Soyga tushdim, ko‘kka chiqdi oy, Nur yog‘ildi oq bulutlarga. Nurga to‘ldi dara, to‘ldi soy, Nur yog‘ildi qorong‘i jarga. Tunda oyning aksi suvda jimirlab, yaltirab ko‘rinadi. Go‘yo oy suv ichida suzayotgandek bo‘ladi. Lirik qahramon soyga tushganda esa oy osmonga chiqib ketganday tasavvur beradi. Shoir "Soyga tushmoq" va "ko‘kka chiqmoq" antonimik so‘zlarni qo‘llab tasvirni yanada jonlantiradi. Soyga tushgan odam albatta suvni butun vujudi bilan his qilishni istaydi. Suvni ikki qo‘li bilan boshi uzra sochganda esa o‘ziga xos zavq paydo bo‘ladi. Sochilgan suv zarralarining go‘yo bulutlarga ko‘chishini shoir "nur sochildi", "nur to‘kildi", "nur taraldi" deb emas, balki "yog‘ildi", ya’ni nurga to‘liq ko‘mildi ma’nosi bilan ifodalaydi.
Misralar boshida nur so‘zining takrori anafora uslubi orqali shoir ta’kidni kuchaytirgan. Osmondagi oyning nuri, yulduzlarning yog‘dusi, suvning yaltirashi o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. Bu yog‘dular sirasiga lirik qahramon ko‘zlaridagi akslanish qo‘shiladi.
Zilol suv ostidagi tosh ham yaltirab tovlanadi. Bu tasvirni shoir "Oy nuriga cho‘miluvchi tosh" kabi tashxis bilan ifoda etadi. Odatda toza, sof, tiniq sifati "zilol" shaklida suvga nisbatan qo‘llaniladi.
Tunda atrof, butun dunyo qorong‘ilikda qolganday bo‘ladi. Lekin lirik qahramon kuzatayotgan tun manzasidagi yorug‘lik, nurlar qatoriga endi samolyot chiroqlarining nuri qo‘shiladi.
Shoir tun manzarasidan hayajonga tushib, o‘z hislarini qog‘ozga tushirar ekan, qalbidagi tug‘yon qalam tutgan qo‘llariga ko‘chadi, qo‘llari titraydi.
Lirik qahramon tun manzarasini kuzatibgina qolmay, tabiat va borliqda kechayotgan hodisalar va harakatlarda o‘zi ham qatnashadi. Demak, u o‘zini tabiatning bir bo‘lagi deb his qilar ekan, bu tuyg‘udan u juda mutaassir bo‘ladi. Shag‘irlagan daryoning ovozi endi osmonu havoga ko‘chadi. Endi butun koinot shag‘irlaydi.
She’rning dastlabki bandida "shag‘irlaydi" so‘zi qo‘llangan bo‘lsa so‘nggi banda esa "shag‘irlardi" o‘tgan zamon davom fe’li shaklidan foydalanilganki, bu shakl daryo, osmon, havo, umuman butun koinotda ma’lum bir vaqt (tun)da uzluksiz takrorlanib turgan harakatni ifodalaydi. Demak, garchi tun nihoyasiga yetgan bo‘lsada, lekin xayot davom etmoqda. "Shag‘irlardi" so‘zidagi "r" tovushlarining ketma-ket kelgan bo‘g‘inlarda qo‘llanishi o‘ziga xos ohangni bersa, band boshida bu so‘zning takrorlanishi, ya’ni anaforani shoir ta’kidlamokchi bo‘lgan fikrni yuzaga chiqargan:
Shag‘irlardi osmon va havo, Shag‘irlardi butun koinot. Shag‘irlardi betinim daryo, Shag‘irlardi daryoda hayot... Holbuki tun... Hamid Olimjon tabiatni yaqindan his qilgan xassos shoir sifatida tabiat manzaralarini obrazli tasvirlay olgan. Uning poetik tasvir yaratish uslubi o‘ziga xosligi bilan davr sinovlaridan o‘tib yashayveradi va kitobxonlar qalbini rom etaveradi.
Hamid Olimjon "Bolalik" deb nomlangan she’rida xalqimizning udumlari, bolalar o‘yinlari haqida alohida to‘xtalib, shunday deb yozadi:
Nurli oydin kechalar, Porlar edi ko‘chalar. To‘planardik, "Yashinmachoq" o‘ynardik, So‘ng charchardik. Chumchuq kabi Chirqillashni Tashlab biz, Rohat-farog‘at Qo‘zi kabi uxlardik. ("Kuychining xayoli"). 19-bet.
Shoir xalq ertaklarini shunchalar sevganidan, bu ruhni she’rga ham chuqur singdirib yuborgan. Shuning uchun u "poyezd" yoki "tramvay" deb emas, "olov ko‘zli, temir tanli ot" deb tasvirlaydi. Bular shoir bolaligidan turli-tuman xalq ertaklaridagi uchar otlar, yog‘och otlar, temir otlar va boshqa sehrli narsalar haqida yaxshi tasavvurga ega bulganligini ko‘rsatadi.
Hamid Olimjonning "Kuychining xayoli" she’ri atoqli xalq dostonchi baxshilaridan biri Fozil Yo‘ldoshga bag‘ishlangan. SHe’rning har bir satri xalqona ohang bilan sug‘orilgan. Quyidagi satrlar so‘zimizning isbotidir: