Tayanch iboralar:
Davlat, davlat boshqaruvi, qonun, me’yoriy hujjatlar, davlat ro‘yxati, soliq, soliq tizimi, subsidiya, imtiyoz, kafolat, ishlab chiqarish, iste’mol.
Nazorat savollari:
1. Bozor iqtisodiyotining qnday kamchiliklari mavjud?
2. Davlatning iqtisodiy funksiyalarini ayting.
3. Infratuzilma faoliyat qilishining me’yoriy-huquqiy asoslariga nimalar kiradi?
4. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qanday tartibda amalga oshadi?
5. Infratuzilmani davlat tamonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi nimadan iborat?
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari. -T: «O‘zbekiston», 2009
2. Karimov I.A. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. -T. «O‘zbekiston», 1995
3. Хodiyev B.Yu., Bekmurodov A.Sh., G‘ofurov U.V., To‘хliyev B.K. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari» nomli asarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma. -T.: Iqtisodiyot, 2009
4. Nurmatov N.J. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mamlakatimiz qishloq infratuzilmasining rivojlantirilishi. Toshkent, «Meriyus», 2010
5. Salimov B.T., O‘raqov N.I. Qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi iqtisodiyoti. -T. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2004
3-Mavzu: Ishlab chiqarish infratuzilmasi va uning ahamiyati
Reja:
1. Ishlab chiqarish infratuzilmasining ahamiyati.
2. Ishlab chiqarish infratuzilmasi tarkibiga kiruvchi tarmoqlar va ularning tashkil etilishi.
3. Mamlakatimizda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
-
Ishlab chiqarish infratuzilmasining ahamiyati.
Iqtisodiy faoliyat deganda inson ehtiyojlarini qondirish usullari va vositalari majmui tushuniladi.
Iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarishdan boshlanadi, yaratilgan mahsulotlarni ayirboshlash orqali iste’mol etish bilan tugallanadi. Uning asosiy bo‘g‘ini ishlab chiqarish, ya’ni har xil mahsulot va xizmatlarni yaratishdir. Mehnat yaratgan ne’matlar iqtisodiy ne’matlar deyiladi. Ular tabiatdagi tekin ne’matlar (havo, quyosh nuri, suv) dan farq qiladi. Mahsulotlarni ayirboshlash va ularning iste’moli (ishlatilishi) ham iqtisodiy faoliyat tarkibiga kiradi. Ishlab chiqarish tijorat (savdo-sotiq) orqali iste’mol bilan bog‘lanadi. Iqtisodiy faoliyat turlari xilma-xil, lekin ular bir-birini albatta taqozo etadi.
Ishlab chiqarish bo‘lmasa kishilar yashay olmaydi, bu turgan gap. Ammo kishilar yaratgan mahsulotlarini o‘zaro ayirboshlash orqali iste’molni qondiradilar, bir-birlariga kerakli mahsulotlarni yetkazib beradilar.
Kishilar o‘z ehtiyojini qondirmasa, ish qobiliyatini tiklay olmaydilar. Binobarin, iste’molsiz ishlab chiqarish ham bo‘lmaydi. Ishlab chiqarish turlari g‘oyat ko‘p. Hozir dunyoda millionlab xil mahsulot va ularning butlovchi qismlari va detallari yaratiladi. Aholiga minglab xil xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ishlab chiqarish birlamchi faoliyat sifatida ikki turga bo‘linadi:
a) moddiy ishlab chiqarish - aniq moddiy shaklga ega mahsulotlarni (masalan, iste’mol buyumlari, yonilg‘i, xomashyo, material, mashina va uskunalarni) yaratish, shuningdek, moddiy sohaga xizmatlar ko‘rsatish. Bunga sanoat, qishloq xo‘jaligi, yuk transporti, qurilish, ombor xo‘jaligi va boshqalar kiradi.
b) nomoddiy ishlab chiqarish - moddiy shaklga ega bo‘lmagan, qo‘l bilan ushlab his etilmaydigan, ammo foydali xizmatlar ko‘rsatish. Masalan, shifokor yoki o‘qituvchi xizmati moddiy ko‘rinishda emas, lekin u hammaga zarur. Nomoddiy ishlab chiqarishga madaniyat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport kabi sohalar kiradi.
Ayirboshlash faoliyatida mahsulotlar va xizmatlar yaratilmaydi, balki ular ma’lum miqdoriy nisbatda bir-biriga almashtiriladi. Bu jarayon ikki xil kechadi: biri mahsulot ayirboshlash, ikkinchisi tovar ayirboshlash.
Bir mahsulotning bevosita boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, lekin ma’lum miqdoriy nisbatda ayirboshlanishi barter deb yuritiladi.
Barter ayirboshlashning qulay bo‘lmagan xolis usuli. Bu usul oldi-berdi aloqalari izdan chiqqanda, pul shiddatli qadrsizlanganda qo‘llaniladi. Me’yordagi iqtisodiyot sharoitida tovar ayirboshlashga amal qilinadi.
Bir mahsulotning boshqasiga pul vositasida va ma’lum narx asosida, ya’ni oldi-sotdi yo‘li bilan ayirboshlanishi tovar ayirboshlash deyiladi.
