammo adashadi... Ustaning sifatlaridan biri shunday: u boshqalarni o‘zi bosib o‘tmagan yo‘ldan yurishga undamaydi. Usta avvalam bor, o‘ziga to‘g‘ri. Uning so‘zlari haqiqat bilan uyg‘un. Bu yerda chanlik hikmatni eslamay iloj yo‘q: “Qachonki, rahmdil inson yolg‘on ilmni targ‘ib etsa, u haqiqatga aylanadi. Qachonki, axmoq odam haqiqatni aytsa, u yolg‘onga aylanadi”.