Mezotexnologiya moduli- lokal texnologiyalar ta’lim-tarbiya jarayonining ma’lum bir qismini didaktik, tarbiyaviy, metodik vazifalarini hal etishga yoʻnaltiriladi. Masalan, sub’ekt va ob’ektning alohida faoliyat turlari, bilimlarni oʻzlashtirish, materiallarni takrorlash, oʻquvchilar bilimini, tarbiyalanganlik darajasini nazorat qilish texnologiyasi.
Mikrotexnologiya- kichik hajm, doiradagi tezkor vazifalarni bajarishga, sub’ektlarning individual va oʻzaro maqsadli harakatini samarali tashkil etishga qaratiladi. Masalan, yozuv koʻnikmalarini shakllantirish texnologiyasi, shaxsning u yoki bu sifatlarini shakllantirishga qaratilgan texnologiya.
Pedagogik texnologiyaning gorizontal tuzilmasi esa mohiyatan bir-biri bilan aloqador uch asosiy jihatdan iboratdir:
Ilmiylik - u yoki bu texnologiyaning pedagogika va boshqa turdosh fanlarni ilmiy-nazariy g‘oyalari asosida ifodalanishidir.
Rasmiy tavsifiy-texnologiya oldindan bashorat qilingan natijaga erishish uchun maqsad, vazifa mazmun, shakl, metod va vositalar, faoliyat algoritmi, qoʻllanilgan modellar majmuasi shaklida ifodalanishidir.
Jarayonli faoliyat- ta’lim-tarbiya maqsadiga erishish faoliyat jarayonida amalga oshadi. Oʻquvchi va oʻqituvchining kommunikativ munosabatlari, ta’lim-tarbiyaviy faoliyatni puxta rejalashtirish, tashkil etish, yakuniy xulosa chiqarish, boshqarish, natijani taxlil etish va baholash aynan amaliy faoliyat jarayonida namoyon boʻladi.
SHunday qilib, pedagogik texnologiyalarning fanga va ta’lim-tarbiya amaliyotiga kirib kelishi davr talabi, pedagogika va metodika fanlarining rivoji, kadrlar tayyorlash borasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mahsulidir. Ta'lim-tarbiya jarayonini loyihalashga va uni amalga oshirishga texnologik yondashuv bir necha bosqichdan iboratdir. I bosqich- ta'lim-tarbiya jarayonining umumiy va xususiy maqsad, vazifalarini belgilab olish. II bosqich- natijani bashoratlash, pedagogik psixologik, metodik tasxishlash.