Tovar ayirboshlash barterdan farqliroq, tovarni oldin pulga, so‘ngra pulni kerakli boshqa tovarga ayirboshlashni bildiradi. U hammabop, ya’ni universal ayirboshlashdir. Bu jarayonda pul ishtirok etadi, pulga hohlagan tovarni hohlagan joydan sotib olish mumkin bo‘ladi.
Tovar ayirboshlash, oldi-sotdi ayirboshlashning eng yuksak va qulay shaklidir.
Iste’mol degan narsa mahsulotni amalda, ya’ni ehtiyojni qondirish uchun ishlatish demakdir. Mahsulotlar, birinchidan, tirikchilik uchun kishilarning o‘zlari tomonidan iste’mol etiladi, ikkinchidan, ishlab chiqarishni davom ettirish uchun uning o‘zida ishlatiladi.
Iste’mol faoliyat sifatida yakka, oilaviy, guruhiy yoki umummilliy iste’mol tarzida yuz beradi. Masalan, ko‘ylakni har bir kishi yakka tartibda kiyadi, televizor, gilam yoki mebel oilaning birgalikdagi iste’molida bo‘ladi. Maktab, kasalxona yoki bolalar bog‘chasidagi asbob-anjom va jihozlar ham birgalikda ishlatiladi. Armiya, xavfsizlik xizmati yoki boshqa ma’muriy tashkilotlar xizmatidan ayrim kishilar yoki guruhlar emas balki butun xalq bahramand bo‘ladi. Xullas, mahsulotlar va xizmatlar har xil bo‘lsada iste’mol etiladi. Ammo bundan qat’i nazar ular iste’mol etilgach, yana qayta yaratilishi lozim. Demak shunday qoida bor: cheksiz ehtiyojni qondirish uzluksiz iqtisodiy faoliyatni talab qiladi.
Iqtisodiy faoliyat yoki iqtisodiyot kishilarning ma’lum maqsad yo‘lidagi hatti-harakatini bildiradi. Uning ishtirokchilari ayrim kishilar, oila, korxona, xo‘jaliklar va davlatdir.
Iqtisodiyot ishtirokchilari iqtisodiy subyektlar deb ataladi, ular o‘zaro muntazam iqtisodiy aloqada bo‘ladilar. Bu esa ularning iqtisodiy munosabatlaridir. O‘zaro aloqasiz na ishlab chiqarish, na ayirboshlash, na iste’mol yuz beradi.
Iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarishdan boshlanadi. Har qanday ishlab chiqarishda ikki omil, ya’ni shaxsiy-insoniy va moddiy-ashyoviy omillar ishtirok etadi.
Shaxsiy-insoniy omil - bu mehnat qilish qobiliyatidan iborat bo‘lgan ish kuchi va uning faoliyatdir.
Shaxsiy-insoniy omil mehnatga layohatli aholi, uning jismoniy va aqliy qobiliyati, bilim va saviyasi, malaka va mahoratidir. Bu omil insoniy qobiliyat bo‘lgani sababli inson shaxsi bilan birgalikda, undan ajramagan holda namoyon bo‘ladi va inson shaxsida gavdalanadi.
Moddiy-ashyoviy omil - bu ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha moddiy shakldagi vositalardir.
Tadbirkorlik qobiliyati oddiy ish kuchidan farq qilib, ishlab chiqarishda boshqarishdan iborat bo‘lgan alohida vazifani bajaradi. U tabiatan ishbilarmonlik bo‘lib, alohida bir iste’dod, yuksak bilim, maxsus tayyorgarik va mas’uliyat mujassami demakdir.
Tadbirkorlik qobiliyati moddiy omillar bilan birikmaydi, balki shu omillar bilan ish kuchining samarali birikishi, iqtisodiy faoliyatdan yaxshi natija olinishini ta’minlaydi.
Omillarning birikishi tufayli olingan mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishning natijasi hisoblanadi. Ishlab chiqarishda yaratilgan mahsulot ikki xil bo‘ladi: birinchisi - natural mahsulot bo‘lib, uni ishlab chiqaruvchining o‘zi iste’mol etadi. Bu mahsulot ayirboshlash uchun bozorga chiqarilmaydi. Masalan, fermer xo‘jaligida yetishtirilgan donning bir qismi natural mahsulot bo‘lib, xo‘jalikning o‘zida urug‘lik, molga yem yoki fermer oilasiga oziq-ovqat uchun ishlatiladi; ikkkinchisi - tovar shaklidagi mahsulot bo‘lib, ishlab chiqaruvchining o‘z iste’moli uchun emas, balki bozorda sotish uchun yaratiladi. Mahsulotni bozorda oldi-sotdi qilish uchun ishlab chiqarish tovar ishlab chiqarish deb yuritiladi. Mana shu tovar ishlab chiqarish bozor iqtisodiyotining asosidir.
Bozorda sotish uchun chiqarilgan mahsulot va xizmatlar tovar deyiladn.
Tovarning ikki xil xususiyati bor. Birinchidan, u kishilarning hayotiy ehtiyojini qondirib, ularga foyda keltiradi. Ikkinchidan, u boshqa tovarlarga almasha olish xususiyatiga egaki, bu uning almashuv qiymati deyiladi. Tovarning yaratilishidan tortib, to u iste’mol etilguncha bo‘lgan jamiki mehnat sarfi tovarning qiymatini tashkil etadi. Ammo qiymatni aslo befoyda mehnat yaratmaydi. Agar mehnat kishilarga kerak bo‘lgan mahsulotni yaratsa va me’yorida sarf etilgan bo‘lsa, mana shunday mehnatni kishilar ma’qul topib tan oladilar, ya’ni mahsulotni sotib oladilar.
