Mavzuning o‘rganilish darajasi. Tilshunosligimizda kelishik kategoriyasini o‘rganish Mahmud Koshg‘ariy ijodidan boshlab to bugungi kunga qadar ko‘plab tilshunoslarimizning izlanishlari bilan tadrijiy davom etib kelmoqda. Keyinchalik o‘zbek tilshunosligida esa o‘z maqsad va yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda A.G‘ulomov, G‘.Abdurahmonov, Sh.Shukurov, H. Ne’matov, S.Ashirboyev, A.Hojiyev, Sh.Shoabdurahmonov, Sh.Rahmatullayev, R.Qo‘ng‘urov, E.Begmatov, R.Sayfullayeva, A.Shomaq-sudov, I.Rasulov, B.Mengliyev, D.G‘aniyeva kabi tilshunoslar keng o‘rganganlar. Ammo turkiyshunoslik doirasida qiyosiy aspektda deyarli o‘rganilmagan. Xorij tilshunoslaridan N.A.Baskakov, A.N.Kononov, S.N.Ivanov kabilarning turkiy tillar doirasida kelishik kategoriyasini o‘rganishdagi xizmatlari beqiyosdir. Ilmiy tadqiqot ishining maqsaditurkiytillarda kelishik kategoriyasining o‘zaro o‘xshash va farqli tomonlarini aniqlashdan iboratdir. Tadqiqotning vazifalari. Tadqiqot maqsadiga erishish uchun quyidagi vazifalar amalga oshiriladi: ̶ Kelishik kategoriyasining o‘rganilish tarixi haqida so‘z yuritish; ̶ Turkiy tillar doirasida kelishik kategoriyasini umumiy holda o‘rganish; ̶ O‘zbek va ozarbayjon tillarida kelishik kategoriyasining o‘ziga xos tomonlarini aniqlash; ̶ Turk tilidagi kelishiklar tizimini o‘rganish; ̶ Turkiy tillarning kelishik kategoriyasini o‘zaro qiyoslash va xulosalar chiqarish; ̶ Qoraqalpoq tilida kelishiklarning tarixiy variantlarini ko‘rib chiqish. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin milliy g‘oya shakllandi va rivojlandi. Bu borada mamlakatimizning Birinchi prezidenti Islom Karimov olib borgan ishlarning tarixiy ahamiyati beqiyosdir. Xususan, til va millat masalasining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etish zarur. Birinchi Prezidentimiz “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” kitobida shunday degan edi: “Nazarimda, o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi, o‘zligi, ma’naviyati haqida gapirilayotganda, bizda chuqur ilmiy asosga tayangan tahlil, muayyan masalalarda aniq yondashuv yetishmayapti. Ilmiy tilda aytganda, yaxlit konsepsiya yo‘q. O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Isbottalab bo‘lmagan ushbu haqiqat davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi zarur”. Bizga ma’lumki, xalqimiz o‘zining boy va ko‘hna tarixiga, madaniyati va ma’naviyatiga, san’ati va adabiyotiga ega bo‘lib, ming yillar davomida shakllanib, rivoj topib kelmoqda. Bunday tarix va merosga ega o‘zbek xalqining orzu-umidlari, urf-odat va an’analari, qadriyat va qarashlari, madaniyati va ma’naviyati betakror va jozibali tilida yashab, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Ulug‘ allomalarimiz ta’kidlaganidek tilda millat, uning orzu-umidlari yashaydi. Tilda til egalarining butun borlig‘i mujassam tarzda namoyon bo‘ladi. Ulug‘ va oqil-dono ajdodlarimizning buyuk kashfiyot, pand-nasihat va hikmatli so‘zlari, hayot haqidagi qarash va saboqlari, barkamollikka undovchi da’vatlari ana shu tilimiz orqali bizgacha yetib keladi.