Kimyoviy tarkibi: Momaqaymoq ildizlaridan triterpen birikmalari, P-sitosterin, sigmasterin, inulin (24% gacha), xolin, nikotin kislota, nikotinamid, qatronlar, mum, kauchuk (3% gacha) va tarkibida oleanol, palmitin, linolein, melissa va serotin kislotalarining glitseridlari bo„lgan yog„li moy ajratilgan. Momaqaymoq ildizlari, ayniqsa, kuzda juda ko„p inulinni o„z tarkibida saqlaydi. Tibbiyotda qo‘llanilishi:Momaqaymoq ildizlaridan yoki yangi ildizlardan olingan galen preparatlari ishtahani ochish va ovqat hazm qilishni yaxshilash uchun, shu jumladan, oshqozon va ichakning sekretor va motor faoliyatini yaxshilash, safro va ovqat hazm qilish bezlari sekretsiyasini ko„paytirish uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, momaqaymoq ildizlaridan tayyorlangan preparatlar mustaqil ravishda ham, gepatobiliar tizimi patologiyasi va surunkali ich qotishi natijasida kelib chiqqan xoletsistit, gepatoxoletsistit, anatsid gastritida boshqa o„t xaydovchi vositalar bilan aralashmalarda qo„llaniladi. Momaqaymoq ildizi ishtahani uyg„otuvchi, oshqozon va siydik haydovchi yig„malari tarkibiga kiritilgan. Momaqaymoqning quyuq ekstraktidan tabletkalar tayyorlashda ishlatiladi. Momaqaymoq ildizining damlamasi:10 g (1 osh qoshiq) quruq ildizlar sirlangan idishga solinib, 200 ml (1 stakan) issiq qaynatilgan suv quyiladi, qopqog„i yopiladi va qaynab turgan suvda (suv hammomida) 15 daqiqa davomida tez-tez aralashtirib qizdiriladi. Keyin u 45 daqiqa davomida sovitiladi, suzgichdan o„tkaziladi va qolgan massa siqib olinadi. Olingan damlama qaynatilgan suv bilan suyultirilib, dastlabki 200 ml hajmiga keltiriladi. Sovuq joyda 2 kungacha saqlanadi. Achchiq va o„t haydovchi vosita sifatida ovqatdan 15 daqiqa oldin iliq holda 1/3 stakandan kuniga 3-4 marta ichiladi.