Ishlab chiqarish infratuzilmasi ishlab chiqarish mablag‘lari hamda ularning uzoq muddat ishlashini ta’minlaydigan tarmoqlarni o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish infratuzilmasi tarkibiga bevosita ishlab chiqarishga xizmat qiluvchi tarmoqlar kiradi: ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan transport, ta’mirlash ustaxonalari, ombor xo‘jaliklari, kommunikatsiya tizimi va telegraf, aloqa, elektroenergiya uzatish liniyalari, texnik xizmat stansiyalari, ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyalari, hisob markazlari. Bunday xizmatlarga o‘simlik muhofazasi, agrotexnika, veterinariya, texnik ta’mir, yuridik va boshqa xizmatlar kiradi.
Ishlab chiqarish infratuzilmasining shakllanishiga ko‘pgina omillar ta’sir etadi. Ularning ichida tuproq-iqlim sharoiti, hudud relyefi, suv bilan ta’minlanishi, yer hududi konfiguratsiyasi, yo‘l holati, korxonaning joylashishi, ishlab chiqarish obyektlarining joylashishi, qo‘llanilayotgan texnologiyalar, ishlab chiqarish ixtisoslashishi va konsentratsiyalashish darajasiga alohida e’tibor beriladi.
Korxonalar faoliyatida aloqaning o‘rni va ahamiyati juda muhimdir. Chunki, ular o‘zi yetishtirgan mahsulotlarni hohlagan bozorda sotishi mumkin. Shu bois ularning bozor kon’yunkturasini o‘rganishi yoki baho tizimi o‘zgarib turishidan xabardor bo‘lishida, aloqa tizimining eng zamonaviy uskunalaridan foydalanishda xo‘jaliklar yetishtirgan mahsulotlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarni imkon darajasida hal qilishga ko‘maklashadi.
Aloqa tizimining yana bir muhim xususiyati shundaki, bunda xo‘jalikning ichki tizimida bo‘layotgan barcha jarayonlardan xabardorlik hamda ularning muammolarini hal etish imkoni yaratiladi. Xo‘jalik ichida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha uskunalar va mexanizmlarga zarur holatda texnik yoki boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda, aloqa tizimining o‘rni va vazifasi qanchalik darajada ahamiyatli ekanligini ko‘rish mumkin.
Xo‘jaliklarning sifatli mahsulot yetishtirishi va nasldor chorva mollari bilan ta’minlanishida bozordagi holatni o‘rganish va boshqa jarayonlarda ilmiy va axborot ta’minoti o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu ta’minot orqali yangiliklar qancha tez tarqatilsa, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bu yangiliklarni shuncha tez o‘zlashtirishi va joriy etishlari, ikkinchidan, ulardan foydalanib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishlari mumkin. Asosiy yirik xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlardan biri yo‘l xo‘jaligidir. Qishloq xo‘jaligida eng ko‘p tarqalgan va asosiy tarmoq avtomobil yo‘llari hisoblanadi. Tarmoqlararo xarakterga ega bo‘lgan yo‘llar qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni iste’molchilargacha yetkazish kabi keng ko‘lamli va salmoqli vazifalarni bajarishadi, ichki tarmoq xarakteridagi yo‘llar esa xo‘jalik ichidagi barcha ichki muammolarni hal etishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Xo‘jalik ichidagi yo‘llar mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha faoliyatlarga xizmat qiladi. Qishloq xo‘jaligida yo‘llarning joylashishi, asosiy obyektlarga qulay turishi, asfaltlanganlik darajasi va tekisliligi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, infratuzilmaning eng yirik tarmoqlaridan biri transport xo‘jaligi hisoblanadi. Ishlab chiqarish harakati jarayonini transportsiz tasavvur qilish qiyin. Bu borada qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatayotgan transportlar faoliyati uzoq davrni o‘z ichiga oladi. Dastavval qishloq xo‘jaligida transport vazifasini o‘tab kelgan ish hayvonlaridan foydalanilgan.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarida xizmat ko‘rsatuvchi texnikalarning holati ishlab chiqarish samaradorligini ko‘p jihatdan belgilab beradi.
2. Ishlab chiqarish infratuzilmasi tarkibiga kiruvchi tarmoqlar va ularning tashkil etilishi.
Ma’lumki, moddiy ishlab chiqarish jarayoni faqat ishlab chiqaruvchi mehnatning amal qilishi emas. Mahsulotni sotish bo‘yicha qilingan mehnat kabi noishlab chiqaruvchi mehnat ham uning tarkibiy qismi hisoblanadi. Mehnatning bu ikki ko‘rinishi o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud. Ishlab chiqaruvchi mehnat bilan band bo‘lgan shaxslarning noishlab chiqaruvchi vazifalari qancha kam bo‘lsa, mehnat shunchalik unumdor bo‘ladi. Shu jihatdan qishloq xo‘jaligida sotish bo‘yicha asosiy bo‘lmagan ikkilamchi vazifalarni unumdor mehnatdan ajratish ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning muhim sharti bo‘lib qoladi. Mahsulotni sotish bo‘yicha mehnat esa takror ishlab chiqarishning boshqa ishtirokchilarning vazifasi bo‘lishi kerak.
