6-bob. Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi 40. Davlat ekologik ekspertizasi eksperti tomonidan materiallarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining xulosasi tayyorlanadi va ushbu xulosa ekspertiza obyekti, texnologik jarayonlar, ishlarni tashkil etish va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha nazarda tutilgan chora-tadbirlar, obyektning faoliyati (realizatsiyasi) bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumot va ekspertiza obyekti loyihasini amalga oshirish mumkinligi (ijobiy xulosa) yoki mumkin emasligi (salbiy xulosa) to‘g‘risidagi xulosalarni o‘z ichiga oladi.
41. Davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilgan hujjatlar tarkibi yoki mazmunining mazkur Nizom talablariga yoki boshqa normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda, buyurtmachiga materiallar asoslangan sabablarga ko‘ra mos kelmasligi haqida xulosa beriladi.
42. Buyurtmachi tomonidan ushbu Nizomning 24 va 25-bandlarida belgilangan talablarga mos ravishda hujjatlar taqdim etilgan bo‘lsa-da, ularni o‘rganish davomida ekspert tomonidan hisob-kitoblar, shuningdek, foydalaniladigan texnika, texnologiya, tabiiy resurslar, materiallar, xomashyo, yonilg‘i mahsulotlari hamda ularning atrof muhitga ta’siri tahlili noto‘g‘ri amalga oshirilganligi aniqlangan taqdirda buyurtmachiga uning taqdim etgan materiallari va ekologik normativlar loyihalari asoslangan xulosa bilan qayta ishlashga qaytariladi.
Bu holatda buyurtmachi tomonidan davlat ekologik ekspertizasi uchun o‘tkazilgan mablag‘lar qaytarilmaydi.
43. Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosalari quyidagi talablarga rioya etilishiga asosan beriladi:
mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalda faoliyat ko‘rsatayotgan obyektning atrof muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga to‘g‘ri kelishi va aholi salomatligiga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, muhofaza etiladigan hududlar rejimi, chuchuk suv hosil bo‘lish hududlari, favqulodda ekologik vaziyat hamda ekologik ofat zonalari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi;
mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalda faoliyat ko‘rsatayotgan obyektlarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalar, ishlab chiqarish chiqindilari hamda hosil bo‘ladigan oqova suvlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va yo‘riqnomalar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talabalari asosida ishlab chiqilganligi;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub obyektlar bo‘yicha jamoatchilik tomonidan loyihani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi jamoatchilik eshituvi xulosasi hamda loyihani jamoatchilik eshituvidan o‘tkazishda tushgan taklif va e’tirozlar inobatga olinganligi;
atmosfera havosi, yer usti, yer osti va oqova suvlarning holati hamda ifloslanganligi darajasi, geologik, gidrologik, gidrogeologik ma’lumotlarni tasdiqlab beruvchi tegishli korxona va tashkilotlarning xulosalari bilan asoslangan atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan texnologik yechimlar va chora-tadbirlarning yetarliligi;
O‘zbekiston Respublikasi normativ hujjatlarida belgilangan tartibda faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli tashkilotlar bilan o‘z vakolatlari doirasida kelishish hujjatlarining mavjudligi hisobga olinadi.
44. Davlat ekologik ekspertizasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar mazkur Nizom bandlari yoki boshqa normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlanishi davlat ekologik ekspertizasining salbiy xulosasi berilishiga sabab bo‘ladi.
45. Agar buyurtmachi qaytarilgan materiallar va ekologik normativlar loyihalarini 60 kalendar kundan ortiq bo‘lmagan davr ichida qayta ishlab chiqib, davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishga taqdim etsa, ekspertizadan o‘tkazish uchun haq olinmaydi va tegishli xarajatlar buyurtmachi tomonidan dastlabki o‘tkazilgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
46. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun qaytarilgan materiallar va ekologik normativlar takroran faqat bir marta kiritiladi, ikkinchi marta kiritilgan hujjatlar mazkur Nizomning talablariga muvofiq umumiy asosda ko‘rib chiqiladi.
47. Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi atrof muhitga ta’sirni baholash uchun uch yil muddatga, ekologik normativlar loyihalari uchun besh yil muddatga beriladi.
