MA’RUZA MASHG’ULOTLARI 1-Mavzu: Pedagogik innovatika–pedagogikaning alohida sohasi sifatida. Reja: 1. Innovatika va pedagogik innovatika tushunchasi.
2. Pedagogik innovatikaning obyekti, predmeti, maqsad va vazifalari.
3. Pedagogik innovatikaning asosiy tushunchalari.
Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda barcha davlatlar ta’limga imkon qadar ko‘p yangilik kiritishga intilmoqdalar. Bugungi yangiliklar ularga uyushgan, rejali, ommaviy yondashuvni talab etadi. Yangiliklar kelajagimiz uchun uzoq muddatli investitsiyalardir. Novatorlikka qiziqish uyg ‘otish, yangilik yaratishga intiluvchan shaxsni tarbiyalash uchun ta’limning o‘zi yangiliklarga boy bo‘lishi, unda ijodkorlik ruhi va muhiti hukm surishi lozim. Ana shunday dolzarblikdan kelib chiqqan holda, bugungi kunda pedagogikaning mustaqil sohasi–pedagogik innovatika jadallik bilan rivojlanib bormoqda.
Novatorlik va yangilik–madaniyat, ta’lim va umumiylikda jamiyat rivojlanishining ikki jihati. An’analar va yangiliklarning xilma-xil munosabatlariga tayanib, madaniyatshunoslar jamiyatni an’naviy va zamonaviyga ajratib ko‘rsatishadi. An’anaviy jamiyatda an’ana novatorlik ustidan hukmronlik qiladi. Zamonaviy jamiyatlarda esa, novatorlik bazali qadriyat sanaladi.
“Innovatika” tushunchasi bundan 100 yil avval madaniyatshunoslik va lingvistikada madaniy diffuziya, ya’ni bir madaniy realning boshqa hududga tarqalishini asoslab berish jarayonida paydo bo‘lgan. “Innovatsion jarayonlar” tushunchasining to‘liq tavsifi XX asrning boshlarida, ilmiy bilimlarning tashkil topayotgan yangi sohasi, o‘z nomi – „innovatikani“ 1911 yilda Avstriyalik iqtisodchi I.Shumpeter tomonidan XX-asrda ilmiy muomalaga kiritilgan innovation (innovatsiya, yangilik) atamasi asosida shakllangan. Aniqrog‘i iqtisodiyotchi I.Shumpeter tomonidan iqtisodiy tizimlardagi o‘zgarishlarni tahlil qilishning “yangi kombinatsiyasi”ni tahlil qilish jarayonida taqdim etilgan.
1930 yilllarda I.Shumpeter va G.Menshlar yangi texnologiya yoki mahsulotdagi ilmiy kashfiyotni tavsiflovchi “innovatsiya” tushunchasini fanga kiritishgan. 1970 yillarda zamonaviy postindustrial dunyoning rivojlanish vektorini aniqlab beruvchi “innovatsion jamiyat” tushunchasining paydo bo‘lishi yangiliklar kiritish haqidagi fanning murakkab, keng tarqalgan sohaga aylanishiga sabab bo‘ldi.
Pedagogik innovatsion jarayonlar G‘arbiy Yevropada 1950 yillarda, Rossiyaning ilmiy adabiyotida „innovatika“ atamasi 1980 yillar o‘rtasidan boshlab uchraydi. Sankt-Peterburgda professor V.G. Kolosov boshchiligida rejalashtirilgan iqtisodiyotdan bozorni tartibga solishga o‘tish jarayonlarini o‘rganish o‘tkazilgan, bu “muhandislik” atamasi bilan belgilangan. Parallel tarzda, Davlat boshqaruv universitetida ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarda innovatsiyalarni boshqarish mexanizmlari o‘rganilgan, bu universitetda 1990 yilda A.G.Porshnev tashabbusi bilan innovatsiyalarni boshqarish kafedrasi tashkil etildi. Keyinchalik, bu ilmiy maktablar rivojlanayotgan ilmiy sohada-innovatikada eng asosiylaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekistonda 2000 yillarda maxsus o‘rganish predmetiga aylandi. Bugungi kunda pedagogik innovatika ta’lim sohasidagi innovatsion jarayonlarning uch asosiy elementi: pedagogik yangilik yaratish, ularni amaliyotga joriy etish va o‘zlashtirish, qo‘llash va keng yoyishning birligi va o‘zaro aloqadorligi haqidagi fan sifatida e’tirof etiladi.
Innovatika - yangi bilimlarni tijorat asosida (ilmiy-texnik va ijodiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish) va notijorat bazada (masalan, ijtimoiy sohadagi innovatsiyalar) jamiyat tomonidan talabgir boʻlgan yangiliklarga aylantirishni taʼminlaydigan innovatsion faoliyatning mohiyati, uni tashkil etish va innovatsion jarayonlarni boshqarish haqidagi bilimlar sohasi.
Innovatikaning gnoseologik ildizlari bu falsafa, iqtisodiyot, muhandislik loyihalash, tadbirkorlik, moliya, sotsiologiya, psixologiya, tashkilot, ishlab chiqarish, informatika, marketing, logistika, menejment, pedagogika va boshqa kabi fan sohalari.
Pedagogni innovatsion faoliyatini yo‘lga qo‘yish obyektiv voqelikni qabul qilishdagi qarashlarini aniqlab beradi. Pedagogni innovatsion faoliyatga tayyorlash muammosi maʼlum maqsadlarga bo‘ysunuvchi bir necha o‘zaro aloqador va funksional komponentlarni o‘z ichiga olgan tizim sifatida ifodalanishi mumkin.Bo‘lg‘usi o‘qituvchining innovatsion tayyorligi uzluksiz taʼlim sharoitida pedagogik innovatikaning to‘liq mazmun-mohiyatini egallash bo‘yicha uning nazariy, amaliy va psixologik-fiziologik saviyasidir. Bunday tayyorlik pedagogik tizim natijasi sifatida nazariya va amaliyotning bir butunligini taʼminlash, o‘quv ishlariga vijdonan munosabatda bo‘lishni tarbiyalash hamda ijodiy faollikni rivojlantirish asosida o‘quvchilarda maʼlum fanlar, umumkasbiy faoliyat ko‘rinishlari bo‘yicha bir butun bilimlar va malakalarni shakllantirishga ko‘mak berishi kerak.
Bugungi kunda esa, mazkur yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda Yurtimizda innovatsion loyihalar tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, innovatsiya, innovatsion jarayon, innovatsion faoliyat, innovatsion boshqarish sohalarida qator tadqiqot ishlarining amalga oshirilganligi buning yorqin misolidir.