Mahsulotlarni saralash ishlari olib borilmasa, saralash jarayonidagi e’tiborsizlik va kamchiliklar tufayli isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilishi mumkin. Saralangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash ishlari ularning sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Respublikamiz qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar orasida asosiy pul tushumi paxta, g‘alla va meva-sabzavot mahsulotlari hisobiga bo‘ladi. Bu turdagi mahsulotlarga ayniqsa, meva va sabzavotlarga tez va soz xizmat ko‘rsatilsa, ikkinchi qismi tayyorlov tashkilotlariga sotilsa, nobudgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Qishloq xo‘jaligi korxonalarida yetishtiriladigan meva va sabzavot hamda g‘alla mahsulotlarini saqlash, birinchidan, xo‘jaliklarning moliyaviy ahvolini yaxshilashga imkoniyat tug‘dirsa, ikkinchidan, iste’molchilarning yil davomida doimiy talabi qondirilishi mumkin.
Meva va sabzavotlarni saqlash omborxonalari 2 turga bo‘linadi:
1. Muvaqqat (vaqtinchalik) omborlar;
2. Doimiy omborlar.
Muvaqqat omborlar aholi va chorvachilik majmuasiga yaqin joyga quriladi. Unda ildizmevalar va kartoshkani saqlash mumkin. Doimiy omborlar sig‘imi 100 tonnadan 30000 tonnagacha bo‘lishi mumkin. Bunday omborlarda faol ventilyatsiya bo‘lganda mahsulot yaxshi saqlanadi.
Hozirgi paytda meva va sabzavotlarning gaz muhitini boshqarib saqlash rivojlangan Angliya, Fransiya, Gollandiya, AQSh, Germaniya va boshqa mamlakatlarda keng qo‘llaniladi. Bunda mahsulotlar sifati 7-8 oygacha buzilmasdan saqlanishi mumkin.
Ma’lumki, respublikamiz qishloq xo‘jaligida g‘alla maydonlari va hosili yildan-yilga oshib bormoqda. Yetishtirilgan rejadagi hosilning davlatga sotilganidan qolgan qismi xo‘jalik ixtiyorida bo‘ladi. Uning bir qismi iste’mol va urug‘lik uchun omborxonalarda ma’lum vaqtgacha saqlanadi.
Hozirgi kunda don va don mahsulotlarini saqlashda 10-15 %gacha nobudgarchilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xo‘jalik uchun zarardir. Dunyo miqyosida don mahsulotlari 3 tartibda saqlanadi:
-
don massasini quruq holda saqlash;
-
don massasini sovutilgan holda saqlash;
-
havosiz joyda saqlash.
Umuman, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotning turiga qarab, ularni saqlash uchun zamonaviy omborxonalar va sovutgichlar qurilishini tashkil etish kerak.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni sotish, ya’ni iste’molchiga yetkazish juda muhim ahamiyatga ega. Bu borada hozirgi paytda respublikamizda tajriba yo‘qligi hamda xo‘jaliklar bozor holatini bilmasliklari sababli ko‘p hollarda kasodga uchramoqda. Xo‘jaliklarda mahsulotni sotishdan avval bozor konyunkturasini bilish lozim. Bunda o‘tgan yil yakunlarini hisobga olib, kelgusi yilda qaysi mahsulotlarga talabning oshishi yoki kamayishi hamda qaysi turdagi mahsulotlarni yetishtirganda xo‘jalik yil yakunida yuqori rentabelli ko‘rsatkich bilan chiqishi mumkinligini bozor kon’yunkturasi oydinlashtiradi.
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish infratuzilmasining har bir tarmog‘idagi nuqsonlar bartaraf etilishi uchun zaruriy holatlarda kapital qo‘yilmalarni jalb etish kerak. Mavjud ishlab chiqarish infratuzilmasi tarmoqlarini rivojlantirish davr talabidir. Infratuzilmaning har bir tarmog‘ida, u agroservis tarmoqlari bo‘ladimi yoki tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazib berishdagi xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, har bir soha obyektlarini eng samarali va jahon talablariga javob beradigan texnik jihozlar bilan ta’minlash hozirgi kunning dolzarb muammolaridandir. Bu muammolarni o‘z vaqtida yechish, birinchidan, qishloq xo‘jaligi korxonalari ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirsa, ikkinchidan, aholining oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish imkoni yaratiladi
Zamonaviy sharoitlarda shu narsa alohida ma’lum bo‘lmoqdaki, korxonalarning bir vaqtning o‘zida ham ishlab chiqarish, ham sotish bilan shug‘ullanalishi endilikda asoslangan hisoblanadi. Fan-texnika taraqqiyoti sharoitida ishlab chiqarishning oqilona tashkil etilishi va boshqarilishi vazifalari tobora qiyinlashmoqda. Zamonaviy ishlab chiqarish intensivlashtirish va konsentratsiyalash asosida rivojlanmoqda. Bu jarayonlarning o‘zi juda murakkab va maxsus e’tibor va sa’y-harakatlar talab qiladi.
