Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə172/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   168   169   170   171   172   173   174   175   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Al’p-Karpat tog’lari. Al’p-Karpat tog’lari tabiiy geografik o’lkasi Yevrosiyoning g’arbidagi baland, uzun va ulkan tog’ tizimlaridan hisoblanadi. Bu o’lka G’arbiy Yevropa regionining janubiy qismida joylashgan va g’arbdan Sharqqa qarab katta masofaga cho’zilgan. Al’p-Karpat tog’lar tizimi shimol tomonda Markaziy Yevropaning tog’-tekisliklari, g’arbda Markaziy massiv va Rona daryosi, sharqda Sharqiy Yevropa tekisligi bilan chegaralanadi. Bu tabiiy geografik o’lka Al’p tog’ burmalanishida vujudga kelgan eng yosh va tektonik jihatdan serharakat tog’lardan tarkib topgan.
Al’p-Karpat tog’ tizimiga tutash bo’lgan va genetik jihatdan uning rel’efi bilan bevosita bog’liq bo’lgan bir qator tekisliklar ham bor. Bular Karpat yoyidan janubda joylashgan O’rta Dunay pastekisligi va Karpat tog’lari bilan Bolqon yarim oroli o’rtasida joylashgan Quyi Dunay pastekisligidir. Har ikkala pastekislik Al’p burmalanish mintaqasidagi yangi tektonik harakatlar natijasida cho’kkan yer po’stining qismlari bo’lib, keyinchalik tog’lardan keltirilgan yotqiziqlar bilan to’lgan va tekisliklar hosil bo’lgan. Al’p tog’larining janubiy qismida joylashgan Padana (Venesiya-Padana) pastekisligi ham shular jumlasidandir.
Al’p - Karpat tog’larida, boshqa tabiiy geografik o’lkalardagi singari, uning ayrim qismlarida tabiatning o’ziga xos ichki tafovutlari mavjud. Bunday tafovutlar birinchi navbatda iqlim sharoitini g’arbdan sharqqa qarab kontinentallashib borishi
bilan bog’liq. O’lkaning G’arbiy Al’p qismi Atlantika okeaniga yaqin bo’lganligi tufayli iqlimining tipik mo’tadil va sernam xususiyatlari bilan xarakterlanadi. O’lkaning Sharqiy Karpat qismi esa Atlantika okeanidan uzoqlashganligi va Sharqiy Yevropa tekisligiga yaqinlashganligi sababli iqlimning nisbatan quruqligi, mo’tadil kontinentalligi bilan farq qiladi. Bunday farqlar Al’p-Karpat tog’li o’lkasini ikkita mustaqil landshaft oblastiga - Al’p va Karpatga ajratishda asosiy mezonlardan biri bo’lib xizmat qiladi.
Al’p tog’lari. O’lka tarkibiga Al’p tog’lari, undan shimolroqda joylashgan Yura tog’lari, Al’pning janubidagi tektonik cho’kmada hosil bo’lgan Padana pastekisligi kiradi. Al’p tog’lari yoy shaklida 1200 km masofaga cho’zilgan va murakkab orografik tuzilishga ega bo’lgan yirik tog’ tizimidir. G’arbda O’rta dengiz qirg’oqlaridagi Dengizbo’yi Al’pidan boshlanib, sharqda O’rta Dunay pastekisligigacha davom etadi. Uning kengligi 135 km dan 260 km gacha yetadi. Al’p tog’lari g’arbdan sharqqa tomon bir necha davlatlar hududini kesib o’tgan. Shuning uchun bu tog’ tizimini ayrim hollarda uning qaysi davlatlar hududida joylashganligiga qarab Fransiya Al’pi, Italiya Al’pi, Shveysariya Al’pi, Avstriya Al’pi, Germaniya Al’pi, Vengriya Al’pi, Sloveniya Al’pi deb ham ataladi. Al’p tog’larining geologik, orografik va geomorfologik tuzilishi nixoyatda xilma-xil. Uning tarkibi bir qator tizmalardan tarkib topgan bo’lib, g’arbdan Sharqqa tomon asta-sekin pasayib boradi. Al’p tog’larini o’rta qismidan chuqur tektonik vodiy kesib o’tib, uni ikki qismga G’arbiy va Sharqiy Al’pga bo’lgan. Bu tektonik cho’kma shimolda Boden ko’lidan boshlanib, janubda Komo ko’ligacha davom etadi va muhim orografik hamda geografik chegara bo’lib xizmat qiladi.
