Barcha gigiyenik talablarga muvofiq keladigan amaldagi ovqatlanish, birinchi navbatda organizmning fiziologik ehtiyojiga mos keladigan ovqatlanishga adekvat ovqatlanish deyiladi. Shaxsiy ovqatlanishning adekvatligini baholash uchun ko’pincha so’rov usulidan foydalaniladi va keyinchalik o’rtacha kunlik ratsionning ovqatli qiymati hamda kaloriyaliligi hisoblab topiladi. Usulning mohiyati shundan iboratki, patsiyentni (yoki aholi guruhini) so’rash orqali uning ovqatidagi kunlik ovqat tarkibini va ularning miqdori aniqlanadi. So’ngra ovqatli moddalarning kimyoviy tarkibi keltirilgan maxsus jadval yordamida ovqat ratsionidagi oqsillar, yog’lar, karbonsuvlar, vitaminlar, mineral moddalar va ularning energetik qiymatlari topiladi. Keyin esa, olingan ma’lumotlarni ovqatlanishning fiziologik me’yorlari bilan taqqoslanadi.
Shaxsiy ovqatlanishning fiziologik ovqatlanish me’yorlariga muvofiqligini baholash, quyidagi bosqichlardan tashkil topadi:
Hafta kunlari bo’yicha iste’mol qilingan taomlarning tabiati haqidagi ma’lumotlarni to’plash;
O’rtacha kunlik ovqat to’plamini va ovqatli moddalarning miqdorini hisoblash;
energetik qiymatini hisobga olgan holda ovqat mahsulotlarini taomnomada ifodalash;
4.Tuzilgan taomnomadagi qiymatlarni ovqatlanishning fiziologik me’yorlari bilan taqqoslash.
Oziq moddalarning borligi, miqdori, mahsulotlarning energetik qiymati, ovqat mahsulotlarning kimyoviy tarkibi jadvali yordamida hisoblanadi. So’ngra kun davomida iste’mol qilingan ovqatlar tarkibidagi umumiy oqsil, yog’, karbonsuv, vitaminlar, mineral moddalar, ratsionning energetik qiymati va ularning kun davomida qanday taqsimlanganligi hisoblab topiladi. Shu bilan birga oqsil, yog’, karbonsuvlarning o’zaro nisbati hisoblanadi. Keyin kunlik ovqatlanishda iste’mol qilingan mahsulotlarning turli-tumanligi, yil faslini va ovqatlanishdagi milliy an’analarni hisobga olinganligi baholanadi.
Kunlik ovqatlanish tartibi bo’yicha taomlarning oqilona taqsimlanganligi, yil fasllarini va ovqatlanishdagi milliy ananalar va b.q inobatga olib, yakuniy xulosa chiqarish uchun 1-3 kun davomida har bir talaba o’zining amaldagi shaxsiy ovqatlanish sifatini tahlil qilishi mumkin. Buning uchun quyidagi shaklda taomnoma tuziladi: