SPITAMEN Spitamen O‘rta Osiyo xalqlari tarixida Aleksandr Makedonskiyga
qarshi ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘oloni rahbari sifatida nom qoldirgan.
Qo‘rqmas
xalq
qasoskori
boshchiligidagi
qo‘zg‘olonchilar
makedoniyaliklarni ko‘plab marta janglarda mag‘lub etganlar.
Grek va Rim tarixchilari asarlarida Spitamenning qaysi shahar yoki
qisloqdan ekanligi aniq yozilmagan. Ammo u asosan Politamet
(Zarafshon) daryosi bo‘ylarida, Maroqand (Samarqand) shahri atroflarida
kechgan voqealar tasvirida ko‘plab tilga olinadi.
Aleksandr qo‘shinlari qancha-qancha shaharlarni, yurtlarni osongina
bosib olgan, ammo Sug‘diyonani egallash ularga oson bo‘lmaydi. Ular bu
yerda xalqning qattiq qarshiligiga uchrab, ko‘pdan-ko‘p talofat ko‘radilar.
Spitamen boshchiligidagi jangchilar hech kutilmagan paytda va joylarda
paydo bo‘lishar, dushmanga qaqshatqich zarba berishar va yana tutqich
bermay, qutulib ketishar edi. Spitamen jasur, farosatli, tadbirkor, ayni
choqda juda hushyor va ziyrak edi. Uning qo‘shinida O‘rta Osiyoning
mahalliy aholisi bo‘lgan massagetlar, skiflar, daklar, saklar, sug‘dlar
o‘zaro birikib harakat qilar edilar. Ular Spitamenni o‘zlarining haqiqiy
xaloskori deb bilardilar.
Spitamen boylikka qiziqmas, qo‘lga tushgan o‘ljalarni jangchilarga
bo‘lib berar edi. U nafaqat dushmanlarni, balki sotqinlik qilgan
yurtdoshlarini ham ayamas edi. Spitamen Aleksandrga O‘rta Osiyo
qabilalarining nimalarga qodirligini amalda ko‘rsatdi. Vatanini, xalqini
sevishni, o‘z qishlog‘ini, shahrini, yurtini ardoqlashni o‘rta osiyoliklardan
o‘rganish kerakligini isbotladi.
Spitamening o‘limi haqida ham turli xil rivoyatlar mavjud. Ba’zi
rivoyatlarda u o‘z xotini tomonidan o‘ldirilgan deyilsa, ayrimlarida sotqin
qabiladoshilari tomonidan qatl etilgan deyiladi. Sharqning jasur,
yengilmas, vatanparvar, mard o‘g‘loni Spitamenning nomi, uning
dushmanga qarshi ko‘rsatgan qahramonliklari necha asrlardan beri tildan-
tilga, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. U haqida, uning qahramonliklari
haqida ko‘plab badiiy asarlar yaratilgan. (230 ta so’z).