G’arbiy Al’p yoysimon va asimmetrik rel’ef shakllari, tik qoyalari, o’tkir qirrali cho’qqilari bilan xarakterlanadi. Uning tashqi Fransiyaga qaragan yon bag’iri keng va nisbatan qiya, ichki Padana pastekisligiga qaragan yon bag’iri tog’ etagisiz tik tushgan va bahaybat ko’rinadi. G’arbiy Al’p Sharqiy Al’pga nisbatan ancha baland. U meridional va submeridional yo’nalgan bir guruh tog’ tizmalaridan tarkib topgan. Bular Dengizbo’yi, Kot, Gray, Pennin, Bern, Lepontin, Glarn Al’plaridir. Al’pning eng baland cho’qqilari ham shu tizmalarda joylashgan. Masalan, Monblan (4810 m), Monta-Roza massividagi Dyufur (4634 m), Dom (4545 m), Finsterarxorn (4274 m), Yungfrau (4158 m), Gray massividagi Gran-Paradizo (4061 m) va boshqa cho’qqilardir. G’arbiy Al’pda tog’ muzliklari ham yaxshi rivojlangan. Sharqiy Al’p G’arbiy Al’pga nisbatan past, Sharqiy qismida kengayib yelpig’ichsimon bo’lib tarqalgan. Bu region Retiy, Bergom, Dolomit, Karniy, Yuliy, Etstal, TSillertal, Gurktal Al’plaridan hamda Baland va Past Tauernlardan iborat. Bu tizmalarning eng baland nuqtalari Bernina massivida 4049 m ga, Baland Tauerning Grosglokner cho’qqisida 3797 m ga, Etstal Al’pida 3774 m ga va Past Tauernda 2863 m ga yetadi. Baland tog’lar va ularning suvayirg’ich qismlari kristall jinslardan, past tog’lar ohaktoshlardan, dolomitlardan va flishlardan tuzilgan. Sharqiy Al’pda temir va mis ruda konlari, magnezit koni, tog’oralig’i cho’kmalarida qo’ng’ir ko’mir va tuz konlari bor.
Al’p tog’larining orografik tuzilishida va rel’ef shakllarining xilma-xil bo’lishida mezozoyda va paleogenda yuz bergan burmalanishlar, ko’tarilishlardan
tashaqari neogenda hamda antropogenning boshlarida sodir bo’lgan kuchli vertikal tektonik harakatlar yetakchi rol o’ynagan. Rel’efining shakllanishiga suv eroziyasi va to’rtlamchi davr muzliklari ham ta’sir ko’rsatgan. Al’p tog’larining shimoliy qismida Yura tog’i bilan Dunay daryolarining yuqori oqimi o’rtaligida balandligi 400-600 m keladigan tog’oldi platolari joylashgan. Al’p tog’oldi platolari Shveysariya va Germaniya hududlarida mavjud bo’lib, ular Shveysariya va Bovariya yassi tog’lari deb ataladi. Al’p va Apenin tog’lari oralig’ida Padana (Venesiya-Padana) pastekisligi joylashgan. U kaynozoyning Al’p burmalanishida vujudga kelgan tektonik cho’kmada shakllangan va genetik jihatdan juda yosh hisoblanadi. Dastlabbu tektonik cho’kma Adriatika dengizining ko’rfazi bo’lgan. Keyinchalik ko’rfaz dengiz, daryo va tog’ muzliklari yotqiziqlari bilan to’lib, neogenning oxirida Padana pastekisligi hosil bo’lgan. Uning katta qismi dengiz sathidan 100 m pastda yotadi. Tog’oldi etaklariga yaqin chekka polosalarda 300-500 m gacha ko’tariladi. Padanada hozirgi paytda yangi tektonik harakatlar natijasida yer yuzasining asta-sekin cho’kish jarayoni davom etmoqda.
