Muammoli ta’limning ilmiy -nazariy asoslari Axborot texnologiyalari yoki postindustrial deb atalayotgan bugungi jamiyat Shaxsdan faol harakat qilishni, mustaqil qaror qabul qilishni, hayotning oʻzgarayotgan sharoitlariga moslashishni talab qiladi. Buning uchun har bir Shaxs ma’lum sifatlarga ega boʻlishi talab etiladi. Xususan:
har bir oʻquvchi zarur bilimlarni mustaqil egallash, egallangan bilimlarini turli muammolarni yyechishda mahorat bilan qoʻllash;
axborotlar bilan savodli ishlash (ma’lum masalani tadqiq qilish uchun zarur faktlar yig‘ish, ularni tahlil qilish, muammolarni yechishga qaratilgan gipotezalarni taklif qilish, qonuniyatlarni, yangi muammolarni aniqlash va yechish);
olingan bilimlarning qaerda va qanday qoʻllanilishi mumkinligini aniq bilish va bu bilimlarni qoʻllash sohasini anglay olish;
mustaqil tanqidiy fikrlash, real dunyoda paydo boʻlayotgan qiyinchiliklarni koʻra bilish va ularni bartaraf etishning optimal yoʻllarini izlab topish;
ijodiy fikrlash, yangi g‘oyalar yaratish qobiliyatiga ega boʻlish, turli ijtimoiy guruhlarda kirishimli boʻlish, birgalikda ishlashni bilish yoki nostandart vaziyatlardan chiqishni bilish,
oʻzining ma’naviyati, intellekti va madaniy salohiyati ustida mustaqil ishlash kabi koʻnikma va malakalarga ega boʻlishi zarur.
Yuqorida aytilgan sifatlarga ega Shaxsni shakllantirishga nafaqat ta’lim mazmuni, balki qoʻllanilayotgan oʻqitish texnologiyalari ham muhim rol oʻynaydi. Oʻquv jarayonida bilish faoliyatini rivojlantirishimkoniyatlaridan biri muammoli oʻqitish texnologiyasini tatbiq etishdan iborat. Chunki muammoli oʻqitish jarayonida oʻqituvchilar ham, oʻquvchilar ham real vaziyatlarda muammodan chiqish uchun oʻzining intellektual, ma’naviy imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazadilar. Bu jarayonda hosil boʻlgan koʻnikma va malakalar tayyorlanayotgan mutaxassislarda axborot jamiyati sharoitlarida yashash uchun zarur sifatlarni shakllantirishga olib keladi.
Inson tafakkuri muammoli vaziyatlarni yaratish, muammoni qoʻyish va uni yechishdek noyob qobiliyatga ega boʻlganligi sababli insoniyat tomonidan ilmiy- texnikaviy kashfiyotlar amalga oshirilgan.
Pedagogik tafakkurni oʻquv jarayonida muammolarni yechishga yoʻnaltirish, ya’ni ta’lim jarayoniga muammoli oʻqitishni joriy etish oʻquvchilariga tayyor bilimlarni oʻzlashtirishdan asta-sekin mustaqil faoliyatga oʻtish imkoniyatini beradi.
Muammoli oʻqitishni chuqur oʻrganish XX asrning 60-yillarida boshlangan boʻlib, uning asosida “Tafakkur- muammoli vaziyatdan boshlanadi”-degan g‘oya yotadi. Muammoli vaziyatda bilish faoliyatining ketma-ketligi quyidagicha koʻrinishga ega boʻladi:
•muammoli vaziyat yaratish;
• muammoni qoʻyish;
•muammoni yechish yoʻllarini izlash;
•muammoning yechilmi.
An’anaviy ta’lim tizimida oʻqituvchi va darslik bilimning asosiy manbasi boʻlsa, muammoli oʻqitish falsafasi va metodologiyasida oʻqituvchi oʻquvchilarning izlanish-tadqiqotchilik faoliyatining tashkilotchisi, mutasaddi maslahatchisi va yordamchisi sifatida faoliyat olib boradi. Bu oʻqituvchining an’anaviy oʻqitish jarayonidagi faoliyatidan ancha murakkab boʻlib, u yuqoriroq mahorat va mehnat talab qiladi.
Muammoli oʻqitish konsepsiyasida muammoli vaziyatning birinchi sharti oʻquvchi oʻzi yechishi lozim boʻlgan zidlik (muammo)nikoʻrishidan iborat ekanligi ta’kidlanadi.
Muammoli oʻqitish nazariyasining asosida amerikalik psixolog, faylasuf va pedagog J. Dyui g‘oyalari yotadi. U 1894 yilda Chikago shahrida oʻqitish asosini oʻquv rejasi emas, balki oʻyinlar va mehnat faoliyati tashkil etgan tajriba maktabini tashkil qilgan. Oʻqish, hisoblash, yozish boʻyicha mashg‘ulotlar bolalarning fiziologik balog‘atiga qarab, oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan ehtiyojlariga muvofiq oʻtkazilgan.
J. Dyui oʻqish uchun toʻrt ehtiyojni ajratgan: ijtimoiy, konstruksiyalash, badiiy ifoda, tadqiqiy. Bilish manbalari sifatida bolalarga quyidagilar taqdim etilgan: soʻz, san’at asarlari, texnik qurilmalar.
J. Dyui g‘oyalari boʻyicha bola bilishda insoniyat yoʻlini qaytaradi, bilimlarni oʻzlashtirish boshqarilmaydigan jarayon boʻlib, bola oʻzida hosil boʻlgan ehtiyojni qondirishi natijasi sifatida oʻquv materialini oʻzlashtiradi. YA’ni, oʻqitish samaradorligi shartlari, oʻquv materialini muammolashtirish bola faolligi bilan bog‘liq boʻlishi kerak.