Iogann Genrix Pestalotsi (1746–1827) tarbiyaning maqsadi bolalarda “haqiqiy insoniylikni” namoyon ettirishdan iboratligini aytadi. Pestalotsining ta’kidlashicha, tarbiya uyg‘un tarzda, ya’ni bolaning tabiati, ruhiyatiga muvofiq holda amalga oshirilishi kerak. Koʻz, – deydi Pestalotssi, – koʻrishni, quloq eshitishni, oyoq yurishni, qoʻl ushlashni istaydi. Shuningdek, qalb ham ishonishni va sevishni istaydi. Aql fikrlashni istaydi. Olim ta’lim aniq hayotiy kuzatishlarga asoslanishini tavsiya qiladi, koʻrgazmalilikni ta’limning oliy sharti hisoblaydi. U “Lingard va Gertruda” (1781 – 1787) nomli ijtimoiy – pedagogik roman yozib, bu romanda xoʻjalikni oqilona usulda olib borish va bolalarni toʻg‘ri tarbiyalash vositasi bilan dehqonlarning turmushini yaxshilash toʻg‘risidagi oʻz g‘oyalarini olg‘a suradi.
Adolf Disterverg (1790–1866) pedagoglik sohasida samarali ish olib borish bilan bir vaqtda matematika, nemis tili, geografiya, matematik geografiya, astronomiyaga doir yigirmadan ortiq darslik va oʻquv qoʻllanmalar nashr qilingan. Bu darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari Germaniyada va boshqa koʻpgina mamlakatlarda katta shuhrat qozondi. U “Nemis muallimlarining muallimi”degan faxrli unvonga sazovor boʻldi. Disterverg takomillashib boruvchi ta’lim didaktikasini yaratdi. Didaktikaning asosiy talablarini ta’limning 33 qonun va qoidasi tariqasida bayon qilib berdi. U taklif qilgan koʻrsatmali ta’lim “yaqindan uzoqqa”, “oddiydan murakkablikka”, “ma’lumdan noma’lumga” oʻtish kerak, degan qoidalar bilan bog‘liq ta’limdir.
G‘arbiy Yevropada Yan Amos Komenskiy, Iogann Genrix Pestalotssi, Robert Ouen, Iogann Gerbart, Adolf Distverg, Konstantin Dmitriyevich Ushinskiy, Lev Nikolayevich Tolstoy, Anton Semyonovich Makarenko, Vasiliy Aleksandrovich Suxomlinskiylarning ta’lim-tarbiyaning roliga bergan baholari katta ahamiyatga egadir. Rossiyaga ham XIX asr boshlarida “Uyg‘onish” davri yetib kelib, bir necha koʻzga koʻringan pedagog olimlar yetishib chiqqan.
“Takrorlash – odatlarni mustahkamlash uchun, har bir narsaning xotirada mustahkam saqlanib qolishi uchun ham umumiy qonundir”.
K. D. Ushinskiy
Shulardan biri mashhur rus pedagog olimi Konstantin Dmitriyevich Ushinskiy (1824 – 1870) “Inson tarbiya predmeti sifatida” nomli asarida ifodalangan didaktik qarashlarida u oʻz vataniga va xalqiga xizmat qilishni pedagogik faoliyatning asosiy burchi deb hisobladi.
U rus pedagogikasining oʻziga xosligini, milliy xususiyatlarini himoya qildi, shuningdek, tarbiya xalqchil boʻlishi lozim, deb hisobladi. Ushinskiy “Kameral fanlarni oʻqitish haqida” asarida oliy oʻquv yurtlaridagi mavjud oʻqitish tizimiga nisbatan tanqidiy koʻz bilan qaradi. Hukumat tomonidan erkinlik berilishini talab etdi. Oʻqitish tizimini yaxshilashga oid yirik uslubiy muammolarni oʻrtaga qoʻyib, ularni qanday hal etish yoʻllarini koʻrsatib berdi.
Abdulla Avloniy (1879 – 1934) oʻzining “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida aql, ilm, fikr, dars, axloq haqidagi didaktik qarashlarini ham bayon etdi.
Avloniyning ta’kidlashicha, “Insonni” kamolga yetkazishda bosh omil boʻlgan aql ilm va tajriba tufayli rivojlanadi. Ilm olish riyozat chekishni, sa’y – harakatni talab etadi. Har bir kishi biror ilm, hunarni egallar ekan, uni hayotda qoʻllay bilishi darkor. Shundagina ilm, hunarning jamiyatga foydasi tegadi. Fikr tarbiyasi eng zarur, koʻp zamonlardan beri taqdirlab kelingan muallimlarning diqqatlariga suyangan muqaddas bir vazifadir.
Dostları ilə paylaş: |