II-BOB. SHAXS MA’NAVIY MADANIYATI SHAKLLANISHINING MILLIY, DINIY VA ZAMONOVIY OMILLARI
2.1. SHAXS MA’NAVIY MADANIYATINI SHAKLLANTIRISHDA MILLIY VA DINIY QADRIYATLARNING UYG‘UNLIGI
Mustaqillik tufayli yurtimizda insoniyatni bag‘rikenglik, poklik va mehr-oqibatga chorlovchi muqaddas dinimizni asrab-avaylashga, yosh avlodni xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotir. Diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, puxta bilimga ega, sog‘lom fikrli mutaxassislarni tayyorlash doimiy e’tiborda.
Darhaqiqat, Prezident I.A.Karimov “Olloh qalbimizda, yuragimizda” nomli asarida ta’kidlaganidek, “Biz o‘z millatimizni mana shu muqaddas dindan ayro holda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz”1.
Diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish ko‘p jihatdan diniy ta’lim tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti, 9 ta o‘rta maxsus islom bilim yurtida tahsil olayotgan yoshlar islomning naqadar insonparvar, tinchliksevar va bag‘rikeng din ekanini mustaqillik sharofati bilan anglab etayotganlari fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
YUrtimizda diniy ta’lim o‘zining ko‘p asrlik tarixiga ega. YUrtimizda ilk o‘rta asrlardayoq ham diniy, ham dunyoviy fanlar o‘qitiladigan ko‘p tarmoqli madrasalar tizimi mavjud bo‘lgan. Madrasalar mintaqada jadid maktablari paydo bo‘lgunga qadar o‘rta-maxsus va oliy ma’lumot beruvchi asosiy o‘quv yurti sanalgan.
Ushbu maskanlarda tahsil olgan va dunyoviy ilm-fan ravnaqiga benazir hissa qo‘shgan Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino va Ulug‘bek singari buyuk allomalarning nomini butun olam biladi. Islom olami Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy kabi ulamolarning asarlarini hanuz katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Ular islom e’tiqodini ta’limot, nazariya, ilm-fan darajasiga ko‘targanlar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustdagi “Din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim ishlarini va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko‘mak va imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi qarori bilan Toshkent islom instituti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida joriy etilgan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari hamda talabalarga qabul qilingan davlat me’yorlariga muvofiq diniy va dunyoviy ta’lim berilayotganini inobatga olib, mazkur bilim yurtining bitiruvchilariga beriladigan diplomlar davlat ta’lim hujjati sifatida e’tirof etildi.
SHaxs ma’naviy kamolotida islom diniga yot turli ekstremistik oqimlarning kirdikorlari va buzg‘unchi g‘oyalari haqida batafsil ma’lumotlar berib borish, ogoh bo‘lishga da’vat etish bugungi globallashuv jarayonlarida muhim omil hisoblanadi. Ayni paytda umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida dinlar tarixi va dinshunoslik fanlari o‘qitilishi bilan bir qatorda, “Muqaddas dinimizga yuksak e’tibor va ehtirom”, “Bag‘rikenglik — barqarorlik va taraqqiyot omili”, “Islom ma’rifati: asliyat va talqin”, “Ma’rifat — tinchlik asosi” kabi ko‘plab kitoblar va o‘quv uslubiy qo‘llanmalar nashr etilib, diniy ta’lim muassaslariga tarqatilgan. Maqsad yurtimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash va yosh avlodni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalashga qaratilgan.
O‘zbekiston davlat siyosatida diniy ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolar qayta ta’mirlanayotganini xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Toshkent shahri 2007 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingani bejiz emas. Bu bir tomondan, ona zaminimizda xoki poklari qo‘nim topgan ulug‘ ajdodlarimiz, qanchadan-qancha tafakkur sohiblarining tabarruk nomlari va qoldirgan merosiga, xalqimizning islom madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga bildirilgan ulkan ehtirom bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mustaqillik yillarida yurtimizda milliy va diniy qadriyatlarimizni o‘rganish, asrab-avaylash, yosh avlod ongiga ezgu g‘oyalarni singdirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning jahon jamoatchiligi tomonidan yuksak e’tirofidir.
Islom dini dunyodagi eng keng tarqalgan dinlardan biridir. O‘zbekistonda yashovchi mahalliy xalqlarning aksariyati azaldan ushbu dinga e’tiqod qilib kelgan. Tarixdan yaxshi ma’lumki, islomning hayotiy dinligi va sharoitga qarab ish ko‘ra olishi, sharq xalqlariga milliy o‘zligini saqlashlari uchun ko‘maklashdi.
