1 Мавзу: «Бозор инфратузилмаси иктисодиёти» фанининг предмети ва вазифалари



Yüklə 1,44 Mb.
səhifə11/20
tarix23.10.2017
ölçüsü1,44 Mb.
#11693
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   20

Foydalanilgan adabiyotlar:


1. Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari. -T: «O‘zbekiston», 2009

2. Karimov I.A. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. -T. «O‘zbekiston», 1995

3. Хodiyev B.Yu., Bekmurodov A.Sh., G‘ofurov U.V., To‘хliyev B.K. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari» nomli asarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma. -T.: Iqtisodiyot, 2009

4. Nurmatov N.J. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mamlakatimiz qishloq infratuzilmasining rivojlantirilishi. Toshkent, «Meriyus», 2010

5. Salimov B.T., O‘raqov N.I. Qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi iqtisodiyoti. -T. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2004

8-Mavzu: Bozor infratuzilmasida sug‘urta tizimi.

Reja:


1. Sug‘urtaning mohiyati va ahamiyati.

2. Sug‘urtaning turlari va funksiyalari.

3. Mamlakatimizning sug‘urta faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
1. Sug‘urtaning mohiyati va ahamiyati.
Tadbirkorlik faoliyati uning ishtirokchilari mulkiga xavf soluvchi xatarlar, qaltisliklar, tavakkalchilik bilan bog‘liqdir. Tavakkalchilik deganda yuz berishi mumkin bo‘lgan va buning natijasida moddiy zarar yetkazuvchi noxush holatlar nazarda tutiladi. Tavakkalchilikni pasaytirish, ya’ni yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarning oldini olish, ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirish maqsadida yirik kompaniyalar o‘zida maxsus bo‘limlar tashkil etadi. Ushbu bo‘limlarda ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirishga qaratilgan kompleks dasturlar ishlab chiqiladi.

Korxonalar faoliyatida yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar quyidagi ikki turga bo‘linadi:

a) korxona faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan, ya’ni ichki xavf-xatarlar;

b) korxona faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni tashqi xavf-xatarlar.

Korxona faoliyatiga bog‘liq xavf-xatarlar o‘z navbatida quyidagilarga bo‘linadi:

- avariyalar, yong‘inlar;

- tashkiliy-texnologik (rejalarning belgilangan vaqtda bajarilmasligi, sifat bo‘yicha talablarning bajarilmasligi);

- ish tashlashlar, g‘alayonlar;

- korxonadagi talon-tarojlik va o‘g‘irliklar.

Korxona faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan xavf-xatarlar esa o‘z navbatida quyidagilarga bo‘linadi:

- bozor konyunkturasi bilan bog‘liq xavf-xatarlar (valyuta tavakkalchiligi, baho o‘zgarishi tavakkalchiligi, talab pasayishi tavakkalchiligi, raqobat kuchayishi tavakkalchiligi);

- xorijiy hamkor faoliyati bilan bog‘liq xavf-xatarlar (to‘lovning vaqtida bajarilmasligi, hamkorning bankrotlik holatiga tushishi, tovarning vaqtida yetkazib berilmasligi va boshqa majburiyatlarning bajarilmasligi);

- siyosiy xavf-xatarlar;

- harbiy xavf-xatarlar;

- davlat hokimiyati organlariga bog‘liq bo‘lgan xavf-xatarlar;

- uchinchi tomon bilan bog‘liq xavf-xatarlar;

- tabiiy ofatlar xavf-xatari.

Yuqoridagi xavf-xatarlar natijasida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni kamaytirishda quyidagi usullardan foydalaniladi:

a) sug‘urtalash;

b) xedjirlash, ya’ni birjalardagi fyuchers shartnomalaridan va opsionlardan foydalanish;

d) hisob-kitoblarning xavf-xatarni kamaytiruvchi eng ma’qul usulini qo‘llash;

e) bozor konyunkturasini chuqur tahlil qilish va shu asosda harakat dasturini belgilash.

Ushbu usullar ichida sug‘urtalash muhim ahamiyatga ega.

