www.ziyouz.com kutubxonasi
10
Fasl: Bu kitobda zikr qilingan hadislar mashhur kitob-lardan saralandi. Xususan,
«Sahihul Buxoriy» va «Sahihul Muslim»dan. Bu ikkisidan boshqa o’rinlarda sunan yoki
shunga o’xshash kitoblardan foydalandim va ulardan olingan hadislarning sahih, hasan
yoki zaif ekanini bayon qildim. Ularning orasidan eng ko’p ko’chirganim Abu Dovudning
«Sunan»i bo’ldi. Bu zotning o’zlari kitoblari haqida shunday deganlar: «Kitobimda sahih
yoki shunga yaqin hadislarni zikr qildim. Agar juda zaif bo’lsa, zaifligini bayon etdim.
Ammo hech narsa demagan bo’lsam, bilingki, u yaroqlidir. Shuningdek, hadislarning
ba’zisi ba’zisidan sahihroqdir».
Bu so’zlar biz uchun ham, boshqalar uchun ham foydalidir.
Demak, Imom Abu Dovuddan rivoyat qilingan hadislar zaif deyilmagan bo’lsa, u zaif
emas.
Kitobning avvaliga zikr fazilati haqidagi bobni qo’ydim. Keyingilari oson bo’lishi uchun
ba’zi tushunchalar keltirdim. So’ng kitobning maqsadini zikr etdim. Allohdan mag’firat
umid qilib, uni istig’for bobi bilan tugatdim.
Bu ishlarga Allohning o’zi muvaffaq qiluvchidir. Ungagina ishonamiz, tavakkal qilamiz –
suyanamiz va ishimizni Ungagina topshiramiz.
1-bob. Vaqti tayin qilinmagan fazilatli zikrlar Alloh taolo Ankabut surasining 45-oyatida:
«Aniqki, Allohni zikr qilish (barcha narsadan) ulug’roqdir» , Baqara surasining
152-oyatida:
«Bas, Meni eslanglar, Men ham sizlarni eslayman» , deydi. So’ngra Soffat
surasining 143-oyatida:
«Endi agar u (ya’ni, Yunus alayhissalom Allohga doimo) tasbih aytuvchilardan bo’lmasa edi, albatta, u (baliq) qornida to qayta tiriladigan kungacha (ya’ni, qiyomatgacha) qolib ketgan (ya’ni, halok bo’lgan) bo’lur edi» , deb xabar beradi.
Anbiyo surasining 20-oyatida esa:
« Ular tun-u kun (Allohni) poklaydilar» , deb aytadi.
1/1. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki
kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og’ir va Rahmonga mahbubdir. Ular:
«Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil ‘aziym», deb aytdilar». (Ma’nosi: Allohni
hamd aytish va ulug’lash bilan poklayman.) Buxoriy va Muslim rivoyatlari
2/2. Abu Zarr (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh menga: «Alloh taologa eng mahbub
bo’lgan kalomni aytaymi? Alloh taolo uchun kalomlarning eng yaxshisi
«Subhanallohi va bihamdihi», deb aytishingdir», dedilar».