48. Buyurtmachi tomonidan qayta ishlab chiqilgan atrof muhitga ta’sirni baholash materiallarini qayta qo‘rib chiqish muddatlari:
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub faoliyat turlari obyektlari uchun — 10 kalendar kundan;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning II toifasiga mansub faoliyat turlari obyektlari uchun — 7 kalendar kundan;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning III toifasiga mansub faoliyat turlari obyektlari uchun — 5 kalendar kundan;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub faoliyat turlari obyektlari uchun — 3 kalendar kundan oshmaslgi kerak.
Davlat ekologiya qo‘mitasi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan buyurtmachiga birinchi marta taqdim etilgan materiallar va ekologik normativlar loyihalari uchun berilgan mulohazalardan boshqa mulohazalar yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Buyurtmachi davlat ekologik ekspertizasiga materiallarni qayta taqdim etish uchun ekspertlarning barcha mulohazalarini hisobga olgan holda kamchiliklarni atrof muhitga ta’sirni baholash materiallarida boshqa ma’lumotlarni o‘zgartirmasdan bartaraf etishi lozim.
Agar buyurtmachi tomonidan atrof muhitga ta’sirni baholashning qayta ishlab chiqish uchun qaytarilgan materiallari qayta ishlab chiqilmagan holda taqdim etilsa, Davlat ekologiya qo‘mitasi ekologik ekspertiza organlari tomonidan unga salbiy xulosa berilishi mumkin.
Bu holatda buyurtmachi davlat ekologik ekspertizasining salbiy xulosasini olgandan keyin atrof muhitga ta’sirni baholashning qayta ishlab chiqilgan materiallari bo‘yicha umumiy asoslarda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun qayta murojaat qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang. 49. Davlat ekologik ekspertizasi markazining xulosasi buyurtmachi va obyekt joylashgan tegishli hudud bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga, shuningdek, Davlat ekologik ekspertizasi markazi hududiy filialining xulosasi buyurtmachi hamda tegishli tuman (shahar) ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limiga elektron shaklda Davlat ekologiya qo‘mitasining axborot tizimi orqali yuboriladi.
(49-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-apreldagi 230-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 09/22/230/0377-son) 50. Davlat ekologik ekspertizasining salbiy xulosasini olgan buyurtmachi loyihani xulosadagi mavjud taklifga muvofiq puxta ishlab chiqishi va materiallarni davlat ekologik ekspertizasiga takroran taqdim etishi yoxud mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa faoliyatdan voz kechishi mumkin.
51. Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi davlat ekologik ekspertizasi obyektini realizatsiya qilishda bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish boshlanishi uchun asos hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang. 52. Davlat ekologik ekspertizasi markazining xulosasi Davlat ekologiya qo‘mitasining, Davlat ekologik ekspertizasi markazi hududiy filialining xulosalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining rasmiy blankasida rasmiylashtiriladi.
(52-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-apreldagi 230-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 09/22/230/0377-son) Xulosa davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazgan ekspert va (yoki) ekspert komissiyasi rahbari tomonidan imzolanadi va tegishli ravishda Davlat ekologiya qo‘mitasining raisi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qiluvchi hududiy organlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.
53. Agar ekspertiza obyekti davlat ekologik ekspertizasining xulosasi berilgan kundan boshlab uch yil mobaynida realizatsiya qilinmasa, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Ushbu holatda davlat ekologik ekspertizasining xulosasi avval bunday xulosani bergan Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Ekspertiza obyektini realizatsiya qilish uchun uch yildan ortiq vaqt kerak bo‘lgan hollarda, obyektni realizatsiya qilish mumkinligi haqidagi xulosa ikki yilga uzaytiriladi.
54. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilgan materiallarning saqlanishini hamda davlat, harbiy, xizmat va tijorat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar oshkor etilmasligini ta’minlaydi.
Buyurmachi tomonidan davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim qilingan atrof muhit ta’sirni baholash materiallarining elektron nusxasi Davlat ekologiya qo‘mitasining davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazgan ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmasida saqlanadi.