Sugurtalash – jismoniy va huquqiy shaxslarning muayyan hodisalar (sug‘urta holatlari) yuz bergan paytdagi mulkiy manfaatlarini ular to‘lagan sug‘urta badallari (sug‘urta mukofotlari)dan shakllantirilgan pul jamg‘armalari hisobidan muhofazalash borasidagi munosabatlarni anglatadi. Sug‘urta qiluvchi va sug‘urta qilinuvchi o‘rtasidagi munosabatlar maxsus shartnoma bilan tartibga solinadi. Jahon tajribasida u polis degan nom olgan. Polis – sug‘urta shartnomasining tuzilishini tasdiqlab, sug‘urta qiluvchining sug‘urta qilinuvchiga sug‘urta holati yuz bergan taqdirda shartnoma sharti bilan belgilangan pul qiymatini (sug‘urta tovoni) to‘lash majburiyatini ifodalagan hujjatdir.

Adabiyotlarda ta’kidlanishicha, sug‘urta faoliyatining ilk ko‘rinishlari Rim imperiyasi davrida paydo bo‘lgan. Harbiy xizmatdan bo‘shatilganlar o‘z hayotlarida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarni bartaraf etish maqsadida turli jamiyatlar tashkil etishib, unga a’zo bo‘lib kirganlarning badallari evaziga fond tashkil etilgan. Jamiyat a’zosining boshiga og‘ir kun tushganda jamiyat tomonidan moliyaviy ko‘mak berilgan. Sug‘urta Yevropada «savdogarlar gildiyasi» ko‘rinishida paydo bo‘lgan. Savdo asosan dengiz orqali olib borilgan bo‘lib, savdogarlar dengizda to‘fonlarga uchrashi, qaroqchilar hujumiga uchrashi mumkin. Ushbu xavf-xatarni kamaytirish uchun savdogarlar fond tashkil etishgan. 1648-yilda Yevropada (London, Parij) birinchi sug‘urta kompaniyalari tashkil etildi va sug‘urta to‘g‘risida qonun qabul qilindi.

AQShda sug‘urtaning rivojlanishiga mulkdorlikning rivojlanishi turtki berdi. Hozirgi vaqtda AQShda 8000 dan ortiq xususiy sug‘urta kompaniyalari bo‘lib, ularda hayot sug‘urtasiga katta e’tibor qaratiladi. AQShda hozirgi vaqtga kelib 1 trln. dollar sug‘urta badallari yig‘ib olinmoqda va YaIMning 19 foizini (1991-yilda 14 foiz edi) tashkil etmoqda. Angliyada esa bir yilda 55 mlrd. dollar sug‘urta badallari yo‘naltirilgan. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda sug‘urta ijtimoiy himoyaning asosiy vositalaridan biriga aylangan.



2. Sug‘urtaning turlari va funksiyalari.
Sug‘urtalashning uch turi mavjud: mol-mulk, shaxsiy va javobgarlik sug‘urtalari.

Moliya fondlarining umumiy xususiyatlari bozor va nobozor munosabatlari mavjudligidadir. Chunki, bunday moliya fondlari harakati, ya’ni ularning shakllanishi, ishlatilishi uchun tijoriy asosda yoki tekin xarajatni qoplash shartsiz amalga oshuvi xususiyatlidir. Aralash iqtisodiyotga xoslik bu fondlarda juda ochiq ifodalanadi.

Bular ichida sug‘urta fondlari katta o‘rin egallaydi. Ma’lumki, sug‘urta moliya munosabatlarining bir turidir. Buning daromad manbai sug‘urtalangan aholi va xo‘jaliklarning pul manbaidan iborat bo‘lib, mahsulot qiymati taqsimotida bir qismini sug‘urtaga ajratish tufayli pul fondi, sug‘urta fondi paydo bo‘ladi. Sug‘urtalash shu fondni tashkil etish, taqsimlash va ishlatish kabi jarayonlarni o‘z ichiga oladi.