Qishloq xo‘jaligining u yoki bu sohasidagi rahbar va mutaxassis bevosita ishlab chiqarishni tashkil etish, uni boshqarish bo‘yicha tobora ko‘proq hajmdagi ishlarni bajarishi lozim. Agar bunda bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish va sotish masalalarini hal qilishga to‘g‘ri kelsa, ko‘pincha rahbar qay birini afzal ko‘rish kerak, degan savolga (tanlovga) duch keladi. Chunki aynan shu yerda ishlab chiqarib bo‘lingan mahsulotning buzilishi va nobud bo‘lishi ro‘y beradi va bu bosqichda (sotish) u murakkabroq bo‘ladi. Bu esa ishlab chiqarishning ko‘p tomonlari boy berilishiga olib keladi. Qishloq xo‘jaligidan tarmoqlarning ajralib chiqishi uning rivojlanish darajasi bilan doim mos holda ro‘y bergan. Qishloq xo‘jaligi o‘z rivojida yangi pog‘onaga ko‘tarilishi bilanoq, avval u uchun majburiy hisoblanmagan ba’zi vazifalar bilan shug‘ullanish qiyin bo‘lib bordi.
Bu sohaning rivojidagi yangi bosqich unga avval xos bo‘lgan ba’zi vazifalar, mahsulot sotishning ajralib chiqishi haqidagi masalani yana ko‘tardi. Shu narsa kutiladiki ta’minot va sotish xizmatlarini mustaqil bo‘limlarga ajratish, ishlab chiqarish omillarini boshqarish foydasiga qishloq xo‘jaligini boshqarish usulini tubdan o‘zgartiradi.
Bunday tizimda ixtisoslashgan texnologik va funksional xizmatlar yaratiladi. Agronomik, zootexnik va boshqa xizmat turlari mustaqil xizmatlarga bo‘linadi. Bu xizmatlarni bosh mutaxassislar boshqaradi. Ammo bu narsa maxsus ta’minot va sotish xizmatlarini yaratishni taqozo etadi. Qisqacha aytganda, ishlab chiqarishni boshqarishni takomillashtirish masalalarini tubdan hal qilishda qayta qurish va boshqa xizmatlarning, shu jumladan, sotish va ta’minot xizmatlarining ajralib chiqishi talab etiladi.
Ba’zan maxsus xizmatlarni tashkil qilishning maqsadga muvofiqligi haqida shubha tug‘iladi, chunki bu ma’muriy-boshqaruv personalining soni oshishi bilan bog‘liq. Lekin bu masalaning yechimi boshqarish progressiv tizimining o‘zidan topiladi. Boshqarishning chekli tuzilmasida funksional aloqalar qisqaradi. Boshqaruv xodimlarining ixtisoslashuv darajasi oshadi, ishlab chiqarish bo‘limlari soni kamayadi va mutaxassislarning xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengayadi. Bularning barchasi boshqaruv xodimlarining soni qisqarishiga olib keladi. Shu rezerv hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish bo‘yicha maxsus xizmatlar tashkil qilinishi kerak.
Ishlab chiqarish va sotish faoliyatlarini ajratish zarurati yalpi va tovar mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarining o‘sishi va uni realizatsiya qilishning bir qator tashkiliy va iqtisodiy sharoitlari o‘zgarishi faktidan kelib chiqadi. Avvalo, ba’zi mahsulot turlarini yetkazish masofasi o‘zgaradi, bu esa differensial renta I ning shakllanishiga tudban katta ta’sir ko‘rsatadi. Xo‘jalikning yo‘llar, magistrallar, qayta ishlovchi korxonalar va tayyorlov bazalariga nisbatan joylashuvi omili mahsulot realizatsiyasi bo‘yicha transport va boshqa xarajatlarning darajasini belgilaydi.
Ma’lumki, ishlab chiqarish infratuzilmasining eng yirik tarmoqlaridan biri - transport xo‘jaligi hisoblanadi. Ishlab chiqarish harakati jarayonini transportsiz tasavvur qilish qiyin. Bu borada qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatayotgan transportlar faoliyati uzoq davrni o‘z ichiga oladi. Dastavval qishloq xo‘jaligida transport vazifasini o‘tab kelgan ish hayvonlaridan foydalanilgan.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarida xizmat ko‘rsatuvchi texnikalarning holati ishlab chiqarish samaradorligini ko‘p jihatdan belgilab beradi. Yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini iste’molchilargacha bo‘lgan uzluksizligini ta’minlashga ishlab chiqarish infratuzilmasining ikkinchi yirik tarmog‘i xizmat qiladi. Bu tarmoqqa mahsulotlarni saralash, tayyorlash, saqlash va sotish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar kiradi.
Transport xizmatining boshqa ishlab chiqaruvchi sohalardan farqi shundaki, u yangi mahsulot yaratmaydi, balki ishlab chiqarilgan moddiy boylikni iste’molga yetkazadi.
Transport yordamida sohalar, soha ichidagi tarmoqlar, tarmoq ichidagi korxonalar bir-biri bilan bog‘lanib, ishlab chiqarish jarayoni maromida borishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Transport ishlab chiqarish bilan iste’mol o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydi. Ish kuchi, mehnat qurollari va mehnat buyumlarini bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib, jami iste’mol mahsuloti ko‘lamiga ta’sir ko‘rsatadi.
