Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti tillar fakulteti



Yüklə 204,5 Kb.
səhifə19/20
tarix05.02.2023
ölçüsü204,5 Kb.
#123028
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
Hamid Olimjon adabiyotshunoslikdagi tanqidi

Yalang‘ochlab qilichni,
Qulning bo‘yniga soldi:
Boshi ketgan qush kabi
Darxon tipirlab qoldi,
Yerlar qonga bo‘yaldi.
Voqea davomida qari podshohning xotini bo‘lib, zolim, konxo‘r, inson qiyofasidagi maxluq bilan bir umr zarga ko‘milib yashashdan o‘z ozodligini afzal bilgan Oygul saroyning qirq kanizagi bilan cho‘milish bahona daryoga boradi va ko‘zini chirt yumib o‘zini suvga otadi. Daryodagi bahaybat Jayxun baliq esa Oygulni bir hamla bilan yutib yuboradi.


Tomog‘idan qilchalik,
Op-oson o’tib ketdi.
Qirq qizlar sarosima-
Chuvullashib qoldilar:
"Nimi gap, nimi, nima?"
Deya shovqin soldilar.
Ertak-dostonda Baxtiyor obraziga ham alohida e’tibor qaratilgan. Dostonda o‘zining zabardast gavdasi, kuch va g‘ayrati, olovday lovillab turishida, so‘zi va qarashlarida, qilayotgan mehnatida keskir qilichdek irodasining kuchi yaqqol sezilib turadigan lekin kambag‘al, nochor baxtiyor obraziga e’tibor berilgan.
Baxtiyor daryoda yurganlarga yo‘liqib ulardan bir burda non so‘raydi. Baliqchilar unga
Yo‘qdir berar nonimiz
Lekin kuyar jonimiz
Mayli shu safar turga
Chiqqanin ol o‘zinga
deyishadi. Bunga Baxtiyor rozi bo‘ladi va toleyga uning to‘riga Jayxun ilinib qoladi. Ulkan baliqni ikki ho‘kizga ortib uyiga yo‘l oladi.
Uyga kelib ota-bola ikkov
Baliq qornin yorganda
Pichoq belga borganda
Baliq qornida shu on
Tebranib u yon-bu yon
Oygul ko‘zini ochdi
Va Baxtiyorni ko‘rdi
Boshiga qon yugurdi
Qora ko‘zlari yonib
Bir muhabbat uyg‘onib
Qalbi jizillab qoldi.
Yori Baxtiyor bilan Susanbilni jannatmisol yurtga aylantirgan Oygulning yodidan o‘z eli jambil uning ezilib yotgan xalqi, nohaq o‘ldirilgan otasining xotirasi ketmas edi.
Ertasi to‘da-to‘da
Guras-guras bo‘lib el,
Kela berdi bog‘lab kel
Xotinlar, yosh bolalar,
Barcha amma xolalar.
Xalqni xon zulmidan xalos qilish niyatida u katta qo‘shin bilan Jambilga hujum qiladi va g‘alabaga erishadi.
O‘tmayin jindayin zum,
Og‘ziga tiqdilar qum.
Zolim podsho shu zamon,
Qabrga bo‘ldi mehmon.
Qonxo‘r xondan qutilgan elga Oygul Tarlon otani rahbar etib tayinlaydi va o‘zi esa kelin bo‘lib borgani Susambilga – suygan yori Baxtiyor yurtiga qaytadi.
Yashnab misoli bir gul,
O‘z baxtiyori sari
O‘z sevgan yori sari,
Susambilga yo‘l oldi.
Aksariyat ertaklarda bo‘lgani singari bu asarda ham yovuzlik ustidan ezgulik, zulm va nohaqlik ustidan adolat g‘alaba qildi.
E’tibor bersangiz, garchi ertakning bosh qahramonlari Oygul bilan Baxtiyor hisoblansada, tadbirkor erksevar Oygulning oqilona harakatlarigina voqealarning aynan shu tarzda xotimalanishiga zamin yaratadi.