Sug‘urtalash tub mazmuni bilan zararni qoplash maqsadida zarar ehtimoli asosida yuzaga keladi. Sug‘urta obyekti xilma-xildir. Shunga ko‘ra u ikkiga bo‘linishi mumkin: mol-mulk sug‘urtasi va ijtimoiy sug‘urta. Mol-mulkka boylik turlarini sug‘urtalash kirsa, ijtimoiy sug‘urtaga hayotiy, turmush xotirjamligi kiradi. Tadbirkorlik xavf-xatarini sug‘urtalash ham paydo bo‘lib, kengaymoqda.

Ijtimoiy sug‘urtaning ahamiyati ortib bormoqda, bunga ajratiladigan pul resurslari ko‘paymoqda. Buning uch manbai mavjud: davlat, korxona va tashkilot hamda shaxsiy mablag‘lar. Bular jamiyat a’zolarining mehnatga yaroqsiz, o‘zini ta’minlay olmaydigan qismlari uchun ishlatiladi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida tibbiy sug‘urta ham kengaymoqda. Bundan maqsad insonlar sog‘lig‘ini saqlash bo‘lib, pirovardida barchaga minimal tibbiy yordam berishni tashkil etish, sug‘urtalanganlarning salomatligini ta’minlash bilan bog‘iq xarajatlarni qoplashdan iboratdir. Bu sug‘urta fondi ham davlat, korxona, firmalarning majburan ajratadigan va fuqarolarning o‘z xohishlari bilan ajratadigan pul mablag‘laridan tarkib topadi.

Tadbirkorlik sug‘urtasi tadbirkorning faoliyatini kafolatlashda ahamiyatlidir. Bunda foydani kam olish yoki olmaslik xavfi, pul tushumining o‘z vaqtida bo‘lmasligi, savdo-sotiqdagi noxush hodisalar kabilar sug‘urtalanadi. Bu sug‘urta tadbirkorning ishonch bilan ish boshlashiga yordam qiladi, uni sinish holatidan asraydi, faoliyatiga dalda bo‘ladi.

Sug‘urtalar ham oldi-sotdi obyekti bo‘lib, o‘z bozorlarini tashkil etadi. Sug‘urta resurslaridan kapital sifatida keng foydalaniladi, ayniqsa, ishlab chiqarishga keng jalb etishda qo‘l keladi.

Sug‘urta - inson faoliyatining turli sohalarida sodir bo‘ladigan tabiiy ofatlar, favqulodda hodisa va boshqa voqealar natijasida yetkazilgan zarar va talafotlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish uchun yuridik va jismoniy shaxslar mablag‘lari hisobidan pul resurslari fondini tashkil qilish va ulardan foydalanishda vujudga keladigan moliyaviy munosabatlardan iborat.

Umumiy tarzda berilgan bu ta’rif uning mohiyatini to‘la ochib berolmaydi, buning uchun sug‘urta tushunchasiga iqtisodiy jihatdan yondashish talab qilinadi.

Ma’lumki, sug‘urta kategoriyasining iqtisodiy mazmuni uning funksiyalarida ifodalanadi. Funksiya haqida gap borganda ko‘pchilik uni vazifa deb tushuntiradi. Vazifani bajarish vaqtinchalik xarakterga ega, u bajarilgandan keyin boshqasini bajarishga o‘tiladi. Funksiya deganda esa doimiy takrorlanib turadigan vazifalar tushuniladi. Bu vazifalar bajarilgandan keyin kelgusi yili yana takrorlanadi. Sug‘urta tushunchasi moliya va kredit tushunchalari bilan bog‘langanligi sababli ularning taqsimlash va nazorat funksiyalarini amalga oshirishda Sug‘urta ishtirok etadi, ya’ni bu funksiyalar sug‘urtaning ham funksiyalari qatoriga kiradi. Shu bilan birga, sug‘urtaning o‘ziga xos quyidagi funksiyalari bor:


  • ogohlantirish;

  • investitsiya;

  • omonat;

  • axborot;

Sug‘urtaning ogohlantirish funksiyasining mazmuni nimadan iborat? Qadim zamonlardan buyon insoniyat tabiiy ofatlarning favqulodda vayronagarchilik, ulkan zarar keltirish qirralarini, buning ishlab chiqarishga ko‘rsatgan ta’sirini boshidan kechirgan. Mahsulot, mablag‘, urug‘lik, yoqilg‘i va moddiy ne’matlardan zahira hosil qilgan, bu fond hisobidan ofat oqibatlarini tugatish uchun muhtojlarga yordam bergan. Zilzila, toshqin, yong‘in oqibatlari sug‘urtaning ana shu funksiyasi amal qilishi natijasida hosil qilingan fondlar asosida tugatilgan.

Mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan ogohlantirish xavfini oldini olish tadbirlari sug‘urta to‘lovlarining umumiy tushumidan ajratma sifatida beriladigan mablag‘lar hisobiga qoplanadi. Bu mablag‘lardan asosan uch yo‘nalishda foydalaniladi.

a) yong‘indan ogohlantirish va yong‘inga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirishga;

b) qishloq xo‘jaligi ekinlarining turli tabiiy ofatlar natijasida hosildorlik darajasi kamayishiga qarshi tadbirlarga;

d) chorva mollarida uchraydigan kasalliklarning oldini olish va ularni qirilib ketmaslik tadbirlarini bajarishga.

Sug‘urtaning ogohlantirish tadbirlariga sarflash uchun ajratiladigan mablag‘lar favqulodda zararlarning va uning oqibatlarini kamaytirishda katta ahamiyat kasb etadi. Ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish muhim axamiyatga egadir.

Sug‘urtaning investitsiya funksiyasi nima va u qanday amalga oshirilishi mumkin?

Sug‘urta badallarining yig‘ilishi va ular hisobidan zararning qoplanishi bir vaqtda emas, balki turli muddatlarda sodir bo‘ladi. Ishlatilmay bo‘sh turgan mablag‘lar hisobidan zaxira fondlari tashkil qilinadi va ularning bo‘sh turgan qismidan tijorat maqsadlari uchun foydalaniladi. Masalan, «Intertrans» sug‘urta tashkiloti bo‘sh turgan mablag‘larni aksiya, obligatsiya va boshqa qimmatli qog‘ozlar sotib olib shular hisobidan qo‘shimcha daromad oladi, undan foydalanish uchun sanoat chakana savdo sohalari bilan hamkorlik qiladi.

Sug‘urtaning investitsiya funksiyasi bo‘sh turgan mablag‘lardan samarali foydalanib, sug‘urta tashkilotining moliyaviy ahvolini yaxshilashga yordam beradi.

Sug‘urtaning omonat funksiyasi nima va u omonat kassalarining funksiyalaridan qanday farq qiladi? Omonat kassalarida omonatlarga ma’lum muddatlarda saqlangan davrga nisbatan foiz olish huquqi beriladi. Shaxsiy sug‘urta va uning boshqa xillarida, mulk sug‘urtasida Sug‘urtalangan ma’lum muddatda badallarni to‘laydi, bu badallar Sug‘urta tashkiloti ixtiyorida bo‘ladi. Agar sug‘urta davrida biror sug‘urta xodisasi ro‘y bersa sug‘urta tashkiloti yetkazilgan zararni o‘z hisobidan qoplaydi, omonat kassalarida esa bunday xususiyatlar mavjud emas.

Sug‘urtaning axborot funksiyasi nimalardan iborat? Bu - sug‘urtaning yangi funksiyasidir. Ilgari, sug‘urta monopoliyasi borligida bunday funksiya mavjud bo‘lmagan, chunki faqat davlat sug‘urta tashkiloti hukmronlik qilgan. Bu funksiyaning vujudga kelishiga sabab shundan iboratki, O‘zbekiston sug‘urta hududida o‘nlab yangi sug‘urta kompaniyalari, agentliklari, firmalari vujudga keldi, ularning har biri o‘ziga xos sug‘urta obyektlari va shartlariga ega bo‘ldi. Ko‘pchiligi mol-mulkni sug‘urta qilish bilan shug‘ullanadi, mavjud tibbiyot, transport va boshqa sug‘urta kompaniyalari xorijiy mamlakatlar bilan xamkorlikda ish olib bormoqda. Sug‘urta faoliyatini rivojlantirish sug‘urtalanuvchilarga har bir tashkilot haqida axborot berishni talab qiladi. Buning uchun ma’lumotnomalarni shakllantirishi, o‘zlariga ajratilgan xonalarda sug‘urta tashkilotlari birgalikda sug‘urta bozorini tashkil qilishi lozim.