So‘nggi vaqtlarda islom keng tarqalgan joylardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda va umuman jahon hamjamiyati hayotida islom omilining faollashuvi ko‘zga tashlanmoqda. Islom omilidan g‘arazli maqsalari sari foydalanishga, ushbu dinni dunyo xalqlari hayotidagi o‘rnini pasaytirishga va unga nisbatdan turli munosabatlarning shakllanishga turtki berayotgan holatlar yuz berayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda mustaqillik sharofati bilan islomiy qadriyatlar tiklanib uning jamiyat ma’naviy taraqqiyotidagi o‘rniga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz kabi islom diniga axloqiy, tarbiyaviy, ma’rifiy, ma’naviy ta’limot sifatida qaralmoqda. Unga hamohang ravishda mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish va milliy kadrlar tayyorlash ishlari ham davom ettirilmoqda. Globallashuv sharoitida mamlakatimiz yoshlarining ma’naviy tarbiyasida, ularning barkamollikka erishuvida milliy qadriyatlarning o‘rni muhimdir. Zero, yoshlar ongiga milliy qadriyatlarni singdirishda Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida olib borayotgan amaliy chora-tadbirlarimiz naqadar to‘g‘ri ekanligini davrning o‘zi isbotlab turibdi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq, yangicha ta’lim tizimining joriy etilgani va milliy kadrlarni tayyorlashda islom omilidan foydalanish yo‘llari va vositalari to‘g‘ri tashkil etildi. Ta’lim tizimi islohotida yoshlarga, avvalo, zamonaviy ilm, sharqona tarbiya va kasb-hunar o‘rgatish asos qilib olindi. Ayni vaqtda milliy va diniy qadriyatlarning yoshlar tarbiyasiga, ular dunyoqarashining shakllanishiga ta’siri ham hisobga olinishi tabiiy. CHunki, O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish vazifasida din ma’naviyatning tarkibiy qismi sifatida barcha milliy qadriyatlar qatorida teng huquqli qadriyat hisoblanadi. Tarixga nazar tashlasak, sobiq Ittifoq davrida har qanday dinga va diniy e’tiqodga qarshi kurashilgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida haqiqiy vijdon erkinligi o‘rnatilib, barcha diniy tashkilotlarga, dindorlar va ularning urf-odat, marosimlarni ado etishlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi. Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan hozirgi kunga qadar, yurtimizda bir qancha masjidu madrasalar qayta ta’mirlandi va yangilarini qurish ishlari davom ettirilmoqda. SHuningdek, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida ilmga chanqoq yoshlarimizga Islom instituti, Islom universiteti kabi oliy o‘quv yurtlarida diniy va dunyoviy bilimlarni egallashlari uchun keng shart-sharoitlar yaratildi.
Davlatimiz tomonidan diniy tashkilotlarga ko‘pgina shart-sharoitlar yaratilib, jamiyat taraqqiyotining turli jabhalarida ularning faol qatnashishlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu borada hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat bugungi kunda har tomonlama o‘zini oqlamoqda.
Respublikamizda Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini amalga oshirishda islom omilidan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan, avvalo, dinlar tarixi, xususan, islom tarixi, din va hurfikrlilik falsafasi muammolari bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlash ishlari jadallashtirilib, deyarli barcha o‘quv maskanlarida “dinshunoslik asoslari” o‘quv dasturidan yoshlarga saboq berish izchil yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, komillikka erishish uchun, avvalo, dunyoviy bilimlarni, qolaversa, diniy bilimlarni egallab borish maqsadga muvofiqdir.
Diniy ta’limotlar, diniy g‘oya, diniy qadriyatlar hayot tarzi sifatida jahon xalqlari hayotida muhim o‘rin tutadi. Din va diniy e’tiqod insonning ruhiy ehtiyojlarini qondirsa, ilm, fan, kashfiyotlar odamlarning ijtimoiy-axloqiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan. O‘zbekiston qadimdan ko‘p konfessiyali hududlardan hisoblansa-da aksariyat xalq islom diniga e’tiqod qilib kelgan.
Islom dini mintaqamiz xalqlari hayotiga kirib kelishi, uning qadriyatlari odamlar ongi va shuuri, turmush tarzidan o‘rin olishi bilan shaxs ma’naviyatining shakllanishi va yuksalishida yangi bosqichni boshlab berdi. CHunki “...din o‘z mazmun-mohiyati bilan azaldan jamiyat taraqqiyotiga, kishilarning tafakkuri va ma’naviyatiga, shu jamiyatga xolisona xizmat qiladigan ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashdek sharafli ishga xizmat qilib kelgan”1. Haqiqatdan ham, islom dinining xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotganligini ko‘pchilik tadqiqotchilar e’tirof etmoqdalar.
Qur’oni karim va hadisi sharifga suyangan holda mahalliy xalqlarning o‘z milliy madaniyati, urf-odatlari va marosimlarini bajarishi (ayniqsa, hanafiya mazhabida) taqiqlanmagan. Bunda islomiy qadriyatlar bilan milliy qadriyatlar yonma-yon yashagan, hattoki, ayrim hollarda uyg‘unlashib ham ketgan. Bizning hududimizda islomdan tashqari boshqa dinlar (zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik) ham mavjud bo‘lib, ularning din sifatida faoliyat ko‘rsatishi, qadriyatlariga amal qilish islom tarqalgandan keyingi asrlarda ham davom etgan.
Dostları ilə paylaş: |