Transport vositalari yordamida moddiy boyliklar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi natijasida iste’molgacha yaqinlashadi, iste’mol qiymatining tashkil topishi tezlashadi. Transport vositalarining o‘ziga xos xususiyatlari ulardan moddiy boylik ishlab chiqarishning hamma sohalarida keng ko‘lamda foydalanish zaruratini keltirib chiqaradi. Transport vositalaridan foydalanish mahsulot ishlab chiqarish va uni realizatsiya qilish uchun sarflanadigan vaqtni qisqartiradi, mehnat unumdorligini oshiradi, mahsulot tannarxini kamaytiradi.
Transport vositalaridan unumli foydalanish qishloq xo‘jaligida yo‘llar qurish, ularning yuk tashish qobiliyatini oshirish, ta’mir ishlarini muntazam ravishda olib borish, yo‘l xo‘jaligi ixtiyoridagi texnikani takomillashtirish va ulardan unumli foydalanish demakdir. Kuzatishlar avtomobilning yuk ko‘tarish qobiliyati qattiq qoplamali yo‘llarda qattiq qoplamasiz yo‘llardagiga nisbatan 25-80%, tezligi 2-3 marta oshishini, yonilg‘i sarfini esa 2 marta kamayishini ko‘rsatadi. Shuning uchun xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi yo‘llarni rekonstruksiyalash va o‘z muddatida ta’mirlash, yo‘l qurilishini kengaytirish va qishloq xo‘jaligini yanada intensiv rivojlantirish uchun real sharoitlar yaratadi.
Ishlab chiqarish jarayoniga xizmat ko‘rsatuvchi ishlab chiqarish infratuzilmalari obyektlarida bir qancha yirik tarmoqlar davlat tasarrufida qolgan bo‘lib, bular qatoriga elektr uzatish, yo‘l xo‘jaligi, asosiy transport xo‘jaligi va boshqa shu kabi tarmoqlar kiradi. Bu tarmoqlar rivojlangan davlatlardagi kabi davlat tasarrufida bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi kerak. Chunki bozor munosabatlari sharoitida bunday yirik tarmoqlar sanoqligina bo‘lgani uchun ular xususiylashtirilsa, yirik monopolistlar paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi kabi qishloq xo‘jaligida ham elektr energiyasi bilan ta’minlanganlik va undan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Qishloq xo‘jaligida elektr energiyasi asosan: yoritish, isitish, ya’ni issiqxonalar, suv ko‘tarib beruvchi nasos stansiyalarni elektrlashtirish, statsionar va ko‘chma sug‘orish agregatlarini elektrlashtirish, inkubatoriyalarda hamda chorvachilik fermalarida mikroiqlim hosil qilish va boshqa ishlar uchun ishlatiladi.
Qishloq xo‘jaligini elektrlashtirishning samaradorligini aniqlash uchun boshlang‘ich ko‘rsatkichlar quyidagilar hisoblanadi:
-
yer maydoni va shudgor qilingan yerlarda: natural va pul hisobida ekinlar bo‘yicha dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish;
-
hayvonlar turi bo‘yicha ularning soni natural va pul hisobida chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish;
-
sohalar va jarayonlar bo‘yicha elektr dvigatellari, elektr apparatlari, qurilmalar soni va quvvati, elektrlashtirish vositalari (podstansiyalar, elektr uzatish tarmoqlari, mexanizmlar)ning qiymati, butun xo‘jalik sohalari bo‘yicha yillik iste’mol qilinadigan energiya, 1 kVt quvvatning qiymati, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun elektrlashtirishgacha va elektrlashtirilgandan keyingi mehnat sarfi, xo‘jaliklarning elektr bilan ta’minlanganligi ishlab chiqarish jarayonlarini elektrlashtirish imkoniyatlarini xarakterlaydi.
Elektr uzatish tarmoqlari va tarqatuvchi hamda ishlab chiqaruvchi obyektlar qurilishi qanchalik mustahkam va kafolatli darajada bo‘lsa, nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki, xalq xo‘jaligining barcha sohalari samarali faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi. Bu tarmoqning qishloq xo‘jaligidagi o‘rni juda muhimligi shundaki, u birinchidan, ekinlarni sug‘orish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarda suv ko‘tarish qurilmalari uzluksiz ishlashi, ikkinchidan, yetishtirilgan ayrim mahsulot turlarini omborxonalar va sovutgichlarda buzilmasdan saqlanishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, elektr uzatish tarmog‘i chorvachilik sohasi yoki parrandachilik tarmoqlarida elektr energiyasidan foydalanish jarayonida yetishtiriladigan mahsulot sifati va miqdorini oshirishda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Energetika resurslari tarkibida elektr energiyasi asosiy o‘rinni egallaydi. Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish jarayonini elektrlashtirish korxonalarning xo‘jalik faoliyati keskin rivojlanishiga olib keladi.
3. Mamlakatimizda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
2008-yilda respublikamizda ishlab chiqarish infratuzilmasi asosiy turlari bo‘yicha хizmat ko‘rsatishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi natijasida uning yuqori hajmlariga erishildi (3.1-jadval). Biz transport infratuzilmasini, birinchi navbatda avtomobil va temir yo‘llarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. 2007-2010 yillarda umumiy foydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi bugungi kunda respublikamizning barcha mintaqalari o‘rtasida yil davomida ishonchli transport aloqasini ta’minlamoqda.
Jumladan, o‘tgan yil davomida 1108,0 mlrd. so‘mlik temir yo‘l transporti хizmatlari, 397,2 mlrd. so‘mlik avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiyalash ishlari, 1375,0 mlrd. so‘mlik aloqa хizmatlari, 1786,1 mlrd. so‘mlik elektr energiyasi ta’minoti хizmatlari ko‘rsatildi. Buning natijasida mamlakatimizdagi korхona va tashkilotlar ishlab chiqarish faoliyatining rivoji va uzluksizligi ta’minlandi.
3.1-jadval
Ishlab chiqarish infratuzilmasi tarmoqlarida
хizmat ko‘rsatish hajmi, mlrd. so‘m
Ishlab chiqarish infratuzilmasi
tarmoqlari
|
2008-yil
|
2009-yilga
mo‘ljal
|
O‘sish sur’ati, %
|
Temir yo‘l transporti
|
1108,0
|
1390,0
|
125,5
|
Avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiyalash
|
397,2
|
531,5
|
133,8
|
shu jumladan:
|
|
|
|
хalqaro ahamiyatdagi
|
175,9
|
251,9
|
143,2
|
davlat ahamiyatidagi
|
95,0
|
143,6
|
151,2
|
mahalliy ahamiyatdagi
|
23,9
|
25,0
|
104,4
|
Aloqa
|
1375,0
|
1596,4
|
116,1
|
shu jumladan:
|
|
|
|
simli aloqa
|
264,0
|
304,9
|
115,5
|
uyali aloqa
|
952,0
|
1104,7
|
116,0
|
Elektr energiyasi ta’minoti
|
1786,1
|
1820,1
|
101,9
|
Iqtisodiyot real sektorining jadal o‘sishi ishlab chiqarish infratuzilmasi хizmatlariga bo‘lgan ehtiyojning to‘хtovsiz ravishda o‘sishiga olib kelmoqda. Shunga ko‘ra, jadvaldan ko‘rinadiki, 2009-yilda ushbu tarmoqlar хizmat ko‘rsatish hajmini ahamiyatli darajada, jumladan, avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiyalash hajmini 133,8% ga, temir yo‘l transporti хizmatlari hajmini 125,5% ga, aloqa хizmatlari hajmini 116,1% ga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Biroq, ta’kidlash lozimki, ishlab chiqarish infratuzilmasi хizmat ko‘rsatish hajmini bunday sur’atlarda o‘stirishga mavjud bazalar asosida erishib bo‘lmaydi. Shu sababli 2008-yilda ishlab chiqarish infratuzilmasi bazalarini yangilash borasida ahamiyatli ishlar amalga oshirildi (3.2-jadval).
3.2-jadval
Ishlab chiqarish infratuzilmasi bazalarini yangilash bo‘yicha
ishlar hajmi
Ishlab chiqarish infratuzilmasi
tarmoqlari
|
O‘lchov
birligi
|
2008
yil
|
2009 yilga
mo‘ljal
|
O‘sish
sur’ati, %
|
Temir yo‘llarni modernizatsiyalash va rekonstruksiyalash
|
km
|
220
|
280
|
127,3
|
Temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish
|
km
|
28
|
86
|
307,1
|
Temir yo‘l lokomotivlarini yangilash
|
birlik
|
18
|
20
|
111,1
|
Yuk vagonlari parkini yangilash
|
birlik
|
1543
|
1723
|
111,7
|
Yo‘lovchi tashish vagonlari parkini yangilash
|
birlik
|
8
|
8
|
100,0
|
Temir yo‘l ko‘priklarini qurish
|
birlik
|
4
|
3
|
75,0
|
Temir yo‘l vokzallarini qurish va modernizatsiyalash
|
birlik
|
2
|
2
|
100,0
|
Temir yo‘l razyezdlari va korхonaga kirish yo‘llarini qurish
|
birlik
|
4
|
5
|
125,0
|
Avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruktsiyalash
|
km
|
1728
|
1634
|
94,6
|
shu jumladan:
|
|
|
|
|
хalqaro ahamiyatdagi
|
km
|
472
|
518
|
109,7
|
davlat ahamiyatidagi
|
km
|
764
|
619
|
81,0
|
mahalliy ahamiyatdagi
|
km
|
492
|
497
|
101,0
|
Ko‘priklar qurish
|
birlik
|
28
|
34
|
121,4
|
p.m
|
2211
|
2962
|
134,0
|
Tolali-optik liniyalarni yotqizish
|
km
|
535
|
70
|
13,1
|
Uyali aloqa uzatuvchi stantsiyalarni o‘rnatish
|
dona
|
1697
|
500
|
29,5
|
35 Kv dan katta yuqori voltli liniyalarni qurish
|
km
|
232,3
|
427,9
|
184,2
|
6-10 Kv yuqori voltli liniyalarni qurish
|
km
|
250
|
149,7
|
59,9
|
Jadvaldan ko‘rinadiki, 2009-yilda temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirishni 3 baravardan ko‘proq, temir yo‘llarni modernizatsiyalash va rekonstruksiyalashni 127,3%, temir yo‘l razyezdlari va korхonaga kirish yo‘llari qurishni 125%, ko‘priklar qurishni 121,4%, yuqori voltli liniyalarni qurishni 184,2% ga o‘stirish ko‘zda tutilmoqda.
Ishlab chiqarish infratuzilmasi tarkibida avtomobil yo‘llari tarmog‘i ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mazkur tarmoqning umumiy uzunligi 183,6 ming kilometrni tashkil etib, shundan 23,2% umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini, 36,6% хo‘jaliklararo qishloq yo‘llarini, 33,6% qishloq va shahar ko‘chalarini, 3% korхonalarga qarashli yo‘llarni, 3,6% turli idoralarga qarashli yo‘llarni tashkil etadi (3.1-rasm).
Respublika avtomobil yo‘llari tarmog‘i tarkibi, km
3.1-rasm.
2008-yilda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida qurish va ta’mirlash bo‘yicha ahamiyatli ishlar amalga oshirildi (3.2-rasm). Jumladan, jami 288,6 mlrd. so‘mlik (o‘tgan yilga nisbatan 133% ko‘p) ishlar bajarildi. Investitsiya dasturi bo‘yicha 111,4 mlrd. so‘m (128%), mukammal va o‘rta ta’irlash bo‘yicha 113,5 mlrd. so‘m (124%), joriy ta’mirlash bo‘yicha 53,9 mlrd. so‘m (131%), yo‘l ta’mirlash teхnikalari va jihozlar хarid qilish bo‘yicha 9,8 mlrd. so‘m (4 baravar ortiq) hajmda ishlar amalga oshirildi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida qurish va
ta’mirlash ko‘rsatkichlari
3.2-rasm.
Shuningdek, 2008-yilda хo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha 12671 mln. so‘mlik, shu jumladan, kapital ta’mirlash bo‘yicha 1371 mln. so‘mlik, o‘rta ta’mirlash bo‘yicha 4617 mln. so‘mlik, joriy ta’mirlash bo‘yicha 6683 mln. so‘mlik ish bajarildi. Buning natijasida 4702 ming kv.m hajmdagi yo‘l to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
2009-yilda yanada ishonchli transport xizmati ko‘rsatish uchun qabul qilingan qo‘shimcha chora-tadbirlar bilan bir qatorda xalqaro ahamiyatga molik umumiy foydalanishda bo‘lgan 400 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘lini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, Beynov - Buxoro - Samarqand - Toshkent - Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 4 qatorli xalqaro avtomobil yo‘lini, shuningdek, Buxoro - Olot va Samarqand - G‘uzor yo‘llarining strategik uchastkalarini qurish mo‘ljallanmoqda (3.3-jadval).
3.3-jadval
O‘zbek milliy avtomagistrali tarmog‘i tarkibiga kiruvchi
avtomobil yo‘llari
O‘zbek milliy avtomgistrali yo‘nalishlari va uning tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llari nomi
|
Umumiy uzunligi, km
|
4 qatorli qismlar uzunligi, km
|
2 qatorli qismlar uzunligi, km
|
Beyneu-Qo‘ng‘irot-Buхoro-Navoiy-Samarqand-Toshkent-Andijon
|
2047
|
908
|
1139
|
Beyneu-Qo‘ng‘irot
|
328
|
-
|
328
|
Qo‘ng‘irot-Nukus
|
111
|
16
|
95
|
Nukus-Buхoro
|
540
|
3
|
537
|
Buхoro sh.ni aylanib o‘tish
|
5
|
-
|
5
|
Buхoro-Navoiy
|
107
|
107
|
-
|
Navoiy-Samarqand
|
169
|
169
|
-
|
Samarqand-Toshkent
|
308
|
308
|
-
|
Toshkent-Andijon
|
387
|
305
|
82
|
Guliston-Ohangaron
|
92
|
-
|
92
|
Buхoro-Olot
|
98
|
83
|
15
|
Buхoro-Qarshi-G‘uzor-Termiz
|
436
|
241
|
195
|
Buхoro-Qarshi
|
177
|
177
|
-
|
Qarshi-G‘uzor
|
48
|
48
|
-
|
G‘uzor-Termiz
|
211
|
16
|
195
|
Samarqand-G‘uzor
|
174
|
22
|
152
|
Jami:
|
2755
|
1254
|
1501
|
Shu bilan birga, mahalliy byudjetlar va Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ko‘lamini kengaytirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Temir yo‘l tarmoqlarini qurishni davom ettirish ham biz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Joriy yilda yangi Toshguzar - Boysun - Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasida obodonlashtirish ishlarini nihoyasiga yetkazish zarur.
Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodining qayta ishlash kompleksiga olib boradigan yangi temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish, Jizzax - Yangiyer yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan ikki yo‘lli liniya va Yangiyer - Farhod yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan bir yo‘lli liniya qurilishi yuzasidan ko‘zda tutilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.
Navoiy aeroporti bazasida erkin industrial-iqtisodiy zonani tashkil etish, shuningdek, Navoiy shahrida yangi barpo etilgan aerodromni xalqaro operator - Koreyaning «Korean Eyr» kompaniyasi boshqaruviga berish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi tufayli oldimizda katta istiqbollar ochiladi.
Xalqaro intermodal logistika markazining tashkil etilishi undan nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan qit’alararo transport-ekspeditsiya uzeli sifatida foydalanish imkonini beradi. Ayni paytda u Navoiy viloyati va qo‘shni hududlarda yangi, yuksak texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratadi.
Dostları ilə paylaş: |