Sug‘urta kompaniyalari quyidagi vazifalarni bajaradi:

a) sug‘urtaning majburiy va ixtiyoriy turlarini amalga oshiradi, sug‘urtalanuvchilarning manfaatlarini to‘laroq qondira oladigan, sug‘urtaning yangi xillarini ishlab chiqadi va hayotga tatbiq qiladi;

b) ogohlantirish vazifasini bajarib, sug‘urta obyektlarni zararlanish va nobud bo‘lishdan asrash tadbirlarini amalga oshiradi;

d) o‘z mablag‘larini investitsiya va tijorat faoliyatining muhim tarmoqlariga joylashtirishga harakat qilib, shu bilan birga, kredit berish asosida o‘ziga tegishli fondlarni to‘ldirib boradi;

e) o‘z faoliyatini amalga oshirishda Respublika vazirliklari, idoralari va boshqa sug‘urta tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boradi;

f) sug‘urtaning axborot funksiyasi asosida reklama va maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.

3. Mamlakatimizning sug‘urta faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
Sug‘urta huquqi sug‘urta haqidagi barcha qonunlar, huquqiy va me’yoriy hujjatlarni o‘zida mujassamlashtirgan. Fuqarolik kodeksining 52-bobi sug‘urta masalalariga bag‘ishlangan. Bunda sug‘urtaning eng muhim huquqiy masalalari, sug‘urta shartnomalarini tuzish, ikki tomonlama sug‘urtalash, hamkorlik sug‘urtasi, qayta sug‘urtalash, bu sug‘urtalashni amalga oshirishda tomonlarning javobgarligi va boshqalar fuqarolik kodeksi doirasida tushintirib berilgan.

Mamlakatimizda sug‘urta to‘g‘risidagi qonun 1993-yil 6-mayda qabul qilindi. Ushbu qonun 5 bob 33 moddadan iborat bo‘lib, bu qonunda respublika iqtisodiyotida sug‘urtaning tutgan o‘rni, sug‘urta bozorini shakllantirish masalalari, sug‘urtani tashkil etish va huquqiy asoslari bayon qilingan. Shu hisobda fuqaro va yuridik shaxslarning sug‘urta tashkilotlari bilan munosabatlari, sug‘urta tashkilotlarining moliyaviy masalasi, sug‘urta bo‘yicha davlat nazorati va boshqalar bayon qilinadi.

Qonunning 1-bobida sug‘urta ta’rifi beriladi, sug‘urta obyektlari, shakllari, tariflari, to‘lovlari, qayta sug‘urta lash va birgalikda sug‘urta lash masalalari bayon kilinadi. 2-bob asosan sug‘urta shartnomalarini tuzish, shartnomada tomonlarning huquqlqri va uni rasmiylashtirish xamda to‘xtatish masalalariga bag‘ishlangan. 3-bobda sug‘urta lanuvchilarning moliyaviy barkarorligini ta’minlash masalalari yoritilgan. 4-bob sug‘urta faoliyati ustidan davlat nazorati o‘rnatishga, 5-bob esa yakunlovchi masalalarga bag‘ishlangan.

Sug‘urta haqidagi qonunda qator yangi tushunchalar, masala, qayta va birgalikda sug‘urtalash, sug‘urta brokeri, sug‘urta ruxsatnomalarini olish va boshqa masalalar yoritilgan.

2002-yilda yangi tahrirdagi «Sug‘urta to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi, sug‘urta kompaniyalarining mustaqil faoliyat yuritishiga keng sharoitlar yaratib berildi. 2002-yilgacha 30 ta sug‘urta kompaniyalari tashkil etilib, sug‘urta bozori shakllandi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan eng yirik sug‘urta kompaniyalari quyidagilar:

1. «O‘zagrosug‘urta» davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi;

2. «Kafolat» davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi;

3. «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi. O‘zagrosug‘urta davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklida, yuridik shaxs sifatida tashkil qilinib, o‘zining mustaqil balansi, hisob va valyuta hisobraqamlariga ega. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qishloq xo‘jaligi sohasida tovar ishlab chiqaruvchilarning mulk va mahsulotlarini sug‘urta yo‘li bilan himoya etish, banklardan olingan kreditlarni qaytarishga sug‘urta kafolatlarini taqdim etish, yuridik va jismoniy shaxslarga har tomonlama sug‘urta xizmatini ko‘rsatishdan iboratdir.

«O‘zagrosug‘urta» tomonidan amalga oshiriladigan sug‘urtaning asosiy turlari quyidagilardan iborat:

1. Qishloq xo‘jalik korxonalari va qishloq aholisini majburiy sug‘urta qilish; ya’ni:

a) tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar qaytarilishi uchun qishloq xo‘jaligi korxonalarining javobgarligini sug‘urta qilish;

b) fyuchers shartnomalari bo‘yicha mablag‘larni qaytarilishini sug‘urta qilish;

d) qishloq fuqarosiga tegishli mol-mulkni sug‘urta qilish;

e) garovga qo‘yilgan mol-mulkni sug‘urta qilish;

f) transport egalarining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish.

2. Qishloq xo‘jalik korxonalarini ixtiyoriy sug‘urta qilishi ya’ni:

a) ekinlar hosilini sug‘urta qilish;

b) ekinlarni qayta ekishni va oldin chiqqan ekinlarni butlashni sug‘urta qilish;

d) chorva mollarini sug‘urta qilish;

e) asosiy vositalarni sug‘urta qilish;

f) tabiiy pichanzorlarni, yaylovzorlarni va tut bargini sug‘urta qilish;

g) pillani sug‘urta qilish;

h) bog‘lar va uzumzorlar hosilini do‘l urishdan sug‘urta qilish;

i) korxonalar, dehqon, fermer va ijara xo‘jaliklarning mol-mulkini sug‘urta qilish;

j) qishloq xo‘jalik tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan jo‘natiladigan yuklarni sug‘urta qilish.

Kompaniyaning nizom fondi ta’sislik badallari hisobidan tashkil topadi. Naqd pulsiz shakllardagi oddiy va egasi yozilmagan aksiyalar chiqaradigan bu kompaniya cheklanmagan miqdorlarda sug‘urta fondlari tashkil qilish huquqiga ega. Nizom fondining 25 % ni zahira fondlari daromad hisobidan tashkil qilinadi. Kompaniya o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa fondlar ham tashkil qiladi.

Shahar korxonalari va qishloq korxonalari aholisining iqtisodiyoti hamda turmush sharoiti bir xil bo‘lmaganidek, ulardagi sug‘urta obyektlari, hatto sug‘urta hodisalari ham bir-biridan farq qiladi. Shu boisdan sug‘urta ishlarini tashkil qilishda ularning xususiyatlarini e’tiborga olish talab qilinadi, chunki sanoat va qishloq xo‘jalik korxonalarining mol-mulki, mehnat sharoiti bir xil emas. Ana shularni nazarda tutib Respublika Vazirlar Mahkamasi shahar hududida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urta xizmatini ko‘rsatish maqsadida «Kafolat» davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasini tashkil qilindi. Uning asosiy vazifalari:

a) shaharlarda aholi hayotini, salomatligini va mol-mulkini sug‘urta qilish;

b) korxonalar, tashkilotlar va muassasalar mol-mulkini sug‘urta qilish;

d) yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy va tadbirkorlik tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishni amalga oshirish;

e) qonunda ko‘zda tutilgan sug‘urtaning majburiy turlarini amalga oshirish;

f) qo‘shimcha sug‘urtalash va qayta sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirish, sug‘urtaviy maslahat xizmatlarini ko‘rsatish;

g) mahalliy sharoitlarni hisobga olib, sug‘urtaning yangi turlarini joriy etish;

h) korxonalar javobgarligini va mol-mulkini ixtiyoriy sug‘urta qilish. Shaharlarda joylashgan davlat, xususiylashtirilgan, qo‘shma, kichik va xususiy korxonalar va tashkilotlarni javobgarligi va mol-mulkini sug‘urta qilish.

i) sug‘urtaning qonunchilik hujjatlarida va hukumat qarorlarida nazarda tutilgan majburiy turlarini sug‘urta qilish. Bu fuqaro mol-mulki, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi, yo‘lovchilar sug‘urtasi, temir yo‘l transporti, parvozlarda ishtirok etuvchi xodimlar, oddiy askarlar va boshqalar tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilarni va harbiy xizmatni o‘tashga majbur shaxslarni sug‘urta qilish demakdir.

Mamlakatimizda O‘zbekinvest milliy sug‘urta kompaniyasi 1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat qarorlari bilan tashkil etilgan bo‘lib, 1997-yilda esa O‘zbekinvest eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasiga aylantirildi. Unga eksport sug‘urtasi bo‘yicha hukumatning rasmiy sug‘urta agentligi maqomi berildi. Ushbu kompaniyaning Ustav sarmoyasi 60 mln. AQSh dollari miqdorida shakllantirilgan bo‘lib, shundan 50 mln. AQSh dollari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, 10 mln. AQSh dollari Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankiga tegishlidir. Kompaniyaning asosiy vazifasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalar jalb qilinishini va eksport imkonoyatlari o‘sishini sug‘urta obyektlariga siyosiy va tijorat xavf-xatarlaridan ishonchli sug‘urta himoyasini taqdim etish yo‘li bilan rag‘batlantirishdan iborat.

Har bir sug‘urta xilining xususiyatini ko‘zda tutib, sug‘urta faoliyati quyidagi yo‘nalishlarda guruhlashtiriladi:



  • hududlar bo‘yicha (mamlakatning ichki doirasi va tashqi sug‘urta munosabatlari e’tiborga olinadi);

  • davlat va xususiy sug‘urta tashkilotlari bo‘yicha;

- tarmoqlar bo‘yicha;

  • xavf-xatar xillari bo‘yicha;

  • majburiy va ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha.

Hududlar buyicha sug‘urta lashda mamlakatning ichki doirasida va tashki iqtisodiy munosabatlarida olib boriladigan ishlar, shu jumladan xorijiy mamlakatlar bilan sug‘urta sohasida xamkorlik kilishibunda fakat eksport-import muammolarigina emas, balki investitsiyalar, diplomatiya xodimlarini xam sug‘urta lash ko‘zda tutiladi, bunday sug‘urta lash davlat va xususiy tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Shu munosabat bilan dastlab sug‘urta tashkilotlarini quyidagicha guruhlash mumkin:

- faqat xorijiy mamlakatlar investorlari (O‘zbekinvest) va tashqi iqtisodiy munosabatlarga xizmat qiluvchi sug‘urta tashkilotlari;

- faqat mamlakat doirasida huquqiy va jismoniy shaxslarga xizmat qiluvchi xususiy sug‘urta tashkilotlari;

- davlat hissadorlik sug‘urta tashkilotlari.



Tayanch iboralar:


Sug‘urta xizmati, kafolat, sug‘urta polisi, sug‘urta holati, sug‘urta mukofoti, sug‘urta qoplamasi, tarif, mol-mulk sug‘urtasi, shaxsiy sug‘urta, majburiyat sug‘urtasi, tadbirkorlik, tavakkalchilik, xatar.

Nazorat savollari:


1. Sug‘urtaning iqtisodiy ahamiyati.

2. Sug‘urtanigng shakllari.

3. Qanday sug‘urta toshkilotlarini bilasiz.

4. Sug‘urta shartnomasi qanday tuziladi.




Yüklə 1,44 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin