Aqlning peshqadamligi – belgilangan muddatda koʻpchilik oʻylab koʻrishga ulgurmaydigan muammolar boʻyicha bir emas, balki bir necha yechimlarni koʻrsata olish hamda barchasining oʻziga xos salbiy va ijobiy tomonlarini asoslab bera olish qobiliyatidir. Tafakkurning egiluvchanligi – jamiyatda qabul qilingan, an’anaviy, aslida toʻg‘ri deb oʻylangan shablon yoʻnalishlar va tamoyillarning zamonaviy taraqqiyot uchun javob bera olmay qolganligini anglash, yangi yoʻnalishlarni sezish, tafakkur qila olish va shakllantira bilish, oʻz faoliyatini yangidan qura olish va masala yechimining yangi yoʻnalishlariga oʻzini safarbar eta olishdir.
Prognoz, bashorat qila olish esa oʻz sohasi rivojidagi istiqbol oʻzgarishlar mohiyati, kelib chiqish sabablari va yuzaga kelish muddatlarini tafakkur tahlili orqali oldindan anglash tafakkuri hisoblanadi. Masalan, mehnat unumdorligining koʻtarilishi va pasayishi, konyuktura yoki bozorning oʻzgarishi, bularning sohaga boʻlgan ta’siri, narxlarning koʻtarilishi va pasayishi kabilar.
Oʻqituvchining kreativ tafakkuridagi aqlning peshqadamligi va egiluvchanligini maxsus abstrakt mashqlar va bilimlar asosida tarbiyalash mumkin. Kreativ tafakkur maqsadga yoʻnaltirilgan, ammo shu vaqtgacha ma’lum boʻlmagan va an’anaviy tarzda tajribaga kiritilmagan batamom yangi usul, yoʻl, vositalarning tanlanishi va ishlab chiqilishini anglatadi. Zamonaviy menejmentda kreativ tafakkur amaliyotini bildiruvchi ma’lum tizim shakllantirilgan. Ularni quyidagicha belgilab koʻrsatish mumkin: Analitik tahlil jarayoni – tayyorgarlik, axborotlarni yig‘ish va tahlil qilish. Mavjud ahvol tahlili, axborotlarni umumlashtirish, koʻrsatkichlarni taqqoslash.
Konsentratsiya jarayoni – muammo atrofida aqliy salohiyatning mujassamlashuvi, ma’lum faktlar, ular sistemasi tahlili. Aqliy salohiyat yetishmovchilik jarayonidan oʻtish. Mazkur jarayonni bosib oʻtishga intilish. Ong faolligining dam badam koʻtarilishi yoki pasayishi. Insonning muammo tahliliga berilishi, natijada turli yangi nostandart g‘oyalarning tug‘ilishi va shakllanishi.