www.ziyouz.com kutubxonasi
200
742/5. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Osiya
ismli ayolni Jamila ismiga almashtirdilar. Imom Muslim rivoyatlari.
Muslimning boshqa rivoyatlarida keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
Umarning (r.a.) Osiya ismli qizlarini Jamila deb nomladilar.
743/6. Usoma ibn Axdariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
huzurlariga kelgan kishilar orasida Asram (kesilgan) ismli shaxs bor edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Isming nima?» deganlarida, u Asram, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sening isming Zur’a (ziroat ekuvchi)», dedilar.
Abu Dovud rivoyatlari.
744/7. Abu Shurayh Honiy al-Horisiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam huzurlariga qavmlari ila vakil bo‘lib kelishganda, Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam qavmi uni Abulhakam deb kunyalashganlarini eshitib,
huzurlariga chaqirdilar. «Albatta Alloh hakamdir. Hukm ham Unga xosdir. Nima uchun
seni Hakamning otasi, deb kunyalashadi?» deganlarida, u: «Qavmim agar biror narsada
ixtilof qilishsa, menga kelishar edi. Men ularning oralarida hakam bo‘lar edim. Ikki
tomon ham mendan rozi bo‘lishardi», deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Bu-ku yaxshi! Bolalaring bormi?» deb so‘radilar. U: «Ha, Shurayh, Muslim va Abdulloh
ismli bolalarim bor», dedi. «Ularning kattasi kim?» deganlarida, «Shurayh», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sen Abu Shurayhsan, ya’ni Shurayhning
otasi», dedilar.
Abu Dovud aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Osiy (gunohkor), Aziz,
Atla(qo‘pol), Shayton, Hakam (hukm qiluvchi), G’urob (qarg‘a), Hubob (shaytonning
ismlaridan biri) va Shihob (uchqun) ismlarini Hoshim, deb o‘zgartirdilar. Va yana Harbni
(urush) Silm (tinchlik), deb, Muztaji’ni (yonboshlagan) Munba’is (harakatga tushuvchi),
deb, Afira (quruq) degan yerni Xazira (ko‘m-ko‘k), deb, Shi’baz zalolani (zalolat darasi)
Shi’balhuda (hidoyat darasi), deb, Banuzzaniyyani (zino bolalari) va Banumug‘viyani
(adashganlar bolalari) Banurishda (rushdu-hidoyatdagilar bolalari), deb ismladilar».
Bularning isnodini qisqa bo‘lgani uchun tark qilganlar.