Hamid Olimjon ijodining yuksalishida xalq og‘zaki ijodiyoti kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli u xalq og‘zaki ijodisiz so‘z san’atining yuksak cho‘qqisiga erishib bo‘lmasligini Pushkin, Shekspir, Gyote, Navoiy asarlari misolida asoslaydi. Jumladan, Pushkinning folklor va xalq tiliga bo‘lgan muhabbati adabiyotni keng ommaga yetkazish niyati bilan tug‘ilgan va xalqchilligi ta’minlangani alohida uktirib, fikrini "Gamlet", "Xamsa" asarlarini tahlil etish bilan yanada to‘ldiradi. "O‘zbek adabiyotini yuksaltirish, uning tilini chin xalq tili qilish, sodda va chuqur qilish, nihoyat umuman aytganda, o‘zbek adabiyotini chin ma’noda xalqchil qilish uchun folklorning ahamiyati buyuk bo‘lur."- deb yozgan shoir folklorning ahamiyati o‘z asarlarida sinab ko‘rdi. Hamid Olimjon asarlaridagi soddalik va go‘zallik, serma’nolik va ravonlik, xalq qalbiga qo‘shiqlar kabi singib, xalq orzu umidlari, ruxiyatini ifodalanishi "folklorning ahamiyati buyukligidandir".
Bu ta’sirni "Oygul bilan Baxtiyor", "Semurg‘", "Zaynab va Omon", "Jangchi Tursun", "Muqanna", "Jinoyat" kabi yirik asarlari va barcha she’rlarida, publitsistik maqolalarida ko‘rish, kuzatish mumkin.
Bolalikdan Fozil shoirdek xayolotga olamni joylab, so‘zda soz jo‘rligida elga botirlik, adolatdan so‘ylagan xalq baxshisini tinglab, onasining sehrli ertaklaridan hayrati oshib kamolotga erishgan Hamid Olimjon har doim xalkq og‘zaki ijodining zilol chashmalaridan bahramand bo‘lib, uni qadrlash, e’zozlashda namuna va jasorat ko‘rsatdi. "Ko‘pchiligi savodsiz bo‘lgan o‘zbek xalqi boy og‘zaki adabiyotni yaratdi. Bu adabiyot asrlar davomida yaxshi hayotga erishish to‘g‘risidagi orzu armonlarini ifoda qilar edi. Bu adabiyot xalqqa yakin va yoqimli odamlarning obrazi bilan to‘la", -deb yozgan shoir o‘zbek qahramonlik eposi "Alpomish" mahorat bilan nashrga tayyorladigina emas, uni Penkovskiyga tarjima qildirib, ilk bor dunyoga ham chiqardi. Oybek, Shayxzoda, G‘afur G‘ulom, Quddus Muhammadiy, Mirtemir kabi o‘zbek adabiyotining zabardast vakillarini o‘sha davrning mashhur baxshi shoirlari Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir Nazar o‘g‘li va boshqalar bilan ijodiy muloqotda ishlashga rag‘batlantira oldi.
Hamid Olimjon ayrim dindorlar, ba’zi rahbarlarning xalq ijodi, ijodkorlariga inqilobgacha ham undan keyingi XX asrning 20-30-yillarida ham salbiy munosabatini ta’kidlab, ularni noo‘rin ayblashga qarshi turib shunday yozadi. "Kunlarning birida xalq shoiri Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li Rustam to‘g‘risidagi dostonni aytadi. Shunda qishloqning muftisi undan so‘raydi: "Fozil, menga aytchi, sening Rustaming Muhammad payg‘ambardan oldin yashaganmi yoki keyinmi?" Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li: "Rustami jahon paxlavoni Muhammad payg‘ambardan oldin yashagan", -deb javob beradi. Mufti deydi: "Unday bulsa bu dostoningni aytma. Muhammad payg‘ambardan ilgari yashagan" Rustamga bo‘lgan madhiya eshitish gunoh..."
Hamid Olimjon bu voqeani "O‘zbek xalqining adabiyoti" nomli nutqida Moskvada behuda so‘zlamayapti. Chunki xalk, ijodkorlari - baxshi-shoirlarga shunday munosabat o‘tgan asrning 20-30-yillarida ko‘p sodir bo‘lgan.


XULOSA
Quyosh, oy yoki yulduzlar sir-asrori va xususiyatlarini so‘z bilan to‘la-to‘kis ta’rifu tavsif qilib bo‘lmaganidek, haqiqiy talantga xos fazilatlarni ham mukammal bir tarzda yoritish mumkin emas. Ayniqsa, tug‘ma iste’dod sohiblarining ichki imtiyoz va imkoniyatlarini zohiriy tomondan aniq belgilashning hech imkoni yo‘qdir. Chunki ulardan hech biri Ko‘ngil atalmish olamini o‘zi yashagan davr va zamon "ko‘zgu"sida butun miqyosi, barcha murakkabliklari ila aks etishini istamaydi. Shuning uchun davr va zamonasining fe’l-atvori, talab va ehtiyojiga qarab hatto ulkan talant ham qaysi bir ma’noda murosa qilishga, botinan o‘zini cheklashga majburiyat sezadi. Lekin bular uning ijodiy shaxsiyatiga ko‘lanka tashlay olmagani singari, san’atkorlik yo‘liga to‘siq ham bo‘lolmaydi. Ya’ni u ijtimoiy-siyosiy ziddiyat va nohaqliklar to‘lib toshgan erksizlik muhitida ham zimmasidagi tarixiy vazifani albatta qoyillatib bajaradi. Xalqimizning buyuk farzandi, betimsol shoir Hamid Olimjon ijodiyoti bu fikrning yorqin bir isbotidir. Hamid Olimjon - yangi o‘zbek she’riyatining asoschilaridan biri. Hamid Olimjon nisbatan qiska umr kechirganiga qaramay, she’riyatda o‘z maktabini yaratgan san’atkor. Bu maktab milliy til zavqi, ruhoniyat yuksakligi, she’rda so‘z qo‘llash, ohang yaratish, tasvirda rangu bo‘yoqlarni haddi a’losiga yetkazishdan ta’lim beradi. Bu maktab badiiy ifodada samimiyat yetakchi o‘rinda turishini, samimiyatdan tug‘ilmagan she’r - she’r sifatida umr kurolmasligi hech shubxa qoldirmaydi.
Hamid Olimjonning "O‘rik gullaganda", "Ishim bordir o‘sha oxuda", "Eng gullagan yoshlik chog‘imda", "Ofeliyaning o‘limi" kabi unlab she’rlari o‘zbek she’riyatining nodir durdonalaridir. SHe’r uchun suv va havoday zarur deyarli barcha sifat va xususiyatlar ularda mavjud - eng muhimi, badiiy obraz va obrazlilik talablaridan chekinilmagan. Ha, u “Yellar” faqat beormas, aldoqchi hamdir. Ularning beorligida aldash, aldoqchiligida beorlik aks etadi. Bunday hodisaning baxtga qanday aloqasi bor? Bunda baxt shunchaki xayol. Shu bois shoir alohida ta’kid bilan “Xayolimni gulga o‘rayman”, deydi.
Hamid Olimjon she’riyatida hokim ruh – tiriklik va go‘zallik, tabiiylik va harakat ruhi. Shoirning hayol dunyosida sayr etgan kishi she’rning qandoq sehru sinoatga qodirligini anglashdan charchamaydi: faqat kashf ortidan kashf, shavq ketidan shavq tug‘ilishidan hayron qolishi mumkin. Bu she’riyatni bugun mahorat nuqtai nazaridan o‘rganish – shu paytgacha tasavvur etib ulgurmaganimiz, ya’ni mutlaqo yangi qiyofadagi shoir bilan yuzlashishga yo‘l ochishi shak-shubxasizdir.
Hamid Olimjon olamdan o‘tganiga 69 yil to‘ldi, tuzum o‘zgardi, avlodlar yangilandi. Lekin uning badiiy mahorat bilan yo‘g‘rilgan asarlari eskirib, qatordan chiqib, keraksiz matohlarga aylanmadi. Biz mazkur bitiruv malakaviy ishimizda H. Olimjonning xalq poetik ijodidan foydalanish mahoratini tahlil qilib quyidagicha umumiy xulosalarga keldik.
1. Hamid Olimjon lirikasidagi poetik g‘oya dunyoda eng ulug‘ zot bo‘lgan insonning yuksak ma’naviy boyligi va beqiyos go‘zalligini shoirona san’at bilan tasvirlanishini tadqiq etdik.
2. Shoir ijodidagi ilhom va iste’dod uyg‘unligini uning “O‘rik gullaganda” she’ri hamda “Kuygay” g‘azali misolida tahlil qildik.
3. Hamid Olimjon ijodining g‘oyaviy konsepsiyasi (yo‘nalishi)ni badiiy tasvir vositalarsiz tasavvur etish qiyinligini she’rlari misolida tahlil qildik.
4. Hamid Olimjon poetikasidagi folklorizmni shoirning “Semrug‘ yoki Parizod va Bunyod” asari misolida tahlil qildik.
5. Shoir dostonlarining g‘oyasida (“Oygul bilan Baxtiyor”, “Zaynab va Omon” kabi) xalq poetik ijodidan qay darajada unumli foydalanganligini tahlil qildik.
6. Hamid Olimjon folklor namunalarini saqlab qolish va rivojlantirish bilan bir qatorda asarlari bilan ularni boyitganligini lirikasi misolida tadqiq etdik.
Xullas buyuk shoir Hamid Olimjon ijodining ta’sirchanligi hamda umrboqiyligi uning xalq poetik ijodidan unumli foydalanganligida ko‘rinadi.



Yüklə 204,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin