Bokschining shaxsiy gigiyenasi. Bokschining shaxsiy gigiyenasi sportchiga xos bo‘lgan umumiy gigiyenik qoidalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, tanani, og‘iz bo‘shlig‘ini parvarish qilish. Ayniqsa, qo‘llar parvarishiga alohida e’tibor beriladi. Bokschi snaryadlarda mashg‘ulot bajarganida qo‘l barmoqlari va kaftini bint bilan bog‘lashi, qo‘lqop kiyishi kerak.
Qo‘lning maydagina jarohatlanishi, lat yeyishi, shikastlanishi o‘z vaqtida mutaxassis travmatolog - shifokor maslahati bilan davolanishi zarur.
Bokschini chiniqtirish. Bokschini gigiyenik tayyorlashda chiniqtirish muhim ahamiyatga ega. Chiniqtirishda suv muolajalari, quyosh nurlari, sun’iy ultrabinafsha lampalari keng qo‘llanadi.
Sovuq ob-havo sharoitida ochiq havoda mashg‘ulot o‘tkazish, ochiq va yopiq suv havzalarida cho‘milish kabilar yaxshi chiniqishni ta’minlaydi.
Bokschining kiyimi. 1. Mayka.
2. Trusi – sonning kamida uchdan bir qismini yopishi kerak.
Bokschi kiyimining hech qanday qismi metalldan bo‘lmasligi kerak.
Bokschi jinsiy a’zosini himoyalovchi moslama (rakovina), elastik bint (eni 5 sm gacha, uzunligi 2,5 metrgacha) qo‘llaydi.
Bokschining poyabzali. 1. Boksning maxsus botinkasi – yumshoq charmdan, tagcharmi elastik materialdan tayyorlanadi.
Botinka qo‘nji boldir – tovon bo‘g‘imini o‘rashi kerak. U shnur bilan bo‘glanadi. Musobaqa paytida botinkaning tagcharmiga konifol surtiladi.
Bokschining sog‘lig‘ini mustahkamlash va o‘zini – o‘zi himoyalashini gigiyenik ta’minlash. Bokschini tayyorlashda asosiy gigiyenik tadbir uning sog‘lig‘ini mustahkamlash va o‘zini–o‘zi himoyalash usullarini o‘rgatish orqali shikastlanishining oldini olishdan iborat.
Shuning uchun trenirovka mashqlarida bokschiga o‘zini – o‘zi himoyalash usullarini o‘rgatishga asosiy e’tibor qaritilishi kerak. Trenirovka mashqi va musobqada xavfli vaziyat vujudga kelganida bokschi barcha imkoniyatlarini o‘zini himoyalashga safarbar qilishga doim tayyor bo‘lishi lozim.
Musobaqa vaqtida ringdagi hakamning eng asosiy vazifalaridan biri bokschi sog‘lig‘ini himoyalashdir. Agar musobaqada raqiblardan birining ustunligi aniq bo‘lsa, mag‘lubiyatga uchrayotgan bokschi, xatarli zarbani olib yiqilishini kutmasdan, hakam tezlik bilan jangni to‘xtatishi shart.