Padana pastekisligining eng sharqiy chekka qismi Adriatika dengizi bilan chegaralangan joyda lagunali sohilni tashkil etadi. Lagunali sohil qum tillaridan va orollardan tarkib topgan. Ana shunday lagunalardan birida tarixiy obidalarga boy shahar Venetsiyaning o’zi 118 ta orollarda joylashgan bo’lib, ular 150 ta kanallar orqali ajralib turadi. Bu kanallarga 400 dan ortiq ko’priklar qurilgan. Kanallardan eng kattasi Kanal-Grande hisoblanadi, uning uzunligi 3,8 km. Venesiyadagi barcha bo’g’izlar va kanallar ko’cha vazifasini bajaradi. Adriatika dengizi tomonidan qarasangiz Venesiya xuddi suv akvatoriyasi ustida suzib yurgan shahardek tuyuladi. Bu shaharga har yili 6 mln 200 mingdan ortiq turistlar tashrif buyurishadi. Venesiyaning materikka eng yaqin oroli temir va avtomobil yo’l ko’prigi orqali Padana pastekisligi bilan tutashib turadi.
Al’p lanshaft oblastining shimoliy katta tog’li qismi mo’tadil iqlim mintaqaga va janubiy tekislik Padana qismi subtropk iqlim mintaqaga qaraydi. Al’pning shimoliy va g’arbiy qismlari Atlantika havo massasi oqimiga ro’para turganligi sababli qishi yumshoq, yozi salqin bo’ladi. Yiliga 2000-3000 mm atrofida yog’in tushadi. Tumanli va bulutli kunlar ko’p takrorlanadi. Sharqqa borgan sari iqlimning kontinentalligi ortib, yog’in miqdori kamayadi, ichki tizmalarda, berk vodiylarda va botiqlarda yillik yog’in miqdori 500-800 mm ni tashkil etadi. Padana pastekisligida bu ko’rsatgich 800-1200 mm ga teng. Al’p tog’larining 2000 m dan baland qismlarida yog’in miqdori ancha kamayadi. Havo harorati shimoldan janubga qarab ko’tarila boradi. O’rtacha yillik 0°S li harorat shimolda Al’p oldi tizmalarida 2000 m balandlikka to’g’ri kelsa, janubda Dengizyoni va Kot Al’plarida 2600-2700 m balandlikka to’g’ri keladi. Padana pastekisligida yanvarning o’rtacha harorati 0°+4°S ga, iyulniki +22°+24°S ga teng. Bu yerda atmosfera yog’inlarining aksariyat qismi yoz va kuz oylariga to’g’ri keladi.
Al’p tog’larida yog’inlarning qor shaklida yog’ish miqdori balandlikka ko’tarilgan sari orta boradi. Masalan, Fransiya Al’pining 700-800 m balandligida yillik yog’in miqdorining 20% i, 2000 m balandlikda 80% i qor shaklida yog’adi. Boshqa regionlarda 2000 m balandlikda 60% i, 2800 m da 86% i va 3600 m da 100%
i qor shaklida yog’adi. Natijada nival mintaqada katta qor massasi to’planib muzliklar hosil qiladi. Al’p tog’larida 1200 ga yaqin muzliklar bo’lib, ularning umumiy maydoni 4140 km2. SHundan 2690 km2 i G’arbiy Al’pga va 1450 km2i Sharqiy Al’pga to’g’ri keladi. Ulardan eng kattalari Bern Al’pidagi Alech muzligi (uzunligi 26,8 km, maydoni 160 km2), Monblan massividagi Mer-de-Glas (uzunligi 15 km) va Pennin Al’pidagi Gorner muzliklaridir. Al’p tog’larida suv zahirasining ko’pligi gidrografik to’rni yaxshi rivojlanishiga qo’laylik yaratgan. Shuning uchun Al’p Yevropaning muhim gidrografik tuguni hisoblanadi. Uning hududida paydo bo’lgan daryolar Shimoliy, Qora, Adriatika va Tirren dengizlariga quyiladi. Al’p tog’laridan Rona, Reyn, Adije, Drava daryolari va Po daryosining ko’plab irmoqlari boshlanadi. Yirik daryolaridan Rona va Reyn Gotard massividagi muzlikdan o’z suvini olib, birinchisi Jeneva ko’li va ikkinchisi Boden ko’li tomon oqadi. Al’pning shimoliy yon bag’irlaridan Dunayning bir necha irmoqlari ham boshlanadi.
