www.ziyouz.com kutubxonasi
52
qaytarishga emas, hatto raketkani ko‘tarishga ham ulgurmadi. Bosh ofitsiant tantanavor jo‘navordi.
Bernsning sarg‘ish ko‘zlarida esa yovuzlik barq urdi. U Palmerga o‘girildi, yovuz chaqin esa nigohida
uzoq vaqt yonib turdi.
— O’ylashimcha, Long-Aylend ishbilarmonlari huzurida so‘zlashga taklif etilganim, — dedi keskin
ohangda Palmer, — u yerda ko‘plab odam to‘planishini ta’minlamaydi.
Berns unga tashvish bilan qarab, so‘radi:
— Nega unday deyapsiz?
Ofitsiant ularga martini olib keldi, qadahlarni stolga qo‘yib, orqasiga qaytdi.
— O’sha odamlar shundoq ham bizlar tomonda, — javob berdi Palmer. — Bizga esa hali
ishontirishimiz lozim bo‘lgan kishilar kerak.
— Ishbilarmon doiralar vakillari siz tomonda ekanini qayoqdan bila qoldingiz?
Yana bir ofitsiant paydo bo‘ldi va taomnomani berib ketdi.
— Chunki tijorat banklari o‘sha ishbilarmonlarni bizning cho‘ntagimizga o‘zlari solib qo‘ydilar, —
tushuntirdi unga Palmer. — Ular o‘zlarining bank amaliyotlarini biz orqali amalga oshirmoqdalar. Ular
yana qaerda bank hisobi ochishlari mumkin? Bizlardan esa ular o‘zlariga zarur bo‘lgan zayomlarni
oladilar. Demak, ular bizlarsiz yashay olmaydilar.
— Biroq ularning kun ko‘rayotgan garov qo‘yilgan pullari jamg‘arma banklarida saqlanadi, — e’tiroz
bildirdi Berns.
Shu payt uchinchi ofitsiant paydo bo‘ldi, u «Gold fleyks» sigaretasi olib kelgandi. Berns na
ofitsiantga, na sigaretasiga e’tibor qildi.
— Lekin bu masalani hal qilmaydi, — dedi Palmer. — Garovga pul qo‘yish uzoq muddatli bitim, uni
o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish mumkin emas. Jamg‘arma banklari istagan odamning boshiga
tushirish uchun ulardan foydalana olmaydi.
— Lekin bordi-yu, ularda garov pullardan ur to‘qmoq sifatida foydalanish imkoni paydo bo‘lsa, uni
shu yildayoq ishga soladilar, dedi Berns.
To‘rtinchi ofitsiant keldi, uning qo‘lida telefon bor edi. U telefonni Palmerning tepasidagi uyaga
uladi. Berns xo‘mrayib telefonga qaradi.
— Nahotki biz hozir aynan ish haqida gaplashsak? — so‘radi u.
— Ha, biz ko‘p narsani muhokama qilishimiz kerak, — javob berdi Palmer.
— Vudi, bir necha daqiqaga bo‘lsa ham qo‘yib tur o‘sha ishingni. Kel, avvaliga ichaylik. Bugun
judayam bo‘g‘ilib ketdim.
— Nima, ertalab qiyin bo‘ldimi?
— Ertalab emas, butun tunni uyqusiz o‘tkazdim. Ertalab soat oltida yotdim, ikki soatgina mizg‘ib
oldim. Keyin Vik Kalxeyn bilan nonushta qilgani yugurdim.
— Ha-ya, Katta Vik bilan uchrashuvda siz xo‘rozqandday bo‘lishingiz kerak.
Berns qoshlarini chimirdi.
— Iltimos, uni bunday atama. Mana besh yildirki ommaning bu laqabni unutishiga urinayapman.
— Nima, eshitilishi yomonmi?
— Yo‘q, laqab u haqda yomon tasavvur beradi. U ko‘proq katta shaharning siyosiy korchalonlariga
mos keladi.
— Nega endi, u chindan ham katta, ismi ham Vik, shubhasiz, u haqiqiy siyosiy xo‘jayin.
— Hamma balo shundaki, u bunaqa emas, — dedi Berns.
— Bo‘lmagan gapni qo‘ying!
— Siyosiy xo‘jayinlar endi umuman yo‘q. Bunday zotlar Ikkinchi jahon urushida qirilib ketdi, —
ta’kidladi Berns.
— Jiddiy gapirayapsizmi?
— Albatta. Ayting-chi, hozir kim Tvid, Pendergast va Krouner singari kishilar bilan tenglasha oladi?
Unaqalarni hozir uchratib bo‘psiz!
— Baribir, unaqalar bor hozir ham.