Sharq va g‘arb mutafakkirlarining didaktik g‘oyalari IX – XII asrlar davomida Oʻrta Osiyo jahonga Xorazmiy, Farg‘oniy, Ismoil Buxoriy, Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy kabi ulkan olimlarni taqdim etdi. Bu allomalar oʻz ijodlari, asarlari bilan oʻz xalqlarining, umuman, Oʻrta Osiyoning shuhratini olamga yoydilar.
Oʻrta asr Sharqining mashhur mutafakkiri, qadimgi yunon falsafasining Sharqdagi eng yirik davomchisi va targ‘ibotchisi Abu Nasr Forobiy(873 – 910) “Ideal jamoa haqida”, “Baxt – saodatga erishuv toʻg‘risida” asarlarida inson ongi, aqli, sezish a’zolari tufayli olamni har tomonlama oʻrganish, aqli yordamida oʻzini oʻrab olgan mavjudotning mohiyatini tushunish qobiliyatiga egaligini aytadi. U “Baxt – saodatga erishuv toʻg‘risida” asarida ta’lim-tarbiya, inson shaxsini kamol toptirish yoʻl – yoʻriqlari, ilm-ma’rifatga erishuv usullari, ijtimoiy muammolarni yechish masalalari xususida fikr bildiradi.
Forobiy, Oʻrta asr Yaqin va Oʻrta Sharqda ilg‘or pedagogik ta’limotning asoschilaridan biri sifatida, oʻz asarlarida didaktika, ta’lim-tarbiyaning psixologik asoslarini, axloq, estetikaning muhim nazariy masalalarini oʻz falsafasining ajralmas qismi tarzida tahlil etadi. U ta’lim-tarbiya berishning metodlariga ham e’tibor qaratgan holda bilimdon, ma’rifatli, yetuk odamning obrazini tasvirlar ekan, bunday deydi: “Har kimki ilm – hikmatini oʻrganaman desa, uni yoshligidan boshlasin, sog‘ – salomatligi yaxshi boʻlsin, yaxshi axloq va odobli boʻlsin, barcha qonun-qoidalarni bilsin, bilimdon va notiq boʻlsin, ilmli va dono kishilarni hurmat qilsin, ilm va ahli ilmdan mol-dunyosini ayamasin, barcha real, moddiy narsalar toʻg‘risida bilimga ega boʻlsin”37. Bu fikrlardan Forobiyning ta’lim-tarbiyada, yoshlarni mukammal inson qilib tarbiyalashda, aqliy tarbiyalashda bilim va ma’rifatga qanchalik e’tibor berganligi koʻrinib turibdi.
Abu Ali ibn Sino (910 – 1037) ta’lim-tarbiya, mantiq, aql – tafakkur, aniq fanlarning bola tarbiyasida tutgan oʻrni, oʻqitish usullari haqidagi ta’limotlarini “Tib ilmlari qonuni”, “Najot kitobi”, “Insof kitobi”, “Donishmand” asarlarida ham bayon etgan.
Ibn Sino “Tib qonunlari” asarida yosh bolalarni tug‘ilganidan boshlab oyoqqa turguncha ma’lum tartibda tarbiyalab borish lozimligini aytadi. Maktabda bolalarni qanday oʻqitish va nimalarga oʻqitish haqida, uning usullari ustida ham muhim fikrlarni olg‘a suradi. Alloma bolalarni bitta – bitta, alohida oʻqitishdan koʻra jamoa tartibida oʻqitishni afzal deb biladi va uning ustunligi haqida yozadi: “Oʻquvchilar oʻqish va tarbiya davomida ilmga chanqoqlik sezadilar. Oʻz bilimlari bilan g‘ururlanadilar, bir-birlarining bilimlariga havas qiladilar. G‘urur va oʻziga e’tibor tarbiyalanuvchilarni bir-birlaridan orqada qolmaslikka undaydi.
Oʻquvchilar birga boʻlganda, doim bir-birlari bilan gaplashadilar va bu bilan oʻz xotiralari va nutqlarini rivojlantiradilar”38..
Ibn Sinoning uqtirishicha, jamoa tartibida oʻqitishning yana bir ijtimoiy foydasi shundaki: oʻquvchilar bir-birlari bilan doʻst boʻladilar, bir-birlarini hurmat qila boshlaydilar, oʻzaro fikr almashadilar, musobaqalashadilar, vazifa va huquqlari haqida mulohaza yuritadilar. Bular hammasi namunali xulq va axloq qoidalarini shakllantirishga yordam beradi.