Tog’likning janubidagi Padana tekisligidan Po daryosi oqib o’tadi. Uning uzunligi 652 km, havzasining maydoni 75 ming km2, o’rtacha yillik suv sarfi quyi qismida 1460 m3/sek. Po daryosining Dora-Ripariya, Dora-Beltea, Tichino, Adda, Olo, Mincho va boshqa irmoqlari o’z suvini Al’pning janubiy yon bag’irlaridan oladi. Po daryosi del’ta qismida uchta yirik (Po-di-Goro, Po-della-Dontsella va Po- di-Tolle) tarmoqlarga bo’linib dengizga quyiladi. Ular Adriatika dengiziga quyilish joyida maydoni 1,5 ming km2 ga teng bo’lgan botqoqli del’ta landshaftini hosil qiladi. Daryoning 540 km masofadagi qismida kemalar bemalol qatnay oladi. Al’p landshaft oblastida ko’llar ham keng tarqalgan. Ular asosan Al’pning shimoliy va janubiy tog’ etaklarida joylashgan. Bular shimolda Jeneva (maydoni 581 km2), Boden (538 km2), Nevshatel, Syurix, Firvaldshtet va janubda Lago-Madjore, Komo, Izeo va Garda ko’llaridir. Garda ko’lining maydoni 370 km2, maksimal chuqurligi 346 m, Komoning maksimal chuqurligi 410 m ga teng bo’lib, Yevropadagi eng chuqur ko’l hisoblanadi.
Al’p landshaftlari uchun vertikal va gorizontal farqlanishlar xarakterli. Ikki yo’nalishdagi tafovutlar balandlik mintaqalik va kenglik zonallik qonuniyatlar asosida vujudga kelgan. Zonal farqlar ayniqsa quyi tog’oldi mintaqaning 800-1000 m balandlikkacha bo’lgan qismida yaxshi ifodalangan. Quyi mintaqadagi landshaft komplekslari shimolda mo’tadil xususiyatlarga, janubda Padana tekisligini o’rab turgan Dengizbo’yi, Kot va Gray Al’plarining tog’ etaklarida subtropik xususiyatlarga ega. Bu mintaqada o’rmonlar juda siyrak qolgan. Uning g’arbiy qismida qo’ng’ir o’rmon tuproqlari keng tarqalgan, buk, eman va kashtanlar o’sadi. Shimoliy qismida podzol tuproqlar aralash o’rmonlar bilan qoplangan. Sharqda O’rta Dunay tekisligi bilan tutashgan joyda o’rmon-dasht landshaftlari mavjud. Janubda buk va eman o’rmonlari o’sadi. Quyi mintaqada aholi zich joylashganligi tufayli tabiiy o’simliklar o’rnini bog’lar, uzumzorlar, manzarali daraxtlar, agrolandshaftlar egallagan. Shuning uchun bu mintaqani Al’pning madaniy landshaftlar mintaqasi deyiladi.
Al’pning ikkinchi landshaft mintaqasi tog’-o’rmonlari bo’lib, uning yuqori chegarasi 1800 m gacha ko’tarilgan. Bu mintaqaning 1200 m balandligigacha keng bargli o’rmonlar, 1800 m gacha igna bargli o’rmonlar joylashgan. Mintaqaning
iqlimi mo’tadil nam va mo’tadil sovuq bo’lib, iyulning o’rtacha harorati +10° +15°S, yanvarniki -4°-8°S atrofida bo’ladi. O’rmonlarda buk va emanlardan tashqari Yevropa yeli, Yevropa qarag’ayi, Yevropa tilog’ochi, Yevropa pixtasi o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan olmaxon, rus quyoni, o’rmon sonyasi, yovvoyi mushuk, O’rta Yevropa bug’usi yaxshi saqlangan. Qo’riqxonalarda qo’ng’ir ayiq va yovvoyi cho’chqalar uchraydi. Al’p tog’larining o’rmonlar mintaqasidan yuqoridagi 2300 m balandlikkacha bo’lgan qismida butazorli subal’p mintaqasi, 2500-3000 m gacha Al’p o’tloqzorlari va undan yuqorda nival mintaqa joylashgan. O’tloqzorlar yozda yaylov sifatida foydalaniladi.
Al’pning tabiiy landshaftlarini muhofaza qilish maksadida ko’plab milliy bog’lar, qo’riqxonalar va buyurtmalar tashkil etilgan. Shveysariya, Vanuaz, Gran- Paradizo milliy bog’lari, Bavariya O’rmoni, Yuqori Bavariya O’rmoni tabiat bog’lari, Keyra regional tabiat bog’i, Tyuringen O’rmoni landshaft buyurtmasi, Shumava landshaft oblasti shular jumlasidandir.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   168   169   170   171   172   173   174   175   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin