6. Yusufbekova N.R. Obshie osnovni pedagogicheskoy innovatiki: Opit razrabotki teorii innovatsionnix protsessov v obrazovanii. – M., 1991.
2-Mavzu: Innovatsiya va uning turlari. Reja: Innovatsiya tushunchasi.
Innovatsiya turlarini tasnif etishga turlicha yondashuvlar.
Pedagogik innovatsiyalar. Tashkiliy innovatsiyalar. Iqtisodiy innovatsiyalar. Texnologik innovatsiyalar.
“Innovatsiya” tushunchasi lotin tilidan olingan bo‘lib (in-ga, novus-yangi), “yangilanish”, “o‘zlashtirish”, “qandaydir yangilikni kiritish”, “yangini joriy qilish”, “yangilik kiritish” ma’nolarini beradi. O‘z navbatida “yangi” so‘zi ushbu tushunchaning asosiy yadrosini tashkil etadi. Odatda¸ yangilanish tushunchasi ta’limda ko‘p hollarda o‘zgartirish tushunchasi bilan sinonimdir. Agar ushbu o‘zgartirish keng qamrovli bo‘lsa va butun ta’lim tizimini o‘zgartirsa, unda «islohot» tushunchasi bilan izohlanadi. Lekin barcha o ‘zgarishlarni yangilik deb qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. CHunki yangilik o‘zida avval boshidanoq qo‘yilgan vazifalarning yangilanishini maqsad qilib qo‘yadi.
“Innovatsiya” tushunchasi doimo bir xil ma’noda ta’riflanmaydi, ko‘p hollarda u “yangilik kiritish” tushunchasi sifatida ko‘rib chiqiladi.
Shu jumladan, S.Turg‘unovning fikricha, innovatsiya – maqsadga yo‘naltirilgan o‘zgartirishlar bo‘lib, ma’lum bir ijtimoiy birlikka muassasa, uyushma, jamoa va guruhlarga yangi, nisbatan barqaror bo‘lgan elementlarni, umumiy holda xalqning ma’naviy-madaniy munosabatlari va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan uzviy bog‘lik bo‘lgan yangiliklarni kiritishdir.
“Innovatsiya” tushunchasi keng va tor ma’noda ishlatiladi. Birinchi ma’noda innovatsiya - biror bir yangi ijtimoiy ehtiyojni yaxshiroq qondirish uchun yangi ilmiy, amaliy vosita, ya’ni yangilik yaratish, tarqatish va qo‘llashni o‘z tarkibiga oladigan kompleks jarayon sifatida qaraladi. “Innovatsiya”, ikkinchi ma’noda, biror bir jamoa faoliyatini takomillashtirish uchun kiritilayotgan va bu innovatsiya subyekti tomonidan yangilik deb qabul qilingan yangi vosita, uslub, yondashuvlar tizimiga nisbatan ishlatiladi.
M.Jumaniyozovaning ta’kidlashicha, ”innovatsiya”- rivojlangan texnologik jarayonning takomillashgan mahsuloti ko‘rinishida namoyon bo‘ladigan ijodiy mehnatning natijasi.U amaliyot va nazariyaning qiyomi bo‘lib, ijtimoiy-madaniy obyekt sifatlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan ijtimoiy subyektlarning harakat tizimi, ayni vaqtda u boshqariluvchi va nazorat qiluvchi o‘zgarishlar mexanizmi bo‘lib hisoblanadi.
N.Maxmudov o‘zining “Umumiy ta’lim maktablarini innovatsion boshqarish” deb nomlangan tadqiqotida “innovatsiya” bu-boshqaruv obyektini o‘zgartirish hamda yuqori darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik samaralarni qo‘lga kiritish maqsadida muayyan sohalarga yangilikni tadbiq qilishning yakuniy natijasi ekanligini qayd etib o‘tadi.
Innovatsiya - bu yangilik (A.M.Saranov, E.M.Rodjers);
Innovatsiya - bu o‘zgartirish, yaxshilash, takomillashtirish demakdir (K.Angelovskiy);
Innovatsiya - bu o‘zida taraqqiyparvar asosni aks ettiruvchi tarkibiy qismlar majmui (V.I.Zagvyazinskiy);
Innovatsiya - bu yangi vosita, yangi metod, yangi texnologiya (V.A.Slastenin, V.I. Podimova)
Innovatsiya - bu yangi metodlarni va ta’limning yangi mazmundagi metodlarini ishlab chiqishdir. (P.G. Shedroviskiy)
Biroq shuni alohida aytib o‘tish joizki, pedagogik innovatikaga oid adabiyotlarda innovatsiya tushunchasi bilan birgalikda yangilik tushunchasi